Kichraytirish narsa va hodisalarni me’yordagi holatiga nisbatan haddan tashqari kichraytirib tasvirlashdir. Bir qator adabiyotlarda litota tarzida uchraydi, mumtoz adabiyotimizda tafrit deb yuritilgan. Bunday ko’chimlar ham nutq ta’sirchanligini oshiradi: ushoqday, tariqday, dengizdan tomchi, chumolichalik qadri yo’q, shamchalik tafti yo’q, zarracha rahmi yo’q, ikki qadam, bir enlik va h.
Jonlantirish jonli, jonsiz narsalarni inson kabi harakat qiladigan, fikrlaydigan, o’ylaydigan, kuylaydigan, kuladigan, so’zlaydigan qilib tasvirlash. Mumtoz adabiyotda uning tashxis va intoq turlari farqlangan. Jonlantirishga ko’proq xalq og’zaki ijodida ertaklar, masallar, topishmoqlar, maqollar, loflar, latifalarda murojaat qilinadi. Yozma adabiyotda ham undan foydalaniladi.
Kulvordi ko’kcha,
Noliding muncha!
Na hojat bunchalik behuda nolish!
Seni odam tugul yemaydi mol ham.(Y.Qurbon. “Masallar”).
Og’zaki nutqda ham o’rni bilan qo’llangan jonlantirish fikr aniqligini, ta’sirchanligini ta’minlaydi: nega tufling sening holingga og’zini ochib kulyapti, sening bu javobingga maymunlar tugul yo’lbarslar ham ho’ng-ho’ng yig’laydi-ku, sening bu jim turishingdan dahshatga tushgan devorlar ham gapirib yuborsa ajab emas va h.
Kinoya yoki ironiya biror narsa yoki shaxs ustidan zimdan kulish, kesatiq, piching ma’nosini anglatadi. Kinoya so’zlar va iboralarni piching, kesatiq bilan o’z ma’nosiga qarama-qarshi ma’noda ishlatish usulidir. So’zlar va iboralarni ko’chma ma’noda qo’llash orqali salbiy holatlar ustidan kulish barobarida, ularni bartaraf etish ham nazarda tutiladi. Kimyodan yaxshi o’qimaydigan talabaga “Al-kimyogar janoblarining ham fikrini bilaylik” deyish bilan uning ustidan kulishgina emas, shu narsalarni bilishi lozimligiga ishora ham bo’ladi. Quyidagi misol ham fikrimizni tasdiqlaydi: Mahallada musicha sho’xlik qilsa qiladiki, Jo’ravoy sho’xlik qilmaydi, hech kimning derazasini sindirmagam, hech qaysi to’yda to’polon qilmagan. Mahallada hamma bola bo’lsa Jo’ravoydek bo’lsin, deb niyat qiladi (S.Ahmad. “Musicha”).
O’qituvchi o’z nutqida qo’llaydigan har bir so’zning ma’nosiga, ma’no nozikligiga e’tibor berishi lozim. Chunki o’quvchi va talabalar o’zlari yoqtirgan ustozlarining yurush-turishi, kiyinishi, muomalasi, so’zlash usuliga taqlid qiladilar. Ayniqsa, o’zi tahsil beradigan fanga doir terminlar–atamalarni juda o’rinli va tushunarli holda qo’llashi lozim. O’quvchi yoki talaba uchun yangilik bo’lgan atamani qo’llaganda unga izoh berib ketilsa, ortiqcha savolga o’rin qolmaydi. O’qituvchi mavzuni tushuntirayotganda so’zning bir yoki ko’p ma’noliligiga e’tibor qilishi lozim. So’zlarning sinonimlaridan, omonimik xususiyatlaridan, antonimik juftliklardan, paronimlarning hosil bo’lishi va qo’llanishidagi o’rinlaridan boxabar bo’lgan o’qituvchining nutqi keng qamrovli bo’lib qolmasdan, tinglovchilar tomonidan iliq kutib olinadi. Shuningdek, iboralar, maqollar, ibratli kichik hikoyatlar, ulug’allomalarning hikmatli so’zlari, topishmoqlar, masallar, latifalar, afsona va rivoyatlardan ham o’rinli foydalanish o’quvchilar zehnini o’tkirlashtiradi, xotirasini mustahkamlaydi, voqeya-hodisalarni bir-biriga mantiqiy bog’lab hikoya qilish ko’nikma va malakasini hosil qiladi. Bulardan tashqari, fan tarixiga nazar tashlaganda o’zbek tili lug’at tarkibidagi arxaik so’zlar, tarixiy so’zlar, taraqqiyot tufayli kirib kelayotgan yangi so’zlar, kasb-hunarga oid so’z va terminlarga murojaat qilishning ham tahsiliy va tarbiyaviy ahamiyati katta.
O’quvchilarga tanish yozuvchi yoki shoirlarning asarlaridan parchalar keltirish ham o’rganilayotgan mavzuni o’zlashtirishga yaqindan ko’maklashadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |