Kichik guruhda sabzavot (sabzi, piyoz, karam, pomidor, bodring) va mevalar (olma, uzum, o‘rik, olcha va gilos)ning nomi ta’mi rangi va shaklini bilishga, o‘zaro farqlashga o‘rgatiladi.
O‘rta guruhda sabzavotlar ( baqlajon, karam, sholg‘om, turp, piyoz) va mevalar ( anor, anjir, behi, uzum, o‘rik) bilan tanishtirishni davom ettiriladi. Bolalarni sabzavot va mevalarning nomlari, rangi, shakli, ta’mi, ovqatga ishlatilishining (xomligicha, pishirilgan, tuzlangan va quritilgan holda) xarakterli belgilari, sabzavotlar, polizda va daraxtda o‘sadigan mevalar bilan tanishtiriladi. Bolalarga sabzavotlar har yili ekilishini, mevalar esa ko‘p yillik o‘simlik hisoblanishi haqida qisqacha tushuncha beriladi.
Katta guruhda sabzavotlar va mevalar haqidagi umumlashtirilgan tasavvurlar quyidagi belgilarga qarab shakllantiriladi: sabzavot va mevalar ovqatda ishlatiladi, ular maxsus yetishtiriladi: sabzavotlar poliz (dala) da o‘sadi, mevalar esa bog‘da yetishtiriladi.
Maktabga tayyorlov guruhda sabzavotlarning (8 – 9 xili), mevalarning (5 xili) va sitrus o‘simliklarining (3 – 4 xili) shakli, rangi, hajmi, ta’mi, oziq-ovqat sifatida qo‘llanilishi, belgilarga qarab qiyoslanishi va ularni xarakterlay olish ko‘nikmasi shakllantiriladi, umumlashtirilgan (sabzavotlar, mevalar, gullar) so‘zlarini qo‘llashga o‘rgatiladi.
Yer maydonchasida va oilada boqish mumkin bo‘lgan hayvonlar va parrandalar bolalarning yoshiga mos, ularga ozor bermaydigan va mehnat talab qilmaydigan jonivorlar tanlanadi. Shahar sharoitida jonivorlarning bolalari boqiladi.
Bog‘cha sharoitida jonivorlar iloji bo‘lsa kattalar bilan birgalikda boqiladi. Qishloq sharoitida jonivorlarni ularning bolalari bilan birgalikda boqish mumkin.
Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning turli yosh guruhlarida tarbiyachi kuzatishlarni tashkil etar ekan, uning turli xillaridan foydalanadi.
Kuzatishlar davomiyligi va xarakteri bo‘yicha qisqa muddatli va uzoq muddatli bo‘lishi mumkin.
O‘simlik va hayvonlarning o‘sishi hamda rivojlanishi, tabiatdagi mavsumiy o‘zgarishlar haqidagi bilimlarning jamg‘arilishi uchun kuzatishning ancha murakkabroq turi — uzoq muddatli kuzatishlardan foydalaniladi. Bunda bolalarning obyektning kuzatilayotgan holatini ilgarigisi bilan qiyoslashlariga to‘g‘ri keladi.
Kuzatish narsalarning ayrim belgilariga qarab holatlarini aniqlash (masalan, gulning bargiga qarab uni sug‘orish, akvariumdagi suvning holatiga qarab suvni almashtirish, yoki qordagi izga qarab qaysi qushning izi ekanligi, mevalarning pishgan yoki xomligini rangiga qarab ajratish) maqsadida ham tashkil etiladi. Kuzatishning bu turi bolalarda tabiat hodisalarini analiz qilish, ayrim ma’lumotlarni qiyoslash, soddaroq xulosalar chiqarish ko‘nikmalarining hosil bo‘lishiga yordam beradi. Solishtirma va uzoq muddatli kuzatishlar mazmuniga ko‘ra murakkab bo‘lganligi sababli, maktabgacha ta’lim, o‘rta, katta hamda maktabga tayyorlov guruhlarida foydalaniladi. Bu kuzatuvlar davomida bolalarda analiz qilish, qiyoslash, xulosalar chiqarish jarayoni takomillashadi.
Kuzatishlar mazmuniga va tarbiyachining o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga ko‘ra o‘simlik va hayvonlar, ob-havo hamda kattalarning tabiatdagi mehnati bilan ekskursiya, sayrlarda, shuningdek tabiat burchagidagi mashg‘ulotlarda tashkil etiladi.
Qisqa muddatli kuzatish jarayonida bolalar narsalarning shakli, rangi, katta-kichikligi, tuzilishi, fazoviy joylashuvi, sathining xarakterini farqlashni, hayvonlar bilan tanishganda esa harakat xarakteri, ularning chiqaradigan tovushlarini o‘rganadilar. Bu kuzatish turiga masalan, qor yoki yomg‘ir yog‘ishi, kamalakning hosil bo‘lishi kabi holatlar kiradi.
Barcha hollarda kuzatish bolalarning yuksak aqliy faoliyatini rivojlantirishi, ularni fikrlashga, berilgan savollarga javob topishga undashi, shuningdek, ulardagi qiziqishlarni rivojlantirishi va tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishni tarbiyalashi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |