Mikroiqlimning organizmga ta’siri- Inson organizmi havo haroratining juda katta o‘zgarishga moslasha oladi. Chunki odam organizmida uzluksiz ravishda issiqlik paydo bo‘ladi va u tashqariga ajralib chiqib turadi, buning natijasida issiqlikning paydo bo‘lishi va sarf qilinishi orasidagi doimiy nisbat hamda harorat bir xil darajada saqlanib turadi. Bu fiziologik jarayon esa organizmning issiqlik almashuvi deyiladi.
Odam organizmida uzluksiz paydo bo‘ladigan issiqlik tashqariga uch xil yo‘l bilan chiqadi: konveksiya, nur tarqatish va terlash. Normal mikroiqlimda (havo harorati 20S atrofida) konveksiya yo‘li bilan 30% atrofida, nur tarqatish yo‘li bilan 45% atrofida, terlash yo‘li bilan esa 25% atrofda organizmdan issiqlik ajralib chiqadi.
Yuqori harorat ovqatlanish a’zolariga va vitamin almashuviga ham yomon ta’sir qiladi. Kishilar juda issiq havoli muhitda uzoq muddat ishlari natijasida ular organizmi qizib ketishi mumkin, ya’ni issiq urushi mumkin.
Butun organizmning ortiqcha qizib ketishidan paydo bo‘lgan issiq urushidan oftob urushini farq qilish kerak. Oftob urushi issiqlik nurlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshga ta’sir qilishdan va bosh miyaning 40-42 gradusgacha isishida paydo bo‘ladi. Bunda tana harorati normal holda qolishi yoki salgina ko‘tarilishi mumkin. Ba’zida oftob-issiq urishining aralash formalari uchraydi.
Havoning namligi va harakatchanligi ham kishi organizmiga sezilarli ta’sir qiladi va organizmning issiqlik almashuvining o‘zgarishida ifodalanadi
4.3. Yong‘in haqida umumiy ma’lumotlar va uni oldini olish chora-tadbirlari Yong‘in chiqishga asosan olovdan noto‘g‘ri foydalanish; elektr ustanovkalarni, pechlarni, tutun trubalarini montaj qilish va ishlatish qoidalarining buzilishi; xalq xo‘jaligi ob’ektlarini loyihalash va qurishda yong‘in xavfsizligi normalari talabalarining buzilishi; yong‘in jihatdan xavfli jihozlarni ishlatishda va oson alangalanadigan materiallardan foydalanishda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmaslik; bolalarning olov bilan o‘ynashi; momaqaldiroq razryadlari sabab bo‘ladi.
Bino yoki inshoatning o‘tga chidamliligi ularning quyidagi asosiy qismlari: yong‘inga qarshi devorlar, ko‘tarib turuvchi va o‘zini o‘zi ko‘tarib turuvchi devorlar, zina kataklari devorlari, o‘rnatma panel devorlari, karkas devorlar to‘ldirgichi, ko‘taruvchi pardevorlar, qavatlararo va chordoq yopmalari hamda tomlarning o‘tga chidamliligi bilan belgilanadi.
Turar joylarda chiqadigan yong‘inlar katta moddiy zarar yetkazadi va umumiy yong‘inlar miqdorining 50% ni tashkil etadi. Uylarda (binolarda) yong‘in chiqishiga asosan elektr va gaz jihozlaridan, sanoat hamda uy-ro‘zg‘or asboblaridan foydalanish qoidalarining buzilishi va boshqalar sabab bo‘ladi.
Turar joy binolarining o‘tga chidamlilik darajasi bino qavatlarining soni va maydoniga bog‘liq. Ko‘p qavatli ancha uzun binolarda binoni bo‘limlarga ajratadigan yong‘inga qarshi devor sifatida ko‘ndalang devorlar va seksiyalararo devorlardan foydalaniladi. Odam yashamaydigan xonalar o‘tga chidamlilik chegarasi 0,75 soat bo‘lgan devor va orayopmalar bilan ajratiladi.