Mantiqiy savollar
1. ”Davlat funksiyasi” va “ davlat siyosati” tushunchalarining farqi nimada?
2. Huquq prinsipi tushunchasi va turlarini izohlang. Mazkur prinsiplarning
huquqning shakillanishidagi ta’sirini misollar yordamida izohlang.
1-mantiqiy savolga javob
«Davlat funksiyalari» atamasi davlatning ijtimoiy vazifalari namoyon
bo‘ladigan faoliyatining asosiy, eng muhim yo‘nalishlarini belgilash uchun
qo‘llaniladi. Bunday faoliyat yo‘nalishlarining eng asosiy maqsadi jamiyatning
barqaror turmush tarzini ta’minlashdan iboratdir. Davlat funksiyalarida davlatning
mohiyati, ijtimoiy rivojlanishi va, eng avvalo, mamlakat aholisining turli-tuman
manfaatlarini qondirish bilan bog‘liq asosiy masalalarni hal etishdagi aniq roli o‘z
ifodasini topadi.
Davlat funksiyalari taraqqiyotning u yoki bu bosqichida jamiyat oldida turgan
asosiy vazifalarga qarab belgilanadi va bu vazifalarni ro‘yobga chiqarishning
vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Davlat vazifalarining mazmuni esa, turli xil
ichki va tashqi omillardan kelib chiqqan holda belgilanadi. Masalan, mamlakat
iqtisodiy hayotidagi tanglik hodisalari davlatning, uning barcha organlarining
kuch-g‘ayratini iqtisodiy vazifalarni hal qilishga jalb etishni talab qiladi.
Jinoyatchilikning o‘sishi esa, davlatni jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish,
jinoyatchilikni keltirib chiqarayotgan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda
ularga barham berish yuzasidan o‘z vaqtida jiddiy amaliy chora-tadbirlar ko‘rishga
majbur etadi. Tashqaridan bo‘ladigan tajovuz davlat mexanizmini mamlakat
aholisini tajovuzni bartaraf etishga tayyorlash uchun safarbar qiladi.
Davlat funksiyalari quyidagi umumiy jihatlar bilan ta’riflanadi:
1. Davlat har bir funksiyasining mazmuni bir yo‘nalishdagi davlat faoliyatidan
tarkib topadi. Davlat faoliyatining o‘xshash tomonlari ular qaysi ijtimoiy
munosabatlarga daxldor bo‘lsa, ana shu munosabatlarning xususiyatidan kelib
chiqqan holda bitta funksiyaga birlashtiriladi.
2. Muayyan faoliyat uchun maxsus tuzilgan ko‘p sonli davlat organlarining
(masalan, moliya vazirligi, xalq ta’limi vazirligi, prokuratura organlarining)
funksiyalaridan farqli o‘laroq, davlat funksiyalari uning faoliyatini butunlay
qamrab oladi. Biroq, bu hol muayyan davlat funksiyalarini amalga oshiruvchi
ayrim organlarning ahamiyatini kamaytirmaydi, chunki mazkur organlar ba’zida
davlatning asosiy vazifalarini hal qilishda yetakchi rol o‘ynaydi. Davlat
funksiyalarini uning ayrim organlari funksiyalaridan farqlash lozim. Agar davlat
funksiyalari u amalga oshiradigan faoliyatning asosiy, ijtimoiy ahamiyatga molik,
butun davlat apparatining ishi bo‘ysundirilgan yo‘nalishlariga javob bersa, ayrim
davlat organlarining funksiyalari hamisha ham davlatning ijtimoiy vazifalari va
mohiyatini ifoda etavermaydi.
3. Davlat funksiyalari kompleks, umumiy tusga ega. Ularda davlatning ichki va
tashqi faoliyatidagi hal qiluvchi, hayotiy muhim yo‘nalishlarga qaratilgan sa’y-
harakatlari qamrab olinadi.
4. Davlat funksiyalarini maxsus vakolatli organlar yoki turli davlat organlarining
tarkibiy tuzilmalari tomonidan amalga oshiriladigan davlat faoliyatidan farqlash
ham zarur. Masalan, jinoyat ishlarini tergov qilish, bojxona nazoratini amalga
oshirish davlat faoliyatining turlari jumlasiga kiradi. Bu faoliyatlar maxsus tashkil
etilgan maxsus davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
5. Davlat funksiyalari bu funksiyalarni ro‘yobga chiqarishning shakllari va
uslublari bilan aynan bir narsa emas. Huquq ijodkorligi, ijroiya-farmoyish berish
va huquqni muhofaza qilish faoliyati – hozirgi zamon davlati funksiyalarini amalga
oshirishning asosiy huquqiy shakllari hisoblanadi. Davlat taraqqiyotning u yoki bu
bosqichida o‘z oldida turgan vazifalarga muvofiq ishontirish, rag‘batlantirish yoki
majbur etishning turli vositalaridan foydalanishi mumkin. Davlatning aniq
funksiyasi esa, davlat hokimiyatini amalga oshirishning mazmuni, shakli va
uslublari davlat faoliyatining muayyan yo‘nalishi bilan uzviy bog‘liqdir.
Davlat funksiyalarini asosiy va asosiy bo‘lmagan funksiyalarga ajratish lozim,
degan fikr ham mavjud. Albatta, bunday ajratish shartli tusga ega bo‘ladi, sababi,
bu borada aniq mezonlar hali ilmiy tarzda belgilanmagan. Muayyan davlatning har
bir funksiyasi shu davlat uchun obyektiv zaruratdir. Davlat faoliyatining barcha
turlari teng darajada muhim, biroq bu fikr, turli bosqichlarda birinchi navbatda
e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olish imkoniyatini
istisno qilmaydi, albatta. Mana shu ustuvor yo‘nalishlar davlatning asosiy faoliyat
yo‘nalishlariga aylanadi.
Hokimiyatlar taqsimlanishi prinsipini mezonlar jumlasiga kiritish va ushbu
prinsip asosida davlat funksiyalarini tasniflash mumkin. Bunda funksiyalar
tegishincha qonun chiqarish (qonun ijodkorligi), boshqaruv, huquqni muhofaza
qilish (shu jumladan, sudlov) va axborot funksiyalariga bo‘linadi. Bunday
tasniflashning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u davlat hokimiyatini ro‘yobga
chiqarish jarayonini, hokimiyatlar taqsimlanishi prinsipini ifodalaydi. Bu
qonunchilik (vakillik), ijro etish, sud hokimiyati tarmoqlari faoliyati bilan bog‘liq
rasmiy tasniflashdir. Shunday bo‘lsa-da, ushbu tasnifdan ilmiy va amaliy
maqsadlarda tez-tez foydalaniladi.
«To‘rtinchi hokimiyat» deb ataluvchi ommaviy axborot vositalari faoliyatini
ko‘rsatuvchi axborot tarqatish vazifasiga alohida e’tibor qaratish lozim. Bu
funksiya ham o‘zining mazmuni, tuzilishi, ta’minlash usullari va vositalariga ega.
Ushbu funksiyaning o‘ziga xos xususiyati quyidagilardan iborat: aholini aniq
maqsadga yo‘naltirilgan axborot bilan ta’minlash, ijtimoiy ongga axborot orqali
ta’sir ko‘rsatish va axborot uzatishning boshqa usullaridan iborat bo‘lib, hokimiyat
barcha tarmoqlarining, butun davlatning amal qilishi va faoliyat ko‘rsatishi uchun
zarur shart-sharoitlar yaratadi.
Umuman olganda, aytish joizki, davlat funksiyalari – davlatning yaxlit, siyosiy,
institutsional, hududiy jihatdan yagona va ayni vaqtda, differensiatsiyalashgan
faoliyati yo‘nalishidir. Shuning uchun davlat nazariyasida davlat funksiyalarini
ichki va tashqi funksiyalarga ajratish, ya’ni davlatning jamiyatga (davlatning o‘zi
ham jamiyatning alohida tashkiloti hisoblanadi) munosabati bo‘yicha (ichki
funksiyalar) va davlat shaklida tashkil topgan boshqa jamiyatlarga, boshqa
davlatlarga nisbatan munosabati (tashqi funksiyalar) bo‘yicha faoliyatini aniqlash
funksiyalarni taqsimlashning g‘oyat keng tarqalgan va e’tirof etilgan usulidir.
Siyosat (arab. ةس اي س (siyasa) - ot tarbiyalash, ot boqish) — davlatni boshqarish
sanʼati. Siyosat biror guruh, jamiyatni boshqarish jarayonidir. Ushbu jarayonda
tegishli guruh vakillari ham qatnashishadi. Bu atama ostida koʻpincha hukumat
faoliyati tushuniladi. siyosat turli ijtimoiy-siyosiy institutlar, ijtimoiy qatlamlar,
tabaqa va guruhlar oʻrtasidagi munosabatlar bilan bogʻliq. Uning mohiyatini davlat
hokimiyati shakllari, uni amalga oshirish va boshqarish tashkil etadi. Siyosat keng
maʼnoda jamiyatning siyosiy tizimi, siyosiy hayoti, davlat hokimiyati, uning ichki
va tashqi faoliyati, siyosiy tashkilotlar va harakatlarning hokimiyatga munosabati,
uni boshqarishda siyosiy manfaatlarni amalga oshirishning ustuvor yoʻnalishlarini
oʻzida ifoda etadi. Shunga koʻra adolatli va adolatsiz, xolis va noxolis, insonparvar
yoki inson manfaatlariga zid siyosat, demokratik va avtoritar siyosat koʻrinishlarini
boshqaruvda kuzatish mumkin.
Qadimda siyosatga jamiyat va shahardavlat (polis)ni boshqarish toʻgʻrisidagi fan
(Platon va Aristotel) sifatida karalgan boʻlsa, hozirgi vaqtda siyosat deganda
davlatni boshkarishning vazifa va maksadlari hamda bu maksadlarni amalga
oshirish uchun mavjud yoki zarur boʻladigan ijtimoiy-siyosiy intlar, jamoat
boshqarishdagi ishtiroki tushuniladi. Amaliy siyosat odamlarning sayovchi,
deputat va vazir va sh.k. sifatida davlat hayotida faol ishtirok etishini anglatadi.
Siyosat oʻz taʼsir etish obyektiga koʻra 2 ga: ichki va tashqi siyosatga boʻlinadi.
Siyosat ijtimoiy hodisa sifatida jamiyat hayoti sohalari: iqtisodiy, ijtimoiy, milliy,
ilmiy-texnikaviy, ekologiya, madaniyat, harbiy va boshqa sohalarni qamrab oladi.
Shu tarzda iqtisodiy siyosat, ijtimoiy siyosat, milliy siyosat, demografik siyosat,
agrar siyosat, texnikaviy siyosat, ekologik siyosat, madaniy siyosat, kadrlar
siyosati, harbiy siyosat va boshqa yoʻnalishlarda namoyon boʻladi. Siyosat
subʼyektlari orqali ham ifodalanadi. Masalan, davlat siyosati, partiyalar va jamoat
birlashmalari va harakatlari siyosati va h.k.
Siyosatni tushunishga turli xil yondoshuvlar bor. Ular teologik, tabiiy, sotsial,
ratsional-tanqidiy yoʻnalishlarda siyosatning tabiatini tushunish va tushuntirish
bilan bogʻliq qarashlardir. Mustabid Sovet davrida siyosatni ijtimoiy-sinfiy nuqtai
nazardan tushunish, uning ustuvor yoʻnalishini belgilashsa muayyan ijtimoiy
qatlam (proletariat) manfaatidan kelib chiqqan holda baholash odat boʻlgan.
Bunday yondoshuv siyosatning mohiyatini noxolisona tushunishga olib keldi va
inson siyosatning passiv obʼyektiga aylantirildi. Natijada inson siyosat bilan emas,
balki siyosat inson bilan shugʻullana boshladi. Oxir oqibatda siyosat sinfiy
manfaatlar asosida haddan tashqari mafkuralashib ketdi. Siyosat demokratik,
umuminsoniy tamoyillardan ajratilib, milliy-maʼnaviy xususiyatlarni hisobga
olmaydigan holga keltirildi, asl mohiyatiga zid boʻlgan maʼno kasb etdi. Siyosat
"boshqarish sanʼati"ga emas, aksincha, zoʻrlik, taʼqib etish vositasiga aylandi.
Davlat boshqaruvida manfaatlar uygʻunligi buzildi. Siyosiy hayotda "davlat —
jamiyat — inson" munosabati qaror topib, davlat manfaati jamiyat va inson
manfaatidan ustun boʻlib qoldi.
Mustaqillik tufayli Oʻzbekiston Respublikasining davlat siyosati yangicha maʼno
va mazmun kasb eta boshladi. Bu siyosat, avvalo, Oʻzbekiston Respublikasining
Konstitutsiyasiga asoslanmoqda. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti,
Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis siyosiy institutlar faoliyati orqali amalga
oshirilmoqda. Mamlakatimizda demokratiyaning umuminsoniy prinsiplariga rioya
qilinishi, ularga koʻra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va
boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Bu hol bugungi Oʻzbekiston
olib borayotgan siyosatning asosiy mohiyatini, uning insonparvar siyosat
ekanligini belgilaydi
Do'stlaringiz bilan baham: |