Universitet 3.0 – bu ta’lim, ilmiy izlanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish vazifalarini bajaradigan tizimli institut bo'lib, uning konsepsiyasi ijtimoiy sohada taraqqiyotning mohiyatini belgilaydi. Uning asosiy maqsadi kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda malakali mutaxassislarni tayyorlashdan iborat. Universitet 3.0 nafaqat shaxsni, balki jamiyatni tubdan o'zgartiradi. U iqtisodiyotning asosiy tarkibiy qismlarini - yangi sanoat tarmoqlarini, innovatsion ekotizimlarni, istiqbolli texnologiya bozorlarini, iqtisodiy yetakchi mintaqalarni, madaniy boyitilgan makonlarni yaratadi.
Shu o’rinda muhim hamda o’rinli savol tug’ilishi mumkin. O’zbekiston OTMlarini Universitet 3.0 tizimiga o’tkazish qanchalik dolzarb. Qiyoslash uchun xalqaro reyting agentliklarining ro’yxatida yuqori pog’onalarni egallovchi AQSH, Buyuk Britaniya hamda Yevropaning Oksford, Kembrij, Massachusets texnologiya instituti, Garvard kabi bir qator Universitetlari byudjet parametrlariga nazar soladigan bo’lsak, ular tomonidan ko’riladigan bir yillik daromad ayrim yirik hududlarning daromadidan ham yuqori ekanligini yaqqol ko’rish mumkin. Misol uchun, birgina Garvard Universitetining 2019-yil uchun byudjeti 5,5 milliard AQSH dollarini tashkil etganini ko’rish mumkin. Daromad manbaalarining katta qismi endaument va turli xayriya mablag’lari (43%), talabalar kontrakt pullari (22%), tadqiqotlardan tushgan mablag’ (17%) va boshqa manbaalar tashkil etadi.
Mamlakatimizda ham OTMlarga moliyaviy mustaqillik berish orqali, ularning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash bugungi kunning asosiy masalalaridan biriga aylandi. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi “Oliy va o’rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to’g’risida”gi PQ-4391-sonli qarori 2020-yildan boshlab Respublikadagi bakalavriat ta’lim yo’nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga yuqori talab mavjud bo’lgan ayrim oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o’zini-o’zi moliyalashtirish tizimiga o’tkazish to’g’risidagi muhim bir qadamni belgilab berdi. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 3-dekabrdagi “Oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o’zini o’zi moliyalashtirish tizimiga o’tkazish to’g’risida”gi 967-sonli qarori qabul qilinib, unda 2020-yil 1-yanvardan boshlab tajriba-sinov tariqasida o’zini o’zi moliyalashtirish tizimiga o’tkaziladigan OTMlar ro’yxati belgilab berildi. Ushbu qarorga muvofiq o’zini o’zi moliyalashtirish tizimiga o’tkaziladigan OTMlarga bir qator vakolat va huquqlar berildi. Jumladan ular o’z budjet parametrlarini mustaqil shakllantirishi, maqsadli kapital jamg’armasi (endaument fond)ni shakllantirishi, zarur hollarda tijorat banklaridan kredit olishi, yangi fakultetlar, mutaxssisliklar va yo’nalishlarni belgilashi, kelishilgan holda xarajatlar smetasi hamda shtatlar jadvaliga o’zgartirishlar kiritishi, xodimlarga ustama va moddiy rag’batlantirishni mustaqil belgilashi, bo’ysunuvi bo’yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda to’lov-kontrakt asosida o’qishga qabul qilish parametrlari va to’lov-kontrakt miqdorini mustaqil belgilashi mumkin bo’ladi.
Fikrimizcha, O’zbekistonda ham Universitet 3.0 tizimiga o’tish quyidagi bir nechta sabablar uchun ham dolzarb:
Uchinchi avlod universitetlari iqtisodiy muammolarni hal qilishda ta’lim va tadqiqotlardan tortib to tadbirkorlik va hamkorlikka qadar funksional yo'nalishlarni kengaytirish uchun ishlab chiqilgan. Universitet 3.0 tizimiga o’tish mamlakatimizda OTMlarni nafaqat ta’lim xizmatini ko’rsatishini rag’batlantirish, balki ularning jamiyatimizning dolzarb yo’nalishlarida tadqiqotlar olib borishi, o’z tadqiqotlarini tijoratlashtirish orqali daromad ko’rishi va bu orqali mamlakat iqtisodiyotida muhim rol o’ynashi, bir so’z bilan aytganda, “Tadbirkor Universitet”larga aylanishi uchun ham muhim.
Bundan tashqari, universitetlarni tadbirkorlik universitetiga aylantirish ularning kelajakda “omon qolishi” va rivojlanish uchun zarurdir. Agar universitet tadbirkor bo'lsa, ilmiy tadqiqotlar yangi xizmat, faoliyat yoki mahsulot ishlab chiqarish bilan yakunlanadi va agar bunday bo'lmasa, ilmiy tadqiqotlar kamdan-kam hollarda innovatsiyalarga aylanadi va ko'pincha kutubxonalarda saqlanadi. Shu sababli, universitetlar ichki va tashqi tadqiqotlarni o'tkazishi va tadqiqotlar o'tkazish orqali atrof-muhit sharoitlarini hisobga olgan holda ularning tuzilishi, ishlashi, jarayonlari va infratuzilmasi uchun model ishlab chiqishi kerak.
Mamlakatimizda OTMlarni uchinchi avlod darajasigacha rivojlantirish uzoq yillar to’planib qolgan muammolarga yechim topish uchun ham zarur. Faqatgina ta’lim xizmatini asosiy faoliyat turi sifatida biladigan, ilmiy tadqiqot ishlari kerakli darajada yo’lga qo’yilmagan, xususiy sektor bilan kamdan-kam munosabatga kirishadigan, bir so’z bilan aytganda, bugungi zamon talablariga mutlaqo javob bermaydigan OTMlarni to’liq transformatsiya qilish – Universitet 3.0 modelidan ko’zlangan asosiy maqsaddir. Bu esa, mamlakatimiz OTMlarini xalqaro standartlarga va jarayonlarga integratsiyalashuvida asosiy vosita bo’lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |