1-MAVZU:
“MAKTABGACHA TA’LIMDA NUTQ MADANIYATI” FANINING PREDMETI VA VAZIFALARI BU FANNING HUQUQIY ASOSLARI
R E J A:
1.“Maktabgacha ta’limda nutq madaniyati” fanining maqsad va vazifalari.
2. Nutq madaniyati tushunchasi
3. Nutq madaniyati fanining boshqa fanlar bilan aloqasi
4. Xulosa
Mavzuga oid tayanch so’z va iboralar
Nutq, nutq madaniyati, maktabgacha ta’limda nutq madaniyati, adabiy til, nutqning kommunikativ xususiyatlari, me’yor, fonetik, grammatik va stilistik me’yorlar.
Oʻzbek tilshunosligining o’ziga xos amaliy sohalaridan biri bu – “Nutq madaniyati” fanidir. U tilshunoslikning nazariy kurslaridan olingan bilimlarga suyangan holda to’g’ri va chiroyli nutq tuzish yo’llarini o’rgatadi. U til va uning me’yorlari, nutq va uning sifatlari, nutqiy uslublar, nutqda uchrashi mumkin bo’lgan kamchilik va xatolar, nutqning talaffuziga doir muammolar yuzasidan bahs yuritadi. Nutq madaniyati ham fan sifatida o’z tekshirish obyekti va vazifalariga ega. Uning tekshirish predmeti nutqning til qurilishi, adabiy til me’yorlari va nutqning kommunikativ fazilatlaridir. Nutq madaniyati nazariyasida til me’yori markaziy tushunchadir.
“Nutq madaniyati” fanini o’qitishdan maqsad hozirgi davrda ta’limning barcha yo’nalishlari bo’yicha yetishib chiqayotgan yosh kadrlarni zamon talabi asosida muloqot madaniyatining tarkibiy qismi sanaladigan nutq madaniyatini yuksaltirish, yuksak nutq egasi va yuqori salohiyatli mutaxassis qilib yetishtirishdir.
Fanni o’qitishning vazifasi esa o’quv jarayonida talabalarni o’zbek tilining adabiy shakllari, ya’ni og’zaki va yozma me’yorlari va qoidalari bilan tanishtirish, bu sohadagi bilimdan amaliy foydalana bilish malakasini oshirish, fikr mahsulini nutq sharoiti va vaziyatga mos ravishda og’zaki va yozma shakllarda to’g’ri, ravon ifodalash, o’zgalar fikrini aniq anglash va ko’nikmasini hosil qilishdir.
Nutq madaniyati tushunchasi har bir xalq tili va millat ma’naviyatini belgilovchi yetuk va estetik kategoriyadir. Kundalik faoliyati jonli so’z san’ati bilan aloqador bo’lgan notiqlar, san’atkorlar, suxandonlar, o’qituvchilar, shuningdek, boshqa kasb egalarining nutq madaniyati alohida e’tiborni talab qiladi. Biroq ana shu e’tibor, asosan, qaysi masalalarga ko’proq qaratilishiga kelganda, o’zaro tafovutli fikrlar mavjud. Bu ham tasodifiy emas. Chunki nutq madaniyati predmeti juda ko’p masalalarni o’z ichiga oluvchi sertarmoq va murakkab sohadir. Shuning uchun ham nutq madaniyatiga taalluqli bo’lgan talablarda mutaxassislarning qarashlarida muayyan va qat’iy bir umumiylik deyarli yo’q. Aniqrog’i, nutq madaniyatiga har kim o’z mutaxasisligi nuqtayi nazaridan yondashib, har xil munosabatda bo’ladi. Shu ma’noda, nutq madaniyatini turlicha tushunish mavjud:
Grammatika qoidalariga rioya qilish.
Adabiy talaffuz me’yorlariga rioya qilish.
Chiroyli adabiy so’zlarni saralab gapirish.
Tushunarli qilib gapirish.
Ko’rinib turibdiki, ana shu to’rtala tushunchaning har birida muayyan haqiqat bor. Biroq, ularning har biri yakka holda nutq madaniyatini tashkil eta olmaydi.
Ma’lumki, har qanday fan ham, u yoki bu tomonlari bilan boshqa fanlar bilan bog’langan bo’ladi. Unda ko’tarilgan masalalar, muammolar boshqa fanlar tomonidan ham o’rganiladi. Ba’zan ularning tekshirish obyekti o’xshab ketadi. Ba’zan esa ma’lum bir muammoni hal qilishga boshqa – boshqa fanlar o’z xususiyatlaridan kelib yondashadi. Nutq madaniyati fani leksikologiya va semasiologiyaga qattiq bog’langandir. Chunki nutqning aloqaviy fazilati hisoblangan aniqlik, to’g’rilik, mantiqiyligi, so’z ma’nolarining ma’no va mazmuniy bog’lanishlariga asoslanadi. Shuningdek, nutq madaniyati fani nafosat haqidagi fan estetika bilan, badiiy adabiyot, adabiyotshunoslik va adabiy tanqidchilik kabi fanlar bilan ham uzviy aloqadadir.
Ayniqsa, uning tilshunoslik, uslubiyat, notiqlik san’ati, matnshunoslik, ruhshunoslik, falsafa hamda adabiyotshunoslik fanlari bilan aloqasi juda mustahkamdir. (Nutq madaniyati. Usmon Sanaqulov, Murodqosim Abdiyev, Erkin Isakov).
Mazkur fan bo’lg’usi o’qituvchilarda chiroyli so’zlash ko’nikmalarini shakllantirishni o’z oldiga maqsad qilib qo’yadi. Bu esa muntazam uzoq mehnatni talab etadi, ya’ni ham o’qituvchi, ham o’quvchi (talaba) o’zida nutq madaniyatining malaka va ko’nikmalarini hosil qilishga muttasil intilib borishi kerak. Madaniyat – (arabcha sivilizatsiya). Jamiyatning ishlab chiqarish, ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida qo’lga kiritgan yutuqlari majmui. O’qimishlilik, ta’lim-tarbiya ko’rganlik, ziyolilik, ma’rifat.
Nutq madaniyati – bizning o’zbek tilining tugamas boyligini egallash darajamizdir. Insoniyat umummadaniyatining katta qismini nutq madaniyati tashkil etadi. Nutq madaniyati deyilganda, birinchidan, nutqning fazilatlari tushunilsa, ikkinchidan nutq madaniyati – fazilatlari yig’indisi va tizimi haqidagi ma’lumotni anglatadi.
Nutqning fazilati deyilganda uning to’g’riligi, aniqligi, mantiqiyligi, ifodaviyligi, boyligi, sofligi tushuniladi.
Nutq madaniyatining asosiy tekshirish obyekti adabiy til me’yorlari, asosiy vazifasi esa ushbu me’yordagi ikkilanishlarni bartaraf yetish bo’lmog’i kerak.
Nutq madaniyati haqidagi ta’limot qadimgi Rim va Afinada shakllangan bo’lsa ham, unga qadar Misrda, Assuriyada, Vavilon va Hindiston mamlakatlarida paydo bo’lganligi notiqlik san’ati tajribasidan va tarixidan ma’lum. Bu davrda hokimiyatdagi davlatni boshqarishning, savdo-sotiqning va sud ishlarining, nihoyatda taraqqiy yetishi notiqlikni san’at darajasiga ko’tardi. Chunki u paytda davlat arboblarining obro’-e’tibori va yuqori lavozimlarga ko’tarilishi ularning notiqlik mahoratiga ham bog’liq bo’lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |