SQL tili. SQL - kompyuter MB da saqlanuvchi ma`lumotlarni qayta ishlash va o`qish uchun mo`ljallangan instrument bo`lib, u faqat relyatsion MB bilan ishlaydi. Barcha relyatsion MBBT lar SQL tilini tushunadi.
Bu sxemaga muvofiq hisoblash tizimi muhim ma`lumotlar saqlanuvchi MB ga ega bo`ladi. Agarda foydalanuvchi MB dan ma`lumotlarni o`qimoqchi bo`lsa, u buni MBBT dan SQL yordamida so`raydi. MBBT so`rovga ishlov beradi, talab qilingan ma`lumotlarni topadi va uni foydalanuvchiga uzatadi.
Ma`lumotlarni olish yoki ma`lum bir shartlar buyicha ishlov berilgan ma`lumotni MB dan olish buyrug`i so`rov deb aytiladi.
SQL bir qator imkoniyatlarga ham ega, ya`ni:
1. Ma`lumotlar tuzilmasini tuzish. SQL foydalanuvchilarga MB tuzilmasini tuzish, o`zgartirish hamda MB elementlari o`rtasida aloqalarni o`rnatish imkoniyatini beradi.
2. Ma`lumotlarni o`qish. SQL foydalanuvchi yoki dasturga MB da saqlanuvchi ma`lumotlarni o`qish va ulardan foydalanish imkonini beradi.
3. Ma`lumotlarni qayta ishlash. SQL foydalanuvchiga yoki dasturga MB ni o`zgartirish, ya`ni unga yangi ma`lumotlar qo`shish, mavjud ma`lumotlarni o`zgartirish va o`chirish imkonini beradi.
4. MBni himoyalash. SQL yordamida MB foydalanuvchilarini, undagi ma`lumotlarni o`qish va o`zgartirish imkoniyatlarini chegaralab qo`yish mumkin. Bu orqali ruxsat berilmagan foydalanuvchilardan axborotlar himoyalanadi.
5. Ma`lumotlardan birgalikda foydalanish. SQL ma`lumotlardan birgalikda foydalanishni koordinatsiya qiladi, bu esa paralel ishlayotgan foydalanuvchilar bir-birlariga xalaqit bermasdan MB dagi ma`lumotlardan foydalanishlari imkonini beradi.
6. Ma`lumotlar yaxlitligini ta`minlash. SQL MB ni yaxlitligini ta`minlashga imkon beradi va unda noo`rin o`zgartirishlar qilishni oldini oladi.
Demak, SQL MBBT bilan o`zaro aloqa qiluvchi etarlicha kuchli tildir.
SQL tilining vazifasi. SQL tili foydalanuvchining relyatsion MB bilan muloqat qilishi uchun mo`ljallangan bo`lib, quyidagi 3 ta qismdan iborat:
DDL (Data Definition Language) – ma`lumotlarni aniqlash tili. MB ni (jadvallarini, indekslarini va h.k.) yaratish va uning sxemasini tahrirlash uchun mo`ljallangan.
DCL (Data Control Language) – ma`lumotlarni boshqarish tili. Foydalanuvchilarning MB ob`ektlariga murojaatini chegaralash operatorlaridan iborat.
DML (Data Manipulation Language) – ma`lumotlarni qayta ishlash tili. MB jadvallariga o`zgartirishlar kiritish uchun mo`ljallangan.
MB bilan ishlovchi ixtiyoriy til foydalanuvchiga quyidagi imkoniyatlarni yaratishi
lozim:
tuzilmasini to`la tavsiflagan holda MB ni va jadvallarini yaratish;
ma`lumotlar ustida manipulyatsiya amallarini bajarish, masalan, jadvallardan ma`lumotlarni kiritish, tahrirlash, va o`chirish;
oddiy va murakkab so`rovlarni bajarish.
Bundan tashqari, MB bilan ishlovchi til yuqoridagi amallarni bajarish uchun foydalanuvchilardan kam urinishlarni talab qilishi, hamda buyruqlarining sintaksisi va tuzilishi o`rganish uchun oson va tushunarli bo`lishi kerak. Nihoyat, bu til universal bo`lishi kerak. Bu bir MBBT dan boshqasiga o`tganda buyruqlarni bir xil tuzilmasi va sintaksisidan foydalanishni ta`minlaydi. SQL tili bu talablarni barchasini qanoatlantiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |