Tarkibiy ishsizlik. Tarkibiy ishsizlar guruhiga ishlab chiqarish strukturasining o`zgarishi natijasida ishchi kuchiga talab tarkibining o`zgarishi natijasida ishsiz qolganlar kiradi. Unga asosan malakalarini o`zgartirishi va oshirishi, ma‘lumot olishi, yangi kasb egallashi lozim bo`lgan ishsizlar guruhlari kiradi. Friksion ishsizlik bilan tarkibiy ishsizlikning asosiy farqi shundaki, birinchisida, ma‘lum malaka va tajriba mavjud bo`ladi va undan foydalanib, ish joylarini tezroq topib olishadi, ikkinchisida esa, ishchi kuchi darhol va tezroq ish joylarini topa olmaydi.
Davriy ishsizlik asosan ishlab chiqarishning pasayishi natijasida ishchi kuchiga bo`lgan talabning kamayishidan paydo bo`ladi. Davriy pasayish tovar va xizmatlarga bo`lgan yalpi talabning kamayishini, shunga muvofiq, yalpi tatalabning kamayishini, va oqibatda aholining ish bilan bandligi qisqarishi va ishsizlikning o`sishini bildiradi.
To`la ish bilan bandlik ishchi kuchining 100 foiz ish bilan ta‘minlanganligini bildirmaydi. Aksincha, friksion va strukturali ishsizlik ilojsiz hol bo`lganligini hisobga olsak, biz mutlaq to`la ish bilan bandlilikka erishib bo`lmasligini tushunamiz.
Agarda davriy ishsizlik bo`lmasa, u holda to`la ish bilan bandlilikka erishiladi. To`la ish bilan bandlik davridagi ishsizlik, ishsizlikning tabiiy darajasi deyiladi. Bunga ish qidiruvchilar soni bo`sh ish joylari soniga muvofiq kelsagina erishish mumkin. Ishsizlikning tabiiy darajasi friksion va tarkibiy ishsizlik yig`indisiga teng bo`ladi.
Ishsizlikning tabiiy darajasi doimiy emas, chunki u iqtisodiy vaziyat, qonun va milliy an‘analar bilan bog`liq holda o`zgarib turadi.
Ishsizlikning tabiiy darajasi mamlakatdagi oxirgi o`n yilda mavjud bo`lgan haqiqiy ishsizlik darajasi va keyingi o`n yil uchun prognoz qilib hisoblangan ishsizlik darajalarining o`rtacha miqdori sifatida belgilanadi. Umumiy holda ishchi kuchi ish bilan band va faol ish qidirib yurgan ishsizlarga bo`linadi.
3.3. Ishsizlikning iqtisodiy oqibatlari.A. Ouken qonuni
Barcha mavjud resurslardan to`liq foydalanish yoki ishsizlikning tabiiy darajasi holatida iqtisodiyotda yaratilishi mumkin bo`lgan mahsulot hajmini iqtisodiyotning ishlab chiqarish potensiali deb ataladi. Mamlakatning ishlab chiqarish potensiali potensial YaIM ko`rsatkichi bilan o`lchanadi.
Makroiqtisodiy beqarorlik tufayli, iqtisodiy pasayish davrida mamlakat o`z iqtisodiy potensialini to`liq ishga solmasdan, yaratilgan haqiqiy YaIM hajmi (Yh) potensial YaIM (Yp) hajmidan ortda qoladi. Ya‘ni YaIMning uzilishi (YuZ) ro`y beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |