2 -mantiqiy savolga javob
Huquq prinsiplari, hech mubolag‘asiz, uning mohiyatini ifodalovchi asosiy
jihatlardan birini, asl o‘zagini tashkil etadi. Ular butun huquqiy materiyani –
g‘oyalar, normalar va munosabatlarni qamrab olib, jami huquqiy hayotga muayyan
mantiq, mazmun, ma’no, sobitqadamlik, ichki mutanosiblik hamda uyg‘unlik
baxsh etadi. Yanada aniqroq ta’riflaydigan bo‘lsak, huquq prinsiplarida bamisoli
huquq rivojining butun dunyoviy tajribasi, insoniyat ma’rifiy taraqqiyotining
hosilasi o‘zining mujassam ifodasini topadi. Prinsiplar huquq shakllanishida
yo‘nalish beruvchi mo‘ljal, mezon vazifasini o‘taydi.
Huquq prinsiplari huquqning shakllanish jarayoni, rivojlanishi va hara-
katlanishining rahbariy g‘oyasi, boshlang‘ich qoidasi, yetakchi mezoni sifatida
maydonga chiqadi.
Avvalo qonunda, huquqiy normalarda o‘z tasdig‘ini topadigan huquq prin-
siplari jamiyatning butun siyosiy-huquqiy hayotiga, mamlakat ijtimoiy tizimiga
to‘laligicha singib ketadi. Ular nafaqat huquqning mohiyatini, balki uning maz-
munini tavsiflaydi, uning ichki tuzilishi, statik holati bilan bir qatorda, huquqni
qo‘llash jarayonini, huquq faoliyatining dinamikasini aks ettiradi. Huquq prin-
siplari normativ hujjatlarni tayyorlashning butun jarayoniga, ularni qabul qilish va
chiqarish, huquqiy talablarga rioya etish kafolatlari o‘rnatilishiga nihoyatda katta
ta’sir ko‘rsatadi.
Huquq prinsiplari o‘ziga xos tayanch tuzilma bo‘lib, unga nafaqat huquq
normalari, institutlari yoki tarmoqlari, balki butun huquq tizimi asoslanadi. Mazkur
rahbariy tamoyillar davlat organlarining huquq ijodkorligi, huquqni qo‘llash va
huquqni muhofaza qilish bilan bog‘liq butun faoliyati uchun yo‘naltiruvchi
mash’al bo‘lib xizmat qiladi. Huquqiy tizimning bahamjihatligi, barqarorligi va
samaradorligi ularga rioya etish darajasiga bevosita bog‘liq. Huquq prinsiplari
umummajburiy tusga ega bo‘lganligi sababli ular turli huquq tarmoqlari va
institutlari, normalari va huquqiy munosabatlar, obyektiv hamda subyektiv huquq
o‘rtasidagi ichki birlikni, uyg‘unlik va o‘zaro aloqadorlikni ta’minlashga
ko‘maklashadi.
O‘z mohiyati va tabiati jihatidan huquq prinsiplari tasodifiy emas, balki
jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy tizimi tomonidan bevosita belgilanadi.
Bundan tashqari, ular mazmuniga mamlakatda mavjud davlat va huquq, hukmron
siyosiy va davlat rejimi, jamiyat siyosiy tizimining qurilishi hamda amal qilishi
tamoyillari o‘z ta’sirini o‘tkazadi1.
Yuqoridagi fikr kundek ravshan, uni isbotlashning hojati yo‘q. Zero, aytaylik,
feodal huquqning tuzilishi va harakatlanishi prinsiplari quldorchilik huquqi yoki
hozirgi zamonaviy huquq prinsiplaridan tubdan farq qiladi. Shuningdek, Rim
huquqiga asoslangan hozirgi roman-german huquqining prinsiplari islom dini
arkonlariga asoslangan musulmon huquqi prinsiplaridan farq qilishi barchaga ayon.
Huquq prinsiplari, odatda, bevosita qonun hujjatlarida (konstitutsiya va joriy
qonunlarning muqaddimasida, moddalarida) mustahkamlanadi; ba’zan huquq
normalarining mazmunidan kelib chiqadi.
Huquq prinsiplarining mazmuni, namoyon bo‘lish jabhasi va xususiyatlariga
qarab turli mezonlar asosida tasniflash mumkin. Masalan, huquqning tipi va
harakatlanish ko‘lamiga qarab quldorchilik, feodal, burjua va sotsialistik huquq
prinsiplari haqida gapirish mumkin. Shuningdek, huquq prinsiplari o‘z tabiatiga
ko‘ra ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy, axloqiy, diniy va maxsus-yuridik
turlarga bo‘linadi. Huquqshunoslikka oid adabiyotda umumiy va maxsus, sohaviy
va tarmoqlararo prinsiplar to‘g‘risida fikr-mulohazalar mavjud.
Umumiy huquqiy prinsiplar butun huquqiy tizim asosida turishi bilan
tavsiflanadi. Bu prinsiplar tahlili orqali u yoki bu mamlakat huquqiy tizimining
mazmun-mohiyati, tabiati, xususiyatlari, harakatlanish sifatlari haqida xulosa
chiqarish mumkin. Bunday huquqiy prinsiplar qatoriga quyidagilar kiradi:
Huquqni shakllantirish va amalga oshirishda demokratizm prinsipi. Mazkur
prinsip huquqni yaratish sohasida xalqning, bevosita xalq vakillari bo‘lmish
deputatlarning, jamoat birlashmalari va nodavlat tashkilotlar, siyosiy partiyalar va
fuqarolarning
huquqiy
siyosatni
shakllantirish
hamda
qonun
chilikni
takomillashtirishda keng ishtiroki orqali namoyon bo‘ladi. Huquqni amalga
oshirish jabhasida demokratizm tamoyili huquqni qo‘llovchi va huquqni muhofaza
qiluvchi organlarni tashkil etish va faoliyat yuritish tartibida, dastavval odil
sudlovni amalga oshirish jarayonida, ularning fuqarolarga yaqinligida, aholi uchun
yuridik yordamning realligi darajasida o‘z aksini topadi. Xususan, O‘zbekistonda
keng rivojlanayotgan sud-huquqiy islohotining zaminida ham demokratik jihatlarni
chuqurlashtirish yotadi. Bunda advokatlar mavqeini kuchaytirish, sud jarayonida
prokuror bilan advokatning huquqiy mavqeini tenglashtirish, prokuratura va ichki
ishlar organlari xodimining faoliyatini inson huquqlarini ta’minlash nuqtayi
nazaridan isloh etish kabilar ko‘zda tutiladi. «Jamiyatda demokratiya qay darajada
ekanligini belgilovchi kamida uchta mezon bor. Bular – xalq qarorlar qabul qilish
jarayonlaridan qanchalik xabardorligidir. Hukumat qarorlari xalq tomonidan
qanchalik nazorat qilinishi, oddiy fuqarolar davlatni boshqarishda qanchalik
ishtirok etishidir. Ana shu uch sohada haqiqiy siljishlar bo‘lmas ekan, demokratiya
haqidagi hamma gap-so‘zlar yo xalqqa xushomad qilish yoki oddiy siyosiy o‘yin
bo‘lib qolaveradi»1.
Qonuniylik prinsipi. Huquq ijodkorligi jarayoni subyektlari tomonidan
normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini tayyorlash, muhokama etish, qabul qilish va
nashr etish qonunlar, avvalo, Konstitutsiya asosida amalga oshiriladi. Qonuniylik
tamoyilining asosiy ma’nosi shundaki, qonun chiqaruvchi organ – parlamentning
ham, huquq ijod etuvchi boshqa organlarning ham faoliyati qonun asosida qat’iy
amalga oshirilishi lozim.
Sudlov jarayoni hamda huquqni amalga oshirishda ish ko‘radigan barcha
davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyati ham batamom qonunga mos
ravishda bo‘lishi talab etiladi. Mazkur faoliyatda qonuniylik prinsipi barcha
mutasaddi organlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolarning xatti-harakatida
qonunga itoat etish, uning talabiga og‘ishmay rioya qilishda namoyon bo‘ladi.
Qonuniylik umumiylik va yagonalik sifatlari bilan tavsiflanadi. Qonunga itoat etish
barcha subyektlar uchun umumiy talabdir. Ayni vaqtda, qonundagi har bir qoida
huquqiy munosabatning barcha ishtirokchilari uchun yagona talab sifatida
maydonga chiqadi. Boshqacha aytganda, qonun ustuvor va butun mamlakat
hududida yagonadir. U bir xilda tushunilishi va bir xilda bajarilishi lozim.
Insonparvarlik prinsipi. Buning ma’nosi shundaki, huquq jamiyat – inson –
davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va tartibga solishda adolat,
insonni sevish, shaxsni e’zozlash va uning sha’nini qadrlash, unga hayot kechirish
uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berish nuqtayi nazaridan kelib chiqadi.
Huquqning insonparvarligi qonunchilik hujjatlarida mustahkamlangan ijtimoiy
tuzumning shaxs uchun qulay iqtisodiy shart-sharoitlar, imtiyozlar yaratishini
nazarda tutadi.
Fuqarolarning qonun oldida tengligi prinsipi. O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasining 18-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida barcha
fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini,
ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeidan qat’iy nazar, qonun
oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonun bilan belgilab qo‘yiladi hamda ijtimoiy
adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart. Mazkur prinsip quyidagi jihatlar bilan
tavsiflanadi. Birinchidan, mamlakatda barcha fuqarolar teng holat va maqomga
egaligi. Davlat o‘z qonunlari bilan fuqarolarga bir xil sharoit va teng imkoniyatlar
yaratib beradi. Hamma bir xil huquq va majburiyatlarga ega. Biroq, ulardan
foydalanish amalda turlicha bo‘ladi. Masalan, birov oliy o‘quv yurtiga kiradi,
boshqa fuqaro esa, bu huquqdan foydalanmaydi. Ikkinchidan, bu prinsip
umumfuqaroviy huquqlarning tengligida ifodalanadi. Bu huquqlar, avvalo,
Konstitutsiyada va boshqa qonunlarda mustahkamlanadi. Bular fuqarolarning
saylov huquqi va saylanish huquqi, mehnat qilish huquqi, bilim olish huquqi,
tibbiy yordamdan foydalanish huquqi, turar joyga, xususiy mulkka ega bo‘lish
huquqi va hokazolar. Uchinchidan, bu prinsip fuqarolarning qonun oldida birdek
mas’ulligida ifodalanadi. Qonunni buzgan har bir fuqaro, har bir mansabdor shaxs
(shu jumladan, yuridik shaxs) istisnosiz o‘z qilmishi uchun javob berishi shart.
Davlat va shaxsning o‘zaro mas’ulligi prinsipi. Davlat bilan shaxs bir-biri
bilan muayyan huquq va majburiyatlar orqali bog‘liq bo‘lishi lozim. Bu
demokratik siyosiy tizim va adolatli davlat boshqaruvining muhim talablaridan
biridir. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ana shu talab o‘z ifodasini
topgan: «O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo‘lgan
huquqlari va burchlari bilan o‘zaro bog‘liqdirlar. Fuqaroning Konstitutsiya va
qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir, ulardan sud
qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas» (19-
modda). Ayni vaqtda, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar
oldida mas’uldirlar.
O‘z navbatida, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga qat’iy itoat etishlari,
jamiyat manfaatlariga muvofiq ish tutishlari, boshqa kishilarning huquqlari,
erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari, qonun bilan belgilangan
soliqlarni to‘lashlari lozim. Fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga
oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari,
huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart (20-modda). Basharti, bir
tomondan, davlat, davlat organlari va mansabdor shaxslar, ikkinchi tomondan,
fuqarolar o‘z zimmalaridagi qonuniy majburiyatlarini buzsalar, tegishli yuridik
javobgarlik kelib chiqadi. Bunday hollarda fuqaro davlat oldida, davlat esa (o‘z
mansabdor shaxslari va organlari orqali) fuqaro oldida qonunda belgilangan
majburiyatlarni bajaradi. Mazkur yuridik munosabat hamda aloqadorlik huquqiy
davlat barpo etishning zaruriy shartidir. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu yerda gap «davlat
suvereniteti» va «shaxs suvereniteti»ning o‘zaro dialektik aloqadorligi, bog‘liqligi
xususida bormoqda.
Umumiy huquqiy prinsiplar qatoriga, shuningdek, ijtimoiy adolat, teng
huquqlilik, huquq va majburiyatlar birligi, huquqning ustuvorligi kabilar ham
kiradi.
Maxsus yuridik prinsiplar aslida huquqiy tilda ifodalangan ijtimoiy
prinsiplardir. Odatda, ilmiy adabiyotda maxsus-yuridik prinsiplar toifasiga
quyidagilar kiritiladi:
1) huquq normalarining butun mamlakat aholisi uchun umumiy-majburiyligi
hamda ularning boshqa ijtimoiy normalardan ustuvorligi;
2) amaldagi obyektiv huquqni tashkil etuvchi normalarning ziddiyatsizligi va
qonunning boshqa normativ-huquqiy hujjatlardan ustunligi;
3) huquqning ommaviy va xususiy huquqqa, nisbatan mustaqil huquq sohalari
hamda institutlariga bo‘linishi;
4) obyektiv va subyektiv huquq o‘rtasida, huquq normasi va huquqiy
munosabat hamda huquq bilan huquqning qo‘llanishi o‘rtasida muvofiqlikning
mavjudligi prinsipi;
5) ijtimoiy erkinlik, qonun va sud oldida tenglik, teng huquqlilik prinsipi;
6) qonunda mustahkamlangan huquq va erkinliklarning yuridik kafolat-
langanligi;
7) teng yuridik mezon (miqyos)larda ifodalangan xulq-atvorning adolatliligi
hamda yuridik javobgarlikning sodir etilgan huquq buzilishiga mosligi;
8) yuridik javobgarlikning faqat huquqqa xilof aybli xatti-harakat (yoki
harakatsizlik) uchungina qo‘llanilishi va Konstitutsiyaga binoan jinoyat sodir
etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi qonuniy tartibda sudda ko‘rilib,
uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmasligi; aybsizlik prezumpsiyasi
prinsipi (26-modda);
9) yangi yoki nisbatan og‘irroq yuridik javobgarlikni o‘rnatayotgan qo-
nunning orqaga qaytish kuchiga ega emasligi prinsipi; jazolash tizimini inson-
parvarlashtirish va boshqalar.
Tarmoqlararo huquqiy prinsiplar ikki yoki undan ortiq huquq tarmoqlari
doirasida amal qiladigan prinsiplardir. Ko‘pincha bunday prinsiplar bir-biriga
yaqin turuvchi huquq sohalarini qamrab oladi (masalan, konstitutsiyaviy va
ma’muriy huquq sohalari; jinoyat-protsessual va fuqarolik protsessual huquqi
sohalari uchun umumiy bo‘ladigan prinsiplar). Masalan, moddiy javobgarlik
prinsipi mehnat huquqi, fuqarolik huquqi, oila huquqi sohalarida qo‘llaniladigan
tamoyil. Faqat ayb uchun javobgarlik prinsipi esa, Jinoyat kodeksi hamda
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarning moddalarida aks ettirilgan. Bu
prinsip fuqarolik qonunchiligida ham asosiy dasturilamallardan biri hisoblanadi1.
Aybsizlik prezumpsiyasi prinsipi ham tarmoqdararo xususiyatga ega. U jinoyat
huquqi, ma’muriy huquq, jinoyat-protsessual huquqi va boshqa tarmoqlarda
qo‘llaniladi.
Sohaviy huquqiy prinsiplar faqat bitta muayyan huquq sohasi doirasida amal
qiladi. Masalan, yer huquqi uchun «yerga egalik qilish shakllarining ko‘pligi va
ularning tengligi» prinsipi, «yerning fuqarolik muomalasida bo‘lishi» prinsipi, «yer
ustidan davlat boshqaruvini amalga oshirish» prinsipi, «yerda mustaqil xo‘jalik
yuritish va yerdan foydalanuvchi subyektlarning tengligi» prinsipi, «yerdan
maqsadga muvofiq foydalanish, yerdan foydalanganlik uchun haq to‘lanishi»
prinsipi va hokazolar.
Yana bir misol. Xo‘jalik protsessual huquqida quyidagi prinsiplar rahbariy
rol o‘ynaydi: sudyalarning saylab qo‘yilishi, ularning mustaqilligi va faqat
qonunga bo‘ysunishi prinsipi; ishlarni ko‘rishda kollegiallik va yakkabosh-
chilikning qo‘shib olib borilishi prinsipi; ishlarni ko‘rishda oshkoralik prinsipi;
ishda qatnashayotgan taraflarning tengligi prinsipi; nizolarni ko‘rishda bahs
lashish, og‘zakilik va bevositalik prinsiplari. Har bir huquq sohasi umumiy va
tarmoqlararo prinsiplarga tayanishdan tashqari faqat o‘zigagina xos prinsiplarga
ham asoslanadi. Bu prinsiplarning barchasi birgalikda nafaqat huquq sohasi, balki
butun huquq tizimining tuzilishi va harkatlanishi uchun zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |