Ma’muriy huquq
Kazuslar
Jizzax viloyati hokimining 2020 yil 25 martdagi 98-son qarori bilan tasdiqlangan viloyat hududiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan viloyat shtabi qarorlariga muvofiq Jizzax shahriga 2020 yil 28 mart soat 00.01dan boshlab kirish va chiqish to‘xtatildi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi, Milliy gvardiya, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bilan Jizzax shahriga kirish chiqishni nazorat qilish uchun qo‘shimcha yo‘l-patrul xizmati statsionar postlari va blok postlar tashkil etadi. Jizzax shahriga kiruvchi va chiquvchi shaxslarda koronavirus infeksiyasi alomatlarini aniqlash bo‘yicha majburiy tibbiy nazorat o‘rnatiladi. Bundan norozi bo‘lgan Jizzax viloyati, Jizzax shaxri “Istiqlol” ko‘chasi 16 uyda yashovchi fuqaro L.Ikromov viloyat hokimining qarori uning konstitutsion huquqini buzayotganligini vaj qilib sudga murojaat qilishini maʼlum qildi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Maʼmuriy rejimni joriy etish asoslarini tahlil qiling.
Ushbu vaziyatda L.Ikromovning talablari to‘g‘rimi?
Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan mamlakatda transport-logistika tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilganda, sohada erishilayotgan yutuqlar qatorida ayrim muammolar ham borligini ko‘rsatgan. Jahon bankining «Logistika samaradorligi indeksi”da O‘zbekiston 160 ta davlat orasida 99-o‘rinda bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich mamlakatimizning eksport salohiyatini oshirishiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotganligi, shuningdek, O‘zbekiston hududida yuk va yo‘lovchi tashishning asosiy qismi avtotransport orqali amalga oshirilib, avtotransport yo‘llarning sifatsizligi hamda xalqaro standartlarga javob bermasligi xalqaro tashuvchilarning mamlakat bo‘ylab harakatlanishiga salbiy taʼsir o‘tkazayotganligi aniqlandi. Shu sababli, transport vaziri Ilhom Mahkamovga “Mamlakatning eksport salohiyatini oshirish uchun transport-logistika tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning holati to‘g‘risida”gi Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Davlat boshqaruvida qonuniylikni taʼminlashda parlament nazoratining ahamiyatini tahlil qiling.
Parlament so‘rovi yuborish tartibini tahlil qiling.
Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan aholining turmush darajasini yaxshilash, bandligini taʼminlash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlarning muammolarini hal etish borasida Navoiy viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarning holati o‘rganildi. O‘rganish davomida tadbirkorlik subʼektlari tomonidan xorijdan import qilingan tovarlarni erkin bojxona rejimiga chiqarishda agentlik sertifikatlarini olish uchun o‘rtacha 10-15 kun kutilayotganligi, Xorijdagi aynan bir yetkazib beruvchidan tovarlar import qilganda bir xil tovarga qayta-qayta sertifikat talab qilinayotganligi, agentlikning sinov laboratoriyalarida majburiy sertifikatsiya qilinadigan import tovarlarning muvofiqligini o‘rganishda yetarli laboratoriya jihozlari, hududlarda maxsus sinov laboratoriyalari mavjud emasligi aniqlandi. Bundan tashqari, «O‘zstandart” agentligi tomonidan tadbirkorlik subʼektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlarning ayrim turlari muammo tug‘dirayotgani maʼlum bo‘ldi. Shundan kelib chiqib, Qonunchilik palatasining 2020 yil 21 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan kun tartibiga kiritilgan «O‘zstandart” agentligi bosh direktoriga «Import mahsulotlarini bojxona tekshiruvidan o‘tkazish tizimini yanada qulaylashtirish maqsadida viloyatlarda agentlikning maxsus laboratoriyalarini tashkil etish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘rovi yuborish masalasi deputatlar tomonidan ko‘rib chiqildi va maʼqullandi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Davlat boshqaruvida qonuniylikni taʼminlashda parlament nazoratining ahamiyatini tahlil qiling.
Parlament so‘rovi yuborish tartibini tahlil qiling.
2020 yil 15 may kuni Toshkent shahar o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi xodimlari A.Soliyev va B.Olimov “OLTIN FOOD” MChJning bino va inshootini o‘simliklar karantini nazoratidan o‘tkazish va fitosanitar holatini tekshirish uchun bordi. “OLTIN FOOD” MCHJ raxbari K.Saidov inspeksiya xodimlaridan mazkur tekshirish Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinganligini so‘radi va o‘ziga tekshirish haqida xabarnoma kelmaganligi maʼlum qildi. Inspeksiya xodimlari Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi texnik nosozlik sababli ishlamayotganligini va nosozlik bartaraf etilishi bilan ushbu tekshirish haqida maʼlumotlarni tizimga kiritib qo‘yishlarini maʼlum qildi. “OLTIN FOOD” MCHJ raxbari K.Saidov inspeksiya xodimlariga qarshilik qildi va ularning harakatlari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga shikoyat qilishini maʼlum qildi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Davlat boshqaruvida qonuniylikni taʼminlashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning rolini tahlil qiling.
Toshkent shahar hokimining 2020 yil 16 sentyabrdagi 59-son qaroriga asosan Mirobod tumani Nukus shoh ko‘chasida 24-uy (ko‘pqavatli) oldidagi bolalar maydonchasi xususiy tadbirkorga mavjud binolarni taʼmirlash hamda o‘ziga tegishli hududning 0,04 gektar qismida qo‘shimcha maʼmuriy va maishiy xizmat ko‘rsatish majmuasi qurishga ruxsat berilgan. Hokimning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan Mirobod tumani Amir Temur shoh ko‘chasi 24-uyda istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolar Toshkent shahar prokuraturasiga murojaat qildi. Toshkent shahar prokuraturasi Toshkent shahar hokimining qarori shaharsozlikka oid qonun hujjatlari talablariga zid hisoblab, protest keltirdi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Yuqoridagi vaziyatda maʼmuriy hujjatni aniqlang. Shuningdek, kazusda davlat boshqaruvida qonuniylikni taʼminlashning qanday turlari amalga oshirilganligini va ularning ahamiyatini amaliy misollar yordamida tahlil qiling.
Urgut tuman hokimining 2009 yil 26 dekabrdagi 1379-Q-son qaroriga asosan “Karim Xoji” fermer xo‘jaligiga sobiq “Mingchinor” shirkat xo‘jaligi konturidagi yer maydonidan 47 yil muddatga 5,9 gektar uzumzor, 0,8 gektar yo‘l va uvvotlar, jami 6,7 gektar qo‘shimcha yer maydoni ijaraga ajratib beriladi. Shundan so‘ng fermer xo‘jaligining jami yer maydoni 18 gektarga yetadi. 2016 yilda esa, “Karim Xoji” fermer xo‘jaligidan unga qarashli 677, 657 k, 675, 658, 481, 480, 669, 1371, 660, 661, 1375 va 1376 raqamli dala konturlaridagi 9,9 gektar uzumzor, 1,1 gektar yo‘l va uvvotlar, jami 11 gektar yer maydoni uning roziligisiz tuman hokimligi zaxirasiga olib qo‘yiladi. Zaxiraga olingan yer maydoni tuman hokimining 2016 yil 14 maydagi 2016-K-son qarori bilan uzumchilik yo‘nalishida fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun Turg‘un Ochilovga 42 yil muddatga ijaraga beriladi. Bu qarordan norozi bo‘lgan “Karim xoji” fermer xo‘jaligi raxbari D.Tillayev tuman hokimining 2016 yil 14 maydagi 2016-K-son qarorini bekor qilishni so‘rab maʼmuriy sudga murojaat qildi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Ushbu vaziyatda maʼmuriy hujjatlarni aniqlang va ularga qo‘yilgan talablarni tahlil qiling.
Kazusda maʼmuriy tartib-taomillarning qaysi prinsiplari buzilganligini yoriting.
Ushbu holatda maʼmuriy sud qanday harakatlarni amalga oshirishi lozimligini ayting.
Buxoro viloyati Olot tumani “Ko‘rkam” mahalla fuqarolar yig‘ini “Buxoro” ko‘chasida yashovchi fuqaro D.Keldiyev tuman hokimining qaroridan norozi bo‘lib Olot tuman adliya bo‘limiga murojaat qildi. Murojaat mazmuniga ko‘ra Olot tuman “Dugoh” mahalla fuqarolar yig‘ini “Chexra” ko‘chasida joylashgan umumiy yer maydoni 605,00 kv.m., bino-inshoot egallagan yer maydoni 85.46 kv.m. bo‘lgan Xunarmandchilik ustaxonasi va avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shaxobchasi bino-inshooti “Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri” DK Olot tuman filialida 2019 yil 1 avgust kuni 6/1418 tartib raqam bilan davlat ro‘yxatiga olingan. Mazkur bino-inshoot joylashgan yer maydoni va oldingi masjidi binosi Olot tuman hokimining 2010 yil 15 yanvar kungi “Tumandagi norasmiy masjid sifatida ro‘yxatga olingan binolar va yer maydonlarni uy-joyga muxtoj kam taʼminlangan oilalarga yashash va uy-joy solish hamda ishlab chiqarish korxonalarini tashkil qilish uchun ajratib berish haqida”gi 16-Q-son qaroriga asosan fuqaro D.Keldiyevga ajratib berilgan. Lekin fuqaro D.Keldiyevga mazkur qaror bilan ajratib berilgan yer maydoni va masjid binosi, Olot tumanidagi norasmiy masjidlarni qayta xatlovdan o‘tkazish yuzasidan tuzilgan tuman hokimligining ishchi guruhi tomonidan hududlarda o‘tkazilgan xatlov natijasi bo‘yicha tuman hokimligiga kiritilgan bildirgi asosida qabul qilingan Olot tuman hokimining 2017 yil 6 mart kungi 189-Q-sonli qarori bilan tuman zaxirasiga qaytarib olingan. Mazkur qaror qabul qilinishidan oldin fuqaro D.Keldiyev belgilangan tartibda ogohlantirilmagan hamda Yer resurslari va davlat kadastri Olot tuman bo‘limi tomonidan tuman hokimligiga yer maydonini olib qo‘yish haqida taqdimnoma kiritilmasdan ishchi guruh bildirgisi asosida qaror qabul qilingan. Bundan tashqari, Olot tuman hokimining 2017 yil 6 mart kungi 189-Q-sonli qarori davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi uchun kadastr korxonasiga taqdim etilmagan.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Ushbu vaziyatda maʼmuriy hujjatlarni aniqlang va ularga qo‘yilgan talablarni tahlil qiling.
Kazusda maʼmuriy tartib-taomillarning qaysi prinsiplari buzilganligini yoriting. Shuningdek, davlat boshqaruvida qonuniylikni taʼminlashda adliya organlarining rolini tahlil qiling.
Paxtaobod tumani hokimining 2019 yil 5 avgustdagi 5685-K-son qaroriga asosan “Orom” MChJga tumandagi Turkiston massivi 205-q-konturi hududida “Bolalar oromgohi” tashkil etish uchun tuman hokimligi zaxira fondidagi 1 gektar yer maydonida joylashgan bino va inshootlari doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berilgan. Jamiyatning ko‘chmas mulk obʼektiga bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi Paxtaobod tumani filiali tomonidan tegishli tartibda ryestrga kiritilgan. Shunga qaramasdan Paxtaobod tumani hokimining 2020 yil 5 noyabrdagi 738-K-son qaroriga asosan, tuman hokimining yuqorida qayd etilgan, yaʼni bino va inshootlarni berish to‘g‘risidagi 2019 yildagi 5685-sonli qarori bekor qilingan. Tuman hokimining qaroridan norozi bo‘lgan “Orom” MCHJ raxbari S.Qorayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilga murojaat qildi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Yuqoridagi vaziyatda maʼmuriy hujjatni tahlil qiling.
Davlat boshqaruvida qonuniylikni taʼminlashda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning rolini tahlil qiling.
2021 yilning 1 aprel sanasida KUN.UZ sayti murojaatlar bilan ishlash bo‘limiga Xorazm viloyati Xazorasp tumani "Namuna" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi bir guruh fuqarolar nomidan xat kelib tushdi. Xatda bayon qilinishicha, hududda 10 ta tadbirkorlik subʼekti faoliyat yuritadi hamda 120 ta oila istiqomat qiladi. Aholi tomonidan bir necha bor hokimlikka yer ajratish, kommunal xizmatlarni ko‘rsatish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq muammolar bilan murojaat qilingan. Ammo ularni bartaraf etishga doir choralar ko‘rilmayapti.KUN.UZ ning masʼul muhbirlari ishtirokida mazkur hududga borib o‘rganish olib borilganida tuman hokimligi hodimlari yuqorida nazarda tutilgan holatlar yuzasidan jurnalistlar savollariga javob berishdan bosh tortdilar. To‘plangan maʼlumotlar jamlangan xolda xulosa shaklida tegishli organga taqdim etildi. Davlat organi KUN.UZ tomonidan bunday tekshiruvni, so‘rovni o‘tkazish qonunchilikka ko‘ra mumkin emasligini bildirdi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Ommaviy maʼmuriyat faoliyatida qonuniylikni taʼminlash usullari hamda shakllarini tushuntiring.
Qonun hujjatlari asosida yuqorida berilgan vaziyatni taxlil qiling.
2021 yilning 12 aprel sanasida arizachi Oltinbek Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudiga shikoyat arizasi bilan murojaat qildi. Unda aytilishicha, Oltinbek o‘zi yoqtirgan qizi Nargiza bilan nikohni rasmiylashtirish maqsadida (ikkalalari ham hozirda Toshkent shahrida taʼlim olishmoqda) Yunusobod tumani FHDYO organiga murojaat qilishgan. FHDYO organi mudirasi ularni nikohdan o‘tkazishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bunga sabab qilib esa, Oltinbek va Nargizalar boshqa boshqa viloyatdan ekanliklari hamda nikohni qayd etish ariza beruvchilardan birining doimiy yashash manzilidagi FHDYO organiga berilishi kerakligini keltirgan. Bundan norozi bo‘lgan Oltinbek Maʼmuriy sudga FHDYO organi mansabdor shaxsining xatti-harakatini qonunga xilof deb topishni va qarorni haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Ommaviy-huquqiy nizolarni maʼmuriy sudlar tomonidan hal yetilish tartibi va xususiyatlarini tushuntiring.
Qonun hujjatlari asosida javob bering.
Singapur davlatining nufuzli biznes vakillaridan biri sanalgan “321” Kompaniyasi rahbari Ben Badr O‘zbekiston Respublikasi Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan “Angren EIZ” hududida o‘z biznes rejalarini amalga oshirish istagini bildirdi. Hududni yaxshilab tekshirib chiqqach, kerakli hujjatlarni direksiyaga topshirdi. Respublika miqyosida ko‘rib chiqilgan hujjatlarga ijobiy xulosa berilib, qaror chiqarildi. Investor bilan investitsiya shartnomasi imzolanadigan bo‘ldi. Investitsiya sharnomasida majburiy shart sifatida mehnat kuchining 90 foiz qismi mahalliy fuqarolar bo‘lishi belgilab qo‘yilgan edi.
Mazkur jihat investorning rejalarini qisman o‘zgartirishga sabab bo‘ldi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Maʼmuriy aktni qabul qilish protsedurasini taxlil qiling.
Maʼmuriy shartomaning xususiyatlaridan kelib chiqib, yuqorida nazarda tutilgan shartnomani izohlang.
Oldindan tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan Olimtoy o‘z omadini boshqa sohalarda ham sinab ko‘rish maqsadida 2021 yil yanvar oyidan boshlab aholiga xizmat ko‘rsatish uchun “Sahovat” restoranining faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Dastlabki 4 oy davomida doimiy mijozlarga, shuningdek juda yaxshi obro‘ga ega bo‘lib, foyda miqdori ham o‘sa boshladi.
Joriy yilning 18 aprel kunidan eʼtiboran quyidagi cheklovlar joriy etildi:
• bog‘cha, maktab, kollej, litsey va Otmlarda kasallanish holati aniqlangan taqdirda, ular zudlik bilan 2 haftaga karantinga olinadi;
• karantin nazorati kuchaytiradi, jarimalar qo‘llaniladi;
• umumiy ovqatlanish muassasalarida o‘rinlar 50 foizgacha cheklanadi, biroq 100 kishidan oshmasligi nazorat qilinadi;
• avtobuslarda o‘rindiqlar 50 foizgacha cheklanadi, avtobuslar soni ko‘paytiriladi;
• ko‘chma brigadalar shakllantiriladi;
• dori-darmonlar zaxirasi yaratiladi.
Mazkur cheklovlar Olimtoyning foydasini keskin kamayishiga olib keldi. Shu munosabat bilan, Olimtoy bunday qarorga kelinishi ko‘plab tadbirkorlarning manfaatlariga zid ekanligini bildirib, Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasini sudga berdi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Maʼmuriy rejimlar va ularning o‘ziga xos xususiyatlarini yoritib bering.
Mavjud qonunchilik normalari asosida taxlilni amalga oshiring.
Qanoatova Sitoraning turmush o‘rtog‘i Mudofaa vazirligida harbiy xizmatni o‘tayotgan paytda vafot etdi. Turmush o‘rtog‘i vafot etganda ularning ikki o‘g‘il hamda bir qiz farzandi bor edi. Maktabda o‘qituvchilik qilib kelayotgan va oilani tebratib kelayotgan Qanoatova o‘g‘illaridan birini uylantirmoqchi bo‘ldi. Unga uy qurish uchun yer uchastkasi olish maqsadida Tuman hokimligiga murojaat qildi. Tuman hokimi unga 0.04 gektar miqdoridagi yer uchastkasini yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun 88-son qarori bilan berdi. Qurilish boshlanib, uy-joyning poydevori tiklanagan paytda (2021-yil mart oyida) tuman hokimining qarori bilan noqonuniy tarzda o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylarni buzish haqida ko‘rsatma berildi. Bu qaror asosida tumanda mavjud o‘zboshimchalik bilan qurilgan uy-joylar ro‘yxati shakllantirildi. Mazkur ro‘yxatda fuqaro Qanoatovaning ham uy-joyi kiritilganligi aniqlandi. Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida hokimlikka murojaat qilgan Qanoatovaga hozirgi kunda uy-joy qurish uchun er uchastkasi auksion asosida berilayotganligi, Qanoatova esa hech qanday auksionda ishtirok etmasdan yerga ega bo‘lganligini, bu esa uning hujjati haqiqiy emasligini isbotlashi aytildi. Qanoatova norozi bo‘lib yuqori turivchi hokimlikka murojaat qildi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Maʼmuriy aktning qonuniyligini va amal qilishi muddatini tushuntiring.
Qonunchilik normalari asosida vaziyatni huquqiy taxlil qiling.
Toshkent tumanlararo maʼmuriy sudida Yunusobod tuman hokimining fuqaro Tillayevaga nisbatan uy-joyga nisbatan bo‘lgan mulk huquqini bekor qilish to‘g‘risidagi qarorini haqiqiy emas deb topish haqidagi ish ko‘rib chiqildi. Ish materiallari hamda to‘plangan dalillardan maʼlum bo‘lishicha tuman hokimi qaror qabul qilish chog‘ida qonunchilik normalarining mazmuniga hamda fuqaro Tillayevaning ijtimoiy holatini inobatga olmagan. Shu bilan birga, mulk huquqini bekor qilish asosi aniq keltirilmagan. Shunga qaramay, sudning hal qiluv qarori bilan arizachi Tillayevaning talabini qanoatlantirish rad etildi. Mazkur vaziyatda hal qiluv qaroridan norozi bo‘lgan tuman prorkurori protest keltirdi va tuman hokimiga nisbatan taqdimnoma kiritdi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Ommaviy maʼmuriyat faoliyatida qonuniylikni taʼminlash shakllari hamda usullarini taxlil qiling.
Prokuror nazoratining va prokuror nazorati hujjatlarining xususiyatlarini yoritib bering.
2021 yil uchun tasdiqlangan davlat dasturida Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududini kompleks rivojlantirish, ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini yaxshilash, hududda yangi dam olish maskanlarini yaxshilash maqsadida davlat budjetidan 4.7 trln so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi. O‘tgan 4 oylik muddat davomida qilingan ishlar, amalga oshirilgan loyihalar hamda davlat budjeti mablag‘larining sarflanishi yuzasidan Oliy Majlis tomonidan o‘rganish amalga oshirildi. Nazorat natijalariga ko‘ra, tuman hokimi tomonidan belgilangan loyihalarning amalga oshirilishi orqaga surib kelingan va mazkur loyihaalr uchun mo‘ljallangan davlat budjeti mablag‘lari boshqa maqsadlarda sarflangan. Aniqlangan holatlar hamda kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan Parlament tomonidan qaror qabul qilindi. Mazkur qaror ijro etilishi uchun hokimlikka taqdim etildi. Hokimlik mutasaddilari ushbu qaror majburiy kuchga ega emas, tavsiyaviy xarakterda deb, ijro qilishdan bosh tortdi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Parlament nazoratining mamuni, mohiyati, natijalari, turlarini yoritib bering.
Ommamiy maʼmuriyat faoliyati ustidan Parlamanet nazoratining o‘ziga xos xususiyatlarini taxlil qiling.
Fuqaro Alpomishov lombardlik faoliyati bo‘yicha litsenziya olib, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida Markaziy Bankka kerakli hujjatlar bilan 2020 yilning 28 dekabr sanasida murojaat qildi. Markaziy Bank tomonidan arizachining hujjatlari o‘rganib chiqilayotgan paytda qonunchilikka o‘zgartirish kiritilib, mazkur faoliyat uchun litsenziya olish talab etilmasligi nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Mazkur o‘zgarish arizachiga maʼlum qilinib, unga lombardlik faoliyati uchun endilikda litsenziya olish talab etilmasligi haqida tushuntirish berildi. Arizachi Markaziy Bank mening arizamni rad etdi, litsenziya berishdan bosh tortdi degan vaj bilan Markaziy Bank ustidan maʼmuriy sudga murojaat qildi.
Vaziyatga huquqiy baho bering.
Qonun normalari asosida taxlil qiling.
O‘zbekiston Respublikasida ruxsat berish tizimini hamda tadbirkorlik faoliyatida litsenziyalash sohasidagi qonunchilik o‘garishlarini tushuntirib bering.
Fikringizni amaliy misollar bilan bayon qiling.
Toshkent shahar hokimi o‘rinbosariga bir guruh tadbirkorlar murojaat qilib, tungi vaqtda ularga tegishli bo‘lgan tashqi reklama obʼektlari tuman hokimligi mutasaddilari tomonidan hech qanday asossiz buzib tashlanayotganini, ushbu obʼektlar o‘zlariga mulk huquqi bilan tegishli ekanligini va reklama obʼektlari bo‘yicha barcha hujjatlari mavjudligini, mutasaddilarning xatti-harakati qonun talabiga zid bo‘layotganini taʼkidlashdi. Shahar hokimi o‘rinbosari esa mazkur tadbirlar 2020 yil 20 fevralda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 104-sonli «Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi qarori 2-bandining «ye” kichik bandiga muvofiq, qaror qabul qilingunga qadar qonuniy ravishda o‘rnatilgan barcha tashqi reklama obʼektlarini qaror talablariga moslashtirish uchun 6 oy muddat berilganini va shu muddatda belgilangan talablarga moslashtirilmagan reklama obʼektlari o‘rnatilgan tartibda olib tashlanyapganligini (demontaj qilinishi) taʼkidladi. Tadbirkorlar ularga hech qanday ogohlantirish (muddat) berilmagani aytib, agar hokimiyat ogohlantirish bergan bo‘lsa ogohlantirilganliklari to‘g‘risida qayd etilgan hujjatni ko‘rsatishni talab qildilar. Shahar hokimining o‘rinbosari ogohlantirish og‘zaki bo‘lganini aytib, agar biror-bir tadbirkor qo‘lida hamma kerakli xulosa va hujjatlari bo‘la turib, uning mulki buzib tashlanayotgan bo‘lsa, u albatta hukuq-tartibot idoralariga murojaat qilishi mumkinligini tushuntirdi.
Vaziyatga huquqiy baho bering. “Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonun hujjatlari doirasida tahlil qiling.
Uychi tumani hokimligining 2018 yil 9 iyuldagi 812-son qarori bilan Uychi tumani 1-sonli umumtaʼlim maktabi hududidan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti uchun yer maydoni ajratiladi va Uychi tuman prokuraturasining 2018 yil 25 sentyabrdagi 18-sonli protestiga asosan tuman hokimligining 2018 yil 1 noyabrdagi 1229-sonli qarori bilan ushbu yer maydoni ajratish bo‘yicha tuman hokimligining 2018 yil 9 iyuldagi 812-son qarori bekor qilinadi. Biroq, Namangan viloyati prokuraturasining 2018 yil 5 dekabrdagi 91-sonli protestiga asosan Uychi tumani hokimligining 2018 yil 1 noyabrdagi 1229-sonli qarorini bekor qilish va tuman hokimligining 2018 yil 9 iyuldagi 812-sonli qarorini tiklash bo‘yicha tuman hokimligining 2018 yil 13 dekabrdagi 1397-sonli qarori qabul qilinadi. Mazkur qarorni tiklash davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq taʼlimi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018 yil 5 senyabrdagi PQ-3931-son Qarorining 10-bandiga asosan Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishilmaganligi hamda ushbu yer maydonini ajratish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida vakolatli organlar xulosalari inobatga olinmaganligini asos qilib keltirib Namangan viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi Uychi tuman hokimining 13.12.2018 yildagi 1397-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘rab Uychi tumani maʼmuriy sudiga murojaat qiladi.
Mazkur vaziyatga huquqiy baho bering. Ommaviy maʼmuriyat faoliyatida qonuniylikni taʼminlashda prokuratura nazoratining tutgan o‘rni doirasida tahlil qiling.
“PARAMON” MChJga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 fevraldagi “Toshkent shahrida qurilish va obodonlashtirish ishlarini borishi to‘g‘risida”gi 45-sonli sayyor yig‘ilish bayonnomasiga asosan Toshkent shahar Chilonzor tumani, 24-mavze, 16-uy oldida joylashgan temir garajlarni buzish va yetkazilgan zararni o‘rnatilgan tartibda qoplash sharti bilan, tarkibida yordamchi bino va savdo majmuasi joylashgan ko‘p qavatli avtoturargoh qurish uchun maydoni 0,20 gektarli yer doimiy foydalanish uchun ajratilishi belgilandi. Ushbu bayonnomaning ijrosini taʼminlash maqsadida Chilonzor tuman hokimining 2018 yil 23 martdagi 342-sonli qarori bilan “PARAMON” MChJga Toshkent shahar Chilonzor tumani, 24-mavze, 16-uy oldida joylashgan temir garajlarni buzish va yetkazilgan zararni o‘rnatilgan tartibda qoplash sharti bilan tarkibida yordamchi bino va savdo majmuasi joylashgan ko‘p qavatli avtoturargoh qurish uchun maydoni 0,20 gektarli yer (chegara rejasiga muvofiq) doimiy foydalanishga ajratib berildi. 2018 yil 16 dekabrda Chilonzor tumani prokurori tomonidan mazkur qaror noqonuniy qabul qilingani bois, uni bekor qilish haqida protest kiritildi. Protestda, “PARAMON” MChJga Chilonzor tuman hokimining 23.03.2018 yildagi 342-sonli qarori bilan Toshkent shahar Chilonzor tumani, 24-mavze, 16-uy oldida joylashgan 0,20 gektarli yer maydonini doimiy foydalanishga ajratib berishda, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 26 fevraldagi sayyor yig‘ilish bayonining 2-ilovasida Chilonzor tumani 24-mavze,16-uy oldida 0,20 gektarli yer maydoni ajratilishi nazarda tutilgan bo‘lsada, shaharsozlik normalari va qoidalarining 2.07.01-03 qismi 21.1 bandiga zid ravishda boshqa yer maydoni ajratilgani, “Charog‘on” mahallasida yashovchi aholi bilan ushbu hududda yordamchi bino va savdo majmuasi joylashgan ko‘p qavatli avtoturargoh qurish rejasi keng muhokama qilinmagani, ushbu obʼektni haqiqatdan ham zarurligi haqida fuqarolar fikri olinmagani, qurilish loyihasi va investor haqida tegishli maʼlumotlar to‘planib, keng aholi eʼtiboriga yetkazilmagani vaj qilib keltirildi. Chilonzor tuman hokimiyati tomonidan Chilonzor tumani prokurorining tuman hokimining 2018 yil 23 martdagi 342-sonli qarorini bekor qilish haqidagi protesti mazkur qaror bilan yerdan foydalanish huquqi belgilangan manfaatdor “Paramon” MChJning ishtirokisiz, Chilonzor tumani prokurorining protesti nusxasi manfaatdor shaxsga taqdim etilmagan holda, bir taraflama va tegishli tartibda bayonnoma yuritilmagan holda ko‘rib chiqilib tuman hokimining 2019 yil 15 yanvardagi qarori bilan tuman hokimining 2018 yil 23 martdagi 342-sonli qarori bekor qilinadi.
Vaziyatga huquqiy baho bering. “Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun asosida tahlil qiling.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30 maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarni anlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3755-sonli Qaroriga muvofiq fuqaro A. O‘zbekistan Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasida tashkil etilgan “Taraqqiyot” Respublika tanlovida ishtirok etadi. Tanlov veb-portali orqali fuqaro A.ning jo‘natgan hujjatlari tanlov shartlariga mos kelganligi, uning anketalarida ishtirokchilarga qo‘yilgan talablarga zid holatlar aniqlanmaganligi tufayli, dastlabki to‘rt bosqichdan yuqori natijalar bilan o‘tgadi. Komissiya tomonidan “Soliq va bojxona sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi” nomenatsiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan navbatdagi “Yozma tahliliy material bosqichi” natijalari eʼlon qilinganidan so‘ng, fuqaro A. rahbarlik lavozimlarida ishlamagan nomzod sifatida tanlov ishtirokchilari ro‘yxatidan chiqariladi. Fuqaro A. bundan norozi bo‘lib, Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha “Taraqqiyot” Respublika tanlovini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha komissiyaning uni tanlov ishtirokchiligidan chiqarishda ifodalangan xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topib, Komissiya zimmasiga uni tanlovda ishtirok etish huquqlarini tiklash majburiyatini yuklashni so‘rab Chilonzor tumani maʼmuriy sudga murojaat qiladi. Chilonzor tumani maʼmuriy sudi, “Taraqqiyot” Respublika tanlovini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha komissiyasi maʼmuriy organ emasligi, shunga ko‘ra fuqaro A.ning shikoyatda keltirgan talablari maʼmuriy sudning sudloviga taalluqli emasligini asos qilib, shikoyatni ish yurituviga qabul qilishni rad etish haqida ajrim chiqaradi.
Vaziyatga huquqiy baho bering. Maʼmuriy huquqiy munosabat, manfaatdor shaxs va maʼmuriy organlarni aniqlang. “Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonun va boshqa qonun hujjatlari asosida tahlil qiling.
21. Arizachi “BGP Inc. 2022-yil 2-aprel kuni China National Petroleum Corporation” oimiy muassasasi Sudga ariza bilan murojaat qilib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasining 2021-yil 20-apreldagi 03-218-1827-sonli xulosasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining ishchi guruh tomonidan 2021-yil 20-aprelda xulosa qilinib, unda bojxona to‘lovlaridan berilgan imtiyozlar noto‘g‘ri berilganligi sababli Bojxona kodeksining 348-moddasiga asosan undirish belgilanganligini ta’kidlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasining 2021-yil 20-apreldagi 03-218-1827-sonli xulosasini haqiyqiy emas deb topishni so’ragan. Biroq, sud mazkur ish bo‘yicha ariza predmeti Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasining ishchi guruh tomonidan 2021-yil 20-aprelda tuzilgan xulosa bo‘lib, ushbu xulosa ma’muriy hujjat emasligini va ushbu xulosani haqiyqiy emas deb topishda ma’muriy sud predmetiga taalluqli emasligini va shikoyat keltirish muddati o’tkazib yuborilganligini ta’kidlab arizani qanoatlantirishni rad etadi. Vaziyatga huquqiy baho bering.
22. Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Sh.ning Davlat xizmatlari markaziga bergan arizasi asosida unga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi ruxsatnoma berildi. Biroq ruxsatnomada ko‘rsatilgan tadbirkorlik faoliyati arizachi tomonidan ma’muriy organga berilgan arizada nazarda tutilgan tadbirkorlik faoliyati sohasidan farqli tarzda bayon etilganligini guvohi bo‘ldi. Fuqaro unga nisbatan chiqarilgan ma’muriy hujjat yuzasidan ma’muriy shikoyatni qonun hujjatlariga muvofiq ma’muriy shikoyatlarni ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan yuqori turuvchi ma’muriy organga taqdim etdi. Ma’muriy organ shikoyat berish muddati o‘tib ketganligi vaji bilan uni qabul qilishni rad etdi. Fuqaro esa ma’muriy organga 10 kun davomida xorijda safarda bo‘lganligini aytib, xizmat safari uchun chiqarilgan buyruq nusxasini taqdim etdi. Vaziyatga huquqiy baho bering.
23. Toshkent shahar, Shuxrat koʼchasidagi 54-uy fuqaro D.Shukurovga tegishli boʼlib, u 2019 yil 15 aprelda vafot etgan.Uning vafotidan keyin qolgan yuqorida koʼrsatilgan mol-mulkka nisbatan merosxoʼrlar topilmaganligi sababli, mazkur xonadon qarovsiz qolib ketgan.2021 yilning avgust oyida shahar hokimligi vakili ishtirokida oʼtkazilgan mahalla fuqarolar yigʼini majlisida D.Shukurovga tegishli boʼlgan uyning ancha vaqtdan buyon qarovsiz holda ekani aytildi.Bundan boxabar boʼlgan shahar hokimi D.Shukurovga tegishli boʼlgan uyni egasiz mulk deb topish hamda uni davlat hisobiga oʼtkazish haqida qaror qabul qildi. Toshkent shahar hokimining qaroridan norozi boʼlgan fuqarolarning oʼzini oʼzi boshqarish organi raisi tuman maʼmuriy sudiga ariza bilan murojaat qildi.Tuman maʼmuriy sudi arizani oʼrganib chiqdi va ish maʼmuriy sudning sudloviga taalluqli emas deb hisoblab arizani qabul qilib olishni rad etdi. Vaziyatga huquqiy baho bering.
24. Fuqaro D. Toshkent shahar Yakkasaroy tuman hokimiyatiga ariza bilan murojaat qilib, unda Toshkent shahar “Muruvvat uyi”da yashab kelayotgan 1970 yil 11 sentyabr kuni tugʼilgan akasi muomala layoqati cheklangan А.ga nisbatan uni vasiy etib tayinlashni soʼraydi.Tuman hokimining 2019 yil 21 yanvardagi 1550-sonli xati bilan Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 22 sentyabrdagi 269-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʼzbekiston Respublikasida vasiylik va homiylik toʼgʼrisida”gi nizomga koʼra Muruvvat uyida istiqomat qilayotgan muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilishni taʼminlashni tashkil etishda faqat yordam koʼrsatishlari belgilanganligini, nizomning 2-bandida, vasiylik va homiylik faoliyati sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb eʼtirof etilgan fuqarolarga nisbatan - tuman, shahar tibbiyot birlashmalari tomonidan amalga oshirilishini arizachiga maʼlum qilinadi. Fuqaro D. Toshkent shahar Yakkasaroy tuman hokimiyati mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari harakatlari gʼayriqonuniy deb topish va tuman hokimiyati zimmasiga uni akasi А.ga vasiy etib tayinlash majburiyatini yuklatishni soʼrab maʼmuriy sudga murojaat qiladi. Birinchi instantsiya sudi, arizachining shikoyatda keltirgan talabi maʼmuriy sudning sudloviga taalluqli emasligi, fuqarolik sudining sudloviga taalluqli ekanligi toʼgʼrisida xulosaga kelib, shikoyatni qabul qilishni rad etishni lozim topadi. Vaziyatga huquqiy baho bering.
25. Xalq ta'limi vazirligi bo'lim boshlig'i F. ga tegishli buyruq asosida o'n kun muddatga boshqa bir bo'lim boshlig'ining vazifalarini ham bajarib turish yuklandi. Bundan norozi bo'lgan F. boshqarma boshlig'iga shikoyat qilib tegishli uning zimmasiga qo'shicha vazifani yuklash bo'yicha buyruq qabul qilinishida uni eshitilmagani, u bilan hech kim hisoblashmagani va bu bilan “Ma'muriy tartib-taomilar to'g'risida”gi qonun talablariga zid ekanligini xatti-harakat qilinganini bayon qildi. Vaziyatga huquqiy baho bering.
26. Uychi tumani hokimligining 2018 yil 9 iyuldagi 812-son qarori bilan Uychi tumani 1-sonli umumta'lim maktabi hududidan nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti uchun yer maydoni ajratiladi va Uychi tuman prokuraturasining 2018 yil 25 sentyabrdagi 18-sonli protestiga asosan tuman hokimligining 2018 yil 1 noyabrdagi 1229-sonli qarori bilan ushbu yer maydoni ajratish bo'yicha tuman hokimligining 2018 yil 9 iyuldagi 812-son qarori bekor qilinadi.Biroq, Namangan viloyati prokuraturasining 2018 yil 5 dekabrdagi 91-sonli protestiga asosan Uychi tumani hokimligining 2018 yil 1 noyabrdagi 1229-sonli qarorini bekor qilish va tuman hokimligining 2018 yil 9 iyuldagi 812-sonli qarorini tiklash bo'yicha tuman hokimligining 2018 yil 13 dekabrdagi 1397-sonli qarori qabul qilinadi. Mazkur qarorni tiklashda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta'limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida” 2018 yil 5 senyabrdagi PQ-3931-son Qarorining 10-bandiga asosan Xalq ta'limi vazirligi bilan kelishilmaganligi hamda ushbu yer maydonini ajratish maqsadga muvofiq emasligi to'g'risida vakolatli organlar xulosalari inobatga olinmaganligini asos qilib keltirib Namangan viloyati xalq ta'limi boshqarmasi Uychi tuman hokimining 13.12.2018 yildagi 1397-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni so'rab Uychi tumani ma'muriy sudiga murojaat qiladi. Vaziyatga huquqiy baho bering.
27. Yoshlarni sportga jalb etish va ularning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida Yunusobod tuman hokimligi tomonidan Yunusobod tumani joylashgan mahallalar yoshlari o'rtasida futbol o'tkazilishi vaqtida “Minor” va “Xusniobod” mahallasi futbolchilari o'rtasida kelishmovchilik kelib chiqdi va bu o'zaro yoshlarning ommaviy mushtlashib ketishiga olib keldi. Mazkur vaziyatda ushbu turnirda jamoat tartibini saqlashga mas'ul etib tayinlangan ichki ishlar xodimi ommaviy mushtlashuvni bartaraf etib futbol turnirini o'tkazishni to'xtatish bo'yicha buyruq berdi. Ushbu buyruqdan norozi bo'lgan futbol turniri tashkilotchilari ichki ishlar organi xodimining buyrug'i ustidan yuqori turuvchi organga shikoyat qildilar. Ular o'z shikoyatlarida ichki ishlar organi xodimining futbol turnirini to'xtatish buyicha bergan buyrug'i “Ma'muriy tartib-taomillar to'g'risida”gi qonunning mutanosiblik prinsipi talabiga zid ekanligini asos qilib keltirdilar. Vaziyatga huquqiy baho bering.
28. Fuqaro D. yakka tartibda uy-joy qurish bo'yicha loyiha-smeta hujjatlarini kelishish uchun yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali talab etilgan barcha hujjatlarni ilova qilgan holda vakolatli organga yubordi. Vakolatli organ fuqaro D.ning murojaatini ko'rib chiqib, undan qo'shimcha hujjatni (er uchastkasining qishloq xo'jaligi maqsadida foydalanilishi yoki foydalanilmasligi to'g'risida tegishli organning ma'lumotnomasi) taqdim etishi lozimligini ko'rsatgan holda uning murojaatini qanoatlantirishni rad etdi. Vaziyatga huquqiy baho bering.
29. Toshkent viloyati Adliya boshqarmasi Toshkent tumanlararo mʼmuriy sudga murojaat qilib, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 apreldagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni va PQ-3666-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi to‘g‘risidagi Nizomga asosan mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, eʼlon qilish va manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkazishning belgilangan tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi hamda tashkilotlardagi huquqiy amaliyotni barqarorlashtirish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish tuman adliya bo‘limlarining asosiy vazifasi hisoblanishini, shunga asosan, tuman adliya bo‘limi tomonidan tuman hokimligining qabul qilgan qarorlari qonunchilikka muvofiqligi “e-qaror” elektron tizimi orqali o‘rganishi natijasida bir qator qonunchilik hujjatlari buzilishga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanganligini inobatga olib, “Toshkent tumani hokimining 2021 yil 30 sentyabrdagi Toshkent tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni 2022 yilda ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash to‘g‘risida”gi 216-10-212-Q/21-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishni so‘ragan. Vaziyatga huquqiy baho bering.
30. Shahrisabz tuman Yuqumli kasalliklar shifoxonasi boshlig‘i B.Sanayev Qarshi tumanlararo maʼmuriy sudga murojaat qilib, Shahrisabz shahar hokimining 2019 yil 25 dekabr kunidagi X-3076/12–sonli qaroriga asosan Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar shifoxonasi hududidan fuqaro S.Achilovga davlat xususiy sherikchilik asosida ijtimoiy “Tibbiy diagnostika” binosini qurish maqsadida 200 kv.metr yer maydoni ajratilganligi, shahar hokimi tomonidan yer ajratishga asos sifatida davlat xususiy sherikchilik bitimi asos qilingan bo‘lsa-da, S.Achilov hamda Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida bitim tuzilmaganligi, shahar hokimligi tomonidan yer ajratishda Sog‘liqni saqlash vazirligi roziligi olinmaganligi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 apreldagi PQ3677-sonli qaroriga asosan yer ajratish 2018 yil 1 iyuldan boshlab yuridik va jismoniy shaxslarga tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalarini doimiy foydalanishga berish “E-Ijro Auksion” orqali amalga oshirilishi belgilanganligi, biroq tadbirkor yer maydonini auksionsiz olganligi, bundan tashqari Shahrisabz shahar hokimligi X-3076/12–sonli qarorni qabul qilishda Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasi bilan kelishilmaganligini bildirib, arizani qanoatlantirishni so‘radi. Vaziyatga huquqiy baho bering.
31. Fuqaro T.Tatashev Navoiy tumanlararo maʼmuriy sudiga ariza bilan murojaat qilib, o‘z shikoyat arizasida unga tegishli bo‘lgan uy-joy bino inshootlari va yer maydoni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganligini, Xatirchi tuman hokimining qaroriga asosan davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilgan uy-joy bino inshootlari va yer maydoni uchun unga 0,06 ga yer uchastkasi ajratib berilganligini, shundan so‘ng yer ajratishda qonun normalari buzulgan deb Xatirchi tumani prokuraturasi tomonidan protest keltirilganligini, Xatirchi tuman hokimining 06.09.2019 yildagi 7380-sonli qarori bilan unga yer ajratish to‘g‘risidagi qaror protestga asosan bekor qilinganligini, hamda fuqaro T.Tatashevga tuman hokimining 7380-sonli qarori qabul qilinishi to‘g‘risida umuman xabar berilmaganligini va hozirgi kunda unga tegishli bo‘lgan 0,06 ga yer uchastkasi Fuqaro S.Salomovga tadbirkorlik uchun ajratilganligini maʼlum qilib tuman hokimining 06.09.2019 yildagi 7380-sonli qarorini haqiqiy emas deb topishini so‘radi. Vaziyatga huquqiy baho bering.
32. Arizachi A. ma'muriy sudga ariza bilan murojaat qilib, Urganch shahri bo'yicha IIO FMB mansabdor shaxslarining yo'l harakati belgisini o'zlaring ichki hujjatlari asosida o'rnatishda ifodalangan harakatlarini qonunga xilof deb topish va Urganch shahri bo'yicha IIO FMB zimmasiga Urganch shahar P.Maxmud ko'chasidan Nukus ko'chasiga kirishda yo'lning o'ng tarafiga o'rnatilgan 3.27 “To'xtash ta'qiqlanadi” yo'l belgisini olib tashlash majburiyatini yuklashni so'radi. Vaziyatga huquqiy baho bering.
33. 2020 yil 21 mart kuni KUN.UZ internet nashri tomonidan Andijon viloyati Oltinko'l tumani markazidan oqib o'tuvchi kanal “ekologik halokatli” holatdaligi to'g'risida maqola e'lon qilinadi. Maqola va videolavhada Oltinko'l tumani hududidan oqib o'tuvchi Ulug'nor kanaliga yaqin hududda faoliyat yurituvchi «KONTEKS» korxonasi o'z chiqindilarini oqizishi oqibatida suv o'zanida «ekologik halokatli» holat yuzaga kelgani yoritilgan. Maqolada yozilishicha “Tuman markazidan oqib o'tuvchi kanalning suvi bir kun qizil, bir kun ko'k rangda boshqa paytlarda esa turli ranglarga bo'yalib oqmoqda. Daryo suvining rangi hududdagi, “KONTEKS” trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonasining bo'yoq sexida matolarning qaysi rangga bo'yalishiga bog'liq. “KONTEKS” korxonasi ishlab chiqarish jarayonida vujudga keladigan, katta ehtimol bilan ekologiya uchun zararli bo'lgan chiqindilarni korxona yonidan oqib o'tuvchi kanalga oqizib yuboryapti. Oqibatda, daryodagi baliqlar, boshqa suv jonivorlari, suvda yashovchi bori tirik organizmlar qirilib ketmoqda. Bundan besh yil oldin ham bu daryoda baliqning 15ga yaqin turi, ondatra va qisqichbaqalar uchrar edi. Hozirda esa ular deyarli yo'q bo'lib ketgan.”Maqoladan xabar topgan Andijon viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi shu kunning o'zida ishchi guruh yuboradi va ishchi guruh tomonidan tomonidan 21 mart kuni «KONTEKS» jamiyatining bo'yoq sexi faoliyati 10 kunga to'xtatilib, bo'yoq ishlab chiqarish sexidan hosil bo'layotgan chiqindi suvlarni belgilangan talab darajasiga keltirish bo'yicha majburiy ko'rsatmalar berildi va tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek, korxona rahbari Andijon viloyati Ekologiya boshqarmasi tomonidan qo'yilgan talablar to'liq bajarilganidan so'ng bo'yoq sexi faoliyatini ishga tushirish bo'yicha ogohlantiriladi. Korxona rahbari rangli bo'yoq chiqindisini 2 kunda bartaraf etishi mumkinligini, faoliyatini 10 kunlik muddatga to'xtatish uning korxonasiga ko'p zarar keltirishini bildirib yuqori organga shikoyat qildi. Vaziyatga huquqiy baho bering.
34. Toshkent viloyati Toshkent tuman hokimiyati hamda “GREEN AGRO” fermer xo'jaligi o'rtasida 2015 yil 8 oktyabrdagi fermer xo'jaligi tomonidan 2013 yil 21 maydagi 175-sonli qaror asosida tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasiga ko'ra Toshkent tumani Alpomish qishloq fuqarolar yig'ini hududida mavjud bo'lgan 55 ga. yer maydonidan arizachi “GOLD AGRO BEST” fermer xo'jaligi 30 yil muddatga berilgan ijara huquqi asosida foydalanib keladi. Keyinchalik 2018 yil 6 yanvarda Toshkent tuman fermer, dehqon xo'jaliklari, tomorqa egalari kengashi tomonidan, “GREEN AGRO” fermer xo'jaligining 2014-2017 yillar davomidagi faoliyati tahlil qilinib, fermer xo'jalik tomonidan ajratilgan yer uchastkasi belgilangan tartibda foydalanilmayotgani, agrotexnik tadbirlar o'tkazilmasligi oqibatida, dala yer maydoni tashlandiq holatga kelgani, fermer xo'jaligi rahbari tuman rahbarlari ishtirokida o'tkazilayotgan yig'ilishlarda muntazam ravishda ishtirok etmasligi holatlari aniqlanib, bu xususida dalolatnoma tuziladi.Yuqorida qayd etilgan dalolatnomada ko'rsatilgan holatlar Toshkent tuman hokimligi huzuridagi Yer uchastkalarini ajratish (realizatsiya qilish) masalalarini ko'rib chiqish komissiyasi tomonidan ko'rib chiqilib, Komissiyaning 2018 yil 18 yanvardagi yig'ilish bayonnomasi asosida, “GREEN AGRO” fermer xo'jaligi bilan tuzilgan uzoq muddatli yer ijara shartnomasini muddatidan avval bekor qilish haqida xulosa berish va “GREEN AGRO” fermer xo'jaligining foydalanishida bo'lgan yer maydonlarini tuman zaxira yerlari hisobiga qaytarish yuzasidan xulosa berish haqida qaror qabul qilinadi. Komissiya tomonidan ish ko'rib chiqilishida “GREEN AGRO” fermer xo'jaligi rahbari Yer uchastkalarini ajratish (realizatsiya qilish) masalalarini ko'rib chiqish komissiyasi rahbarining unga nisbatan adovati borligi, undan yerni tortib olib o'zining yaqin do'stiga olib bermoqchiligini, “Fermer, dehqon xo'jaliklari, tomorqa egalari kengashi” tomonidan asossiz ma'lumotlarga tayanib dalolatnoma tuzilganini ta'kidlashiga inobatga olinmasdan va majlis bayoniga kiritilmasdan majlis xulosasi to'g'risidagi qaror tasdiqlatlishi uchun Xalq deputatlari Toshkent tuman Kengashiga yuboriladi.Shunga ko'ra, Toshkent viloyati Toshkent tuman hokimining 2018 yil 27 yanvardagi 175-sonli qarori bilan, Xalq deputatlari Toshkent tuman Kengashining 2018 yil 23 yanvardagi 12/6 sonli qarori ma'lumot va ijro uchun qabul qilinib, Toshkent tuman hokimligi va “GREEN AGRO” fermer xo'jaligi o'rtasida 20 ga sug'oriladigan yerlar, 0,35 ga. yaylov va o'tloq, 0,30 ga ariq, kanal va zovurlar, 0,05 ga. yo'llar, 0,20 ga. boshqa yerlarga nisbatan uzov muddatli ijaraga olish shartnomasi bekor qilinadi. Vaziyatga huquqiy baho bering.
35. Toshkent shahar Olmazor tumani Nurafshon mahallasida yashovchi bir guruh fuqarolar koʼp qavatli uylarning oldidagi qurilishdan norozi boʼlishdi. Quruvchi tashkilot taqdim etgan hujjatda (Olmazor tuman hokimi qarori) qurilishni Nurafshon mahallasidagi 180-uy va MTM oʼrtasida boshlashga ruxsat berilgan. Qurilish esa 180-uy emas, 18-«А» uy biqinida boshlangan edi. Dorixona qurilishi olib borilayotgan mazkur yer koʼp qavatli uyda yashovchilarning maʼraka marosimlarini oʼtkazadigan boʼsh joy boʼlgan. Daraxtlar soya qilib turgan bu yerdan koʼp qavatli uylarda yashaydigan oilalar farzandlari bolalar maydonchasi sifatida foydalanishgan. Murojaatchilar quruvchidan nega ruxsat berilmagan yerga qurilish qilayotgani haqida soʼrashganida, ular hokim qarorini 12 kun ichida oʼzgartirib kelishlarini iddao qilishgan. Vaziyatga huquqiy baho bering.
36. Fuqaro D.ning 2019 yil 11 fevraldagi arizasiga koʼra byudjetdan tashqari pensiya jamgʼarmasi tuman boʼlimi tomonidan pensiya tayinlanadi. 2021 yil byudjetdan tashqari jamgʼarmasining nazorat qiluvchi tuzilmasi tomonidan tuman byudjetdan tashqari pensiya jamgʼarmasi tuman boʼlimining faoliyati tekshiriladi va tekshirish natijasi boʼyicha maʼlumotnoma rasmiylashtiriladi va tasdiqlanadi. Maʼlumotnomada fuqaro D.ga nisbatan pensiya tayinlashda u tomonidan taqdim etilgan ish staji boʼyicha hujjatlarning haqqoniyligiga shubha borligi bayon etiladi. Mazkur maʼlumotnoma asosida nazorat organining qarori qabul qilinadi va ushbu qarorda tekshirish natijasida aniqlangan fuqaro D.ga nisbatan 10 mln soʼm ortiqcha toʼlangan pensiya pulini fuqarodan undirish koʼrsatiladi. Mazkur qaror asosida byudjetdan tashqari pensiya jamgʼarmasi tuman boʼlimi tomonidan fuqaro D.ga nisbatan tayinlangan pensiya qayta hisoblanib, ortiqcha toʼlangan summani qaytarish toʼgʼrisida qaror qabul qilinadi. Bundan norozi boʼlgan fuqaro oradan 2 oy oʼtgach maʼmuriy sudga murojaat qiladi. Vaziyatga huquqiy baho bering.
37. Fuqaro J. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 30-maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarni anlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3755-sonli Qaroriga muvofiq O‘zbekistan Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi Akademiyasida tashkil etilgan “Taraqqiyot” Respublika tanlovida ishtirok etadi. Tanlov veb-portali orqali fuqaro J.ning jo‘natgan hujjatlari tanlov shartlariga mos kelganligi, uning anketalarida ishtirokchilarga qo‘yilgan talablarga zid holatlar aniqlanmaganligi tufayli, dastlabki to‘rt bosqichdan yuqori natijalar bilan o‘tadi. Komissiya tomonidan “Soliq va bojxona sohasidagi eng yaxshi boshqaruvchi” nomenasiyasi bo‘yicha o‘tkazilgan navbatdagi “Yozma tahliliy material bosqichi” natijalari e'lon qilinganidan so‘ng, fuqaro J. rahbarlik lavozimlarida ishlamagan nomzod sifatida tanlov ishtirokchilari ro‘yxatidan chiqariladi. Fuqaro J. bundan norozi bo‘lib, Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish bo‘yicha “Taraqqiyot” Respublika tanlovini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha komissiyaning uni tanlov ishtirokchiligidan chiqarishda ifodalangan xatti-harakatlarini g‘ayriqonuniy deb topib, Komissiya zimmasiga uni tanlovda ishtirok etish huquqlarini tiklash majburiyatini yuklashni so‘rab Chilonzor tumani ma'muriy sudga murojaat qiladi. Chilonzor tumani ma'muriy sudi, “Taraqqiyot” Respublika tanlovini o‘tkazishni tashkil etish bo‘yicha komissiyasi ma'muriy organ emasligi, shunga ko‘ra fuqaro A.ning shikoyatda keltirgan talablari ma'muriy sudning sudloviga taalluqli emasligini asos qilib, shikoyatni ish yurituviga qabul qilishni rad etish haqida ajrim chiqaradi. Vaziyatga huquqiy baho bering.
38. Barlos tuman hokimining 2019 yil 11 fevralь kungi 863-sonli qarori bilan “ShERZOD JOʼRАEV” bogʼdorchilik yoʼnalishidagi fermer xoʼjaligiga tuman xokimligi zaxirasidagi 632, 633-konturdan qoʼshimcha 6,0 gektar yer maydoni uzoq muddatga ajratib beriladi va fermer xoʼjaligining umumiy yer maydoni jami 11,0 gektar, shundan 10,0 gektar koʼp yillik daraxtzor, 1,0 gektar issiqxona yer maydoni etib belgilangan. Sh.Joʼraev boshchiligidagi “ShERZOD JOʼRАEV” fermer xoʼjaligi va tuman hokimligi oʼrtasida uzoq muddatli yer ijara shartnomasi tuzilib, mazkur yer ijara shartnoma 26.07.2019 yilda 777-son bilan kadastr organidan roʼyxatdan oʼtkaziladi. “ShERZOD JOʼRАEV” fermer xoʼjaligiga jami 11,0 gektar yer maydon 31 yil muddatga ijara huquqi asosida davlat roʼyxatidan oʼtkazilib, bu haqda kadastr organidan XX 000001 raqamli guvohnoma beriladi. “ShERZOD JOʼRАEV” fermer xoʼjaligi tomonidan 2019 yil mart oyida ushbu yerga Turkiyadan gilos koʼchatlari olib kelib oʼtqaziladi. Barlos tuman hokimining 10.09.2019 yildagi 5706-sonli qarori bilan tuman hokimining 11.02.2019 yildagi 863-sonli qarori tuman prokurorining 09.09.2019 yildagi 02-2-20-sonli protestiga asosan bekor qilinadi. Protestda tuman hokimligi tomonidan “ShERZOD JOʼRАEV” fermer xoʼjaligiga qoʼshimcha 6,0 gektar suvli yer maydoni ajratish toʼgʼrisidagi qarori Oʼzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasi 1-qismi 6-bandi va 45-moddasi talablari buzilganligini qayd etib, tuman hokimining 11.02.2019 yildagi 863-sonli qarorini bekor qilish soʼralgan edi. Biroq, Barlos tuman hokimligi tomonidan tuman prokurorining qayd etilgan protestida koʼrsatilgan qonun buzilishi holatlariga “ShERZOD JOʼRАEV” fermer xoʼjaligiga qoʼshimcha 6,0 gektar yer maydoni ajratish toʼgʼrisidagi 11.02.2019 yildagi 863-sonli qarorini qabul qilishda yoʼl qoʼyilgan yoki qoʼyilmaganligi toʼlaqonli aniqlanmasdan, shuningdek fermer xoʼjaligi rahbari xabardor qilinmasdan, uning ishtirokisiz 10.09.2019 yildagi 5706-sonli qaror bilan protest qanoatlantirilib, 11.02.2019 yildagi 863-sonli qarori toʼliq bekor qilinadi. Bundan 2020 yil 15 mart kuni fermer xoʼjaligi rahbari xabar topadi va maʼmuriy sudga murojaat qiladi. Vaziyatga huquqiy baho bering.
39. Arizachi “BOY OTA” MCHJ javobgarlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga nisbatan maʼmuriy sudga ariza bilan murojaat qilib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining “Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona to‘lovlariga tuzatishlar kiritishni to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi yuriqnomani tasdiqlash haqida” 2017 yil 8 fevraldagi 01-02/8-3-sonli qarorini (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2017 yil 14 martda 2867-son bilan ruyxatga olingan) haqiqiy emas deb topishni so‘raydi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi vakili S. ariza yuzasidan bildirilgan yozma fikrda arizani qanoatlantirishni rad etish so‘raydi. Sud majlisida “BOY OTA” MCHJ direktori Z.ning vakili B. arizani quvvatlab, Davlat bojxona qo‘mitasining “Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona to‘lovlariga tuzatishlar kiritishni to‘ldirish tartibi tug‘risidagi yuriqnomani tasdiqlash haqida” 2017 yil 8 fevraldagi 01-02/8-3-sonli qarori “Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq emasligini bildirib, uni haqiqiy emas deb topishni so‘raydi.O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi vakili S. ariza yuzasidan o‘z eʼtirozlarini bildirib, Davlat bojxona qo‘mitasining 2020 yil 2 oktabrdagi 01-02/8-50-sonli qarori bilan 2017 yil 8 fevraldagi 01-02/8-3-sonli qaror o‘z kuchini yuqotgan deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 4 noyabrda 2867-1-son bilan ro‘yxatga olinganligini, arizachi protsessual qonun bilan belgilangan muddatda sudga murojaat qilmasdan uzrsiz sabablarga ko‘ra, ariza berish muddatini o‘tkazib yuborganligini bildirib, arizani qanoatlantirishni rad etishni so‘raydi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi bosh maslahatchisi V. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining “Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona to‘lovlariga tuzatishlar kiritishni to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi yuriqnomani tasdiqlash xaqida”gi 2017 yil 8 fevraldagi 01-02/8-3-sonli qarori “Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonundan oldin qabul qilinganligini, qonun 2019 yil yanvardan eʼtiboran kuchga kirganligini va orqaga qaytish kuchiga ega emasligini, ushbu qarorni Qonun bilan bog‘lash kerak emasligini bayon etib, arizani kanoatlantirishni rad etishni so‘raydi.O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi boshqarma katta prokurori O. “BOY OTA” MChJning O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining “Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona to‘lovlariga tuzatishlar kiritishni to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida” 2017 yil 8 fevraldagi 01-02/8-3-sonli qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi arizasini asossiz bo‘lganligi uchun rad kilish haqida fikr bildiradi. Sudlov hayʼati ishda ishtirok etuvchi shaxslar vakillarining tushuntirishini, prokurorning fikrini tinglab, ariza va yozma fikrda keltirilgan vajlarni muhokama qilib, ishdagi hujjatlarni o‘rganib chiqib, quyidagi asoslarga ko‘ra, arizani qanoatlantirishni rad etishni lozim topadi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan 2017 yil 8 fevralda qabul qilingan “Tovarning bojxona qiymatiga va (yoki) bojxona to‘lovlariga tuzatishlar kiritishni to‘ldirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash hakida”gi 01-02/8-3-sonli qarori O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017 yil 14 martda 2867-son bilan ro‘yxatga olingan.
2. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 4 noyabrda 2867-1-son bilan ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona Qo‘mitasining 2020 yil 2 oktabrdagi 01-02/8-50-sonli qarori bilan 2017 yil 8 fevraldagi 01-02/8-3-sonli qaror o‘z kuchini yuqotgan deb topilgan.
3. O‘zbekiston Respublikasining qabul qilingan 2018 yil 8 yanvardagi “Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi O‘RQ-457-sonli Qonuni rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran o‘n ikki oy o‘tgach, yaʼni 2019 yil 9 yanvardan boshlab kuchga kirgan.
4. “Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi Qonun nizolashilayotgan qarordan keyin qabul qilingan bo‘lib, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 31-moddasining birinchi qismiga muvofik, orqaga qaytish kuchiga ega emas va amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan ijtimoiy munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
Mazkur vaziyatga huquqiy baho bering. Arizani qanoatlantirishni rad etish asoslarini, moddiy va protsessual normalarning qo‘llanishini tahlil qiling.
40.
Yashnobod tumani Go‘zal mahalla fuqarolar yig‘ini binosiga kirish yo‘li 2018 yil 12 may kuni Yashnobod tumani hokimining 879-S-sonli qarori bilan “Karim To‘rayev” MChJga tikuv sexi va paypoq ishlab chiqaradigan sex qurish uchun beriladi. Bu yerda tuman zaxirasida bo‘lgan 343-konturdan ajratilishi belgilanadi. O‘sha kontur 152-umumiy o‘rta taʼlim maktabining eski binosi joylashgan maydon bo‘lgan. Hujjatlarga ega bo‘lgan MCHJ rahbari ko‘rsatilgan joydan yerni (katlavan) qazdiradi. Tadbirkorning bu ishiga shu paytda hech kim eʼtiroz bildirmagan bo‘lsa-da, tadbirkor qilayotgan ishini chala qoldiradi. Oradan yillar o‘tib, 2020 yilning iyul oyi boshlarida tadbirkor chala ishini davom ettirish maqsadida yana keladi. Shunda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi va faollar undan hujjatlarni ko‘rsatishini talab qiladi. Ammo hujjatlarda belgilangan kontur va ko‘rsatilgan yer boshqa ekanligi maʼlum bo‘ladi. Og‘zaki tortishuvlar natijasida tadbirkor yana tuman hokimligi maʼsullariga murojaat qiladi. Murojaat natijasida yuqorida chiqarilgan qarorning 2-bandidagi “MCHJ “Karim To‘rayev” agrofirmasi yer xaritasining 343-konturidan jami 0.03 ga” so‘zlari “MCHJ “Karim To‘rayev” agrofirmasi yer xaritasining 243-konturidan jami 0.03 ga” so‘zlariga almashtirilib, 2020 yil 20 iyul sanasida tuman hokimining 1205-N qarori chiqariladi.
Vaziyatga huquqiy baho bering. Mazkur vaziyatda maʼmuriy aktni yoritib bering. Jamoatchilik nazorati subektlarini tahlil qiling.
41.
Karmana tuman Baxt MFY Baxt qishlog‘ida yashovchi fuqaro D.Qo‘chqorov “Namoz Mo‘min” fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydoni tuman hokimligining mansabdor shaxslari tomonidan olib qo‘yilganligidan norozi bo‘lib, adliya boshqarmasiga murojaat qildi. U tuman hokimining tegishli qarorini bekor qilishni so‘radi. Aniqlanishicha, fermer xo‘jaligi rahbari D.Qo‘chqorovning arizasi olinmasdan, tuman hokimining qarori bilan fermer xo‘jaligining jami 2,0 gektar yer uchastkasi zaxira yer fondi hisobiga qaytarilgan. Ushbu holat tuman adliya bo‘limi, tuman hokimligi va tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi masʼul hodimlari ishtirokida tuzilgan dalolatnoma bilan ham o‘z isbotini topgan. Bundan tashqari, ushbu yer uchastkasi hokimning qaroriga asosan “G‘afur Jo‘ra” fermer xo‘jaligiga qo‘shib berilgan.
Vaziyatga huquqiy baho bering. Mazkur vaziyatda maʼmuriy aktni yoritib bering.
42.
“Istiqlol” mahallasi faollari ko‘p qavatli uylar oralig‘iga MTM qurishmoqchi bo‘lishayotgani, bundan esa mahalla ahli qurilish qilinishi mo‘ljallangan hududdagi daraxtlarning taqdiridan xavotir olib norozi ekanini maʼlum qilishdi.
Joriy yilning 1 mart kuni bu yerda bog‘cha qurish niyatidagi tadbirkor, mahalla raisi, tuman IIB vakili va fuqarolar o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tadi va uchrashuvda tomonlar o‘zaro til topisha olmaydilar.
Maʼlum bo‘lishicha, “KIDS” MCHJ ga 2018 yil Chilonzor tuman hokimining qarori bilan 6-mavzedagi 17, 19 va 20-uylar oralig‘idan dastlab 0,15 ga yer ajratib berilgan. Oradan bir oy o‘tgach, hokimning qaroriga o‘zgartirish kiritilib, xususiy bog‘cha uchun ajratilgan yer maydoni hajmi 0,24 gektarga o‘zgartiriladi.
Lekin oradan 3 yil o‘tgan bo‘lishiga qaramay maktabgacha taʼlim muassasasining qurilish ishlari boshlanmagan. Sababi bu yerda yashovchi fuqarolar uylari oldida bog‘cha emas, bolalar maydonchasi, mahalla ahli hordiq chiqaradigan joy va sport maydonchalari qurilishini istashmoqda.
“KIDS” MCHJ vakili Vitalliy Kimning xususiy maktabgacha taʼlim muasssasasini qurish jarayonida bironta daraxt kesilmasligini, bu yerda birinchi loyihada katta bino tushayotgankigidan aholi norozi bo‘lganligini, ajratilgan hududda judayam ko‘p daraxt bor bo‘lganligini, shundan so‘ng yerni o‘zgartirib berishni so‘rab, hokimlikka iltimos qilishganini va loyiha almashtirilganini, bitta katta binoni o‘rniga beshta kichkina bino tushyapganligini, bog‘cha 2 qavatdan iborat bo‘lishini, hamma hujjatlari qonun doirasida ekanligini, birorta noqonuniy qurilish olib borilmasligini, tegishli tashkilotlardan ruxsatlar olingani, loyiha bo‘yicha birorta daraxt kesilmasligini va daraxtga tegmaslik uchun 1 ta katta bino emas, 5 ta kichkina bino qurilyapganligini taʼkidlaydi.
Yuqorida bayon etilgan tushuntirishga qaramasdan qurilishga mahalla ahli qarshi ekanliklarini bildirdilar. Lekin MCHJ rahbari norozilik asosli bo‘lishi kerakligini, shunchaki “biz bu yerda bog‘cha bo‘lishini hohlamayapmiz” degan bilan ish bitmasligini vaj qilib keltirmoqda.
Vaziyatga huquqiy baho bering. Maʼmuriy hujjatga qo‘yiladigan talablarni vaziyatdan kelib chiqib qonun hujjatlari asosida tahlil qiling. Maʼmuriy hujjatni o‘zgartirish tartibini yoritib bering.
43.
Komilov direktorlik qiluvchi “TARAQQIYOT” MCHJ o‘z faoliyatini Katta Farg‘ona kanalidan suv olgan holda amalga oshiradi. MCHJ tomonidan qo‘llanadigan maxsus inshootlar va qurilmalarni suvlarning va suv obʼektlarining holatiga taʼsir etuvchi qurilmalar ekanligi aniqlanadi. Bu vaziyatda yuridik shaxs tomonidan suvdan maxsus foydalanish uchun ruxsatnoma olinishi kerakligi tushuntiriladi.
2021 yilning 8 yanvar kuni Komilov kerakli hujjatlarni Davlat xizmatlari markaziga taqdim etdi. Komilovning arizasiga ko‘ra u direktorlik qilayotgan “TARAQQIYOT” MChJga 021-01-002 sonli ruxsatnoma taqdim etiladi.
Ruxsatnomani sinchiklab tekshirib ko‘rgan Komilov ruxsatnoma uni beruvchi organ mansabdor shaxsining imzosi bilan tasdiqlanmaganligiga guvoh bo‘ladi.
Ushbu holat yuzasidan Komilov ruxsatnoma beruvchi organga murojaat qilganida, imzo qo‘yishga huquqli bo‘lgan shaxs xizmat taʼtilida ekanligi va qaytgach imzolab berishi tushuntiriladi.
Vaziyatga huquqiy baho bering. Vaziyatdan kelib chiqqan holda maʼmuriy hujjatga qo‘yiladigan talablarni tahlil qiling.
44.
Arizachi Mastanov J Qibray tumani, Zebuniso ko’chasi, 16- uyda oila a’zolari bilan birgalikda doimiy ro’yhatdan turib yashab kelishligini, Qibray tuman hokimining 11.09.2007-yildagi №2152-sonli qaroriga ko’ra, unga Qibray shaharcha fuqarolar yig’ini markazi hududidan “To’y va marosimlar o’tkaziladigan majmua qurilishi” uchun 0,45 ga qishloq ho’jaligida foydalanilmaydigan yer maydoni ajratib berilganligini hamda To’y va marosimlar o’tkaziladigan majmua qurilishiga viloyat arxitektura va qurilish bosh boshqarmasidan memorchilik rejalashtirish topshirig’i olinishi kerakligi ko’rsatib o’tilganligini, u og’ir xastalikka duchor bo’lib, bir necha yillar davomida shifoxonalarda statsionar tartibda ѐtib davolangani sababli va moddiy tomondan qiynalib qolgani uchun ancha vaqt mobaynida mazkur unga ajratib berilgan yer maydonida qurilish ishlarini amalga oshira olmay qolganligini, bugungi kunda u o’ziga ajratilgan yer maydonida qurilish ishlarini olib bormoqchi bo’lganida Qibray tuman hokimining 20.09.2017-yil №2728-sonli qarori bilan unga ajratilgan Qibray shaharcha fuqarolar yig’ini markazi hududidan “To’y va marosimlar o’tkaziladigan majmua qurilishi” uchun 0,45 ga yer maydoni ajratish to’g’risidagi 11.09.2007-yildagi №2152-sonli hokim qarori bekor qilinib, Qibray tuman davlat zaxirasiga qaytarilgani ma’lum bo’lganligini, Qibray tuman hokimligi unga ajratilgan yer maydonini davlat zaxirasiga qaytarib olish to’g’risida qaror qabul qilishda qonun talablariga zid ravishda, ya’ni uni ogohlantirmasdan, Hujjat imzolanganligini ta'kidladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |