Daromadlar tengsizligi va uning darajasini aniqlash.
Dunyodagi barcha mamlakatlar aholi jon boshiga to’g’ri keladigan o’rtacha daromadlar darajasi bilan bir-biridan keskin farqlanadi. Bu turli mamlakatlar aholisining daromadlari darajasi o’rtasida tengsizlik mavjudligini bildiradi. Shu bilan birga alohida olingan mamlakatlar aholisining turli qatlam va guruhlari o’rtacha daromadlari darajasida ham farq mavjud bo’ladi. Mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi darajasi ham daromadlaridagi farqlarni bartaraf qilmaydi.
Daromadlar tengsizligi darajasini miqdoriy aniqlash uchun jahon amaliyotida Lorens egri chizig’idan foydalaniladi (1-chizma). Chizmaning yotiq chizig’ida aholi guruhlarining foizdagi ulushi, tik chizig’ida esa bu guruhlar tomonidan olinadigan daromadning foizdagi ulushi joylashtirilgan. Nazariy jihatdan daromadlarning mutlaq teng taqsimlanishi imkoniyati (burchakni teng ikkiga bo’luvchi) 0Ye chiziqda ifodalangan bo’lib, u oilalarning har qanday tegishli foizi daromadlarning mos keluvchi foizini olishini ko’rsatadi. Ya’ni aholining 20% barcha daromadlarning 20%ni, aholining 40% daromadlarning 40%ni, aholining 60% daromadlarning 60%ni olishini bildiradi va h.k. Demak, 0Ye chizig’i daromadlarning taqsimlanishidagi mutlaq tenglikni ifodalaydi.
Daromad, %
100 Ye
80
60
40
20
F
0
20 40 60 80 100 Aholi, %
1-chizma. Lorens egri chizig’i.
Shuningdek, nazariy jihatdan mutlaq tengsizlikni ham ajratib ko’rsatish mumkin. Bunda aholining ma’lum guruhlari (20%, 40 yoki 60% va h.k.) hyech qanday daromadga ega bo’lmay, faqat bir foizi barcha 100% daromadga ega bo’ladi. Chizmadagi 0FYe siniq chizig’i mutloq tengsizlikni ifodalaydi.
Real hayotda mutlaq tenglik va mutlaq tengsizlik holatlari mavjud bo’lmaydi. Balki aholining ma’lum guruhlari o’rtasida daromadlarning taqsimlanishi notekis ravishda boradi. Bunday taqsimlanishini Lorens egri chizig’i deb nomlanuvchi 0Ye egri chizig’i orqali kuzatish mumkin. Aholi guruhlari ulushi va daromad ulushini birlashtiruvchi egri chiziqdan ko’rinadiki, aholining dastlabki 20%ga daromadlarning juda oz (taxminan 3-4%gacha) qismi to’g’ri keladi. Keyingi guruhlarga to’g’ri keluvchi daromad ulushi ortib boradi. Daromadning eng katta qismi (deyarli 60%) aholining so’nggi 20%ga to’g’ri keladi. Bu guruh chegarasi ichida ham daromadlar notekis taqsimlangan, ya’ni dastlabki 10% taxminan 20% daromadga ega bo’lsa, keyingi 10%ga daromadning deyarli 40% to’g’ri keladi va h.k.
Mutloq tenglikni ifodalovchi chiziq va Lorens egri chizig’i o’rtasidagi tafovut daromadlar tengsizligi darajasini aks ettiradi. Bu farq qanchalik katta bo’lsa, ya’ni Lorens egri chizig’i 0Ye chizig’idan qanchalik uzoqda joylashsa, daromadlar tengsizligi darajasi ham shunchalik katta bo’ladi. Agar daromadlarning haqiqiy taqsimlanishi mutloq teng bo’lsa, bunda Lorens egri chizig’i va bissektrisa o’qi bir-biriga mos kelib, farq yo’qoladi.
Daromadlar tabaqalanishini aniqlashning ko’proq qo’llaniladigan ko’rsatkichlaridan bir disel koeffisiyenti hisoblanadi. Bu ko’rsatkich 10% eng yuqori ta’minlangan aholi o’rtacha daromadlari va 10% eng kam ta’minlanganlar o’rtacha daromadi o’rtasidagi nisbatni ifodalaydi. Masalan, AQSh va Buyuk Britaniyada bu nisbat 13:1ga, Shvesiyada esa 5,5:1ga teng.
Yalpi daromadning aholi guruhlari o’rtasida taqsimlanishini tavsiflash uchun aholi daromadlari tengsizligi indeksi (Djini koeffisiyenti) ko’rsatkichi qo’llaniladi. Djini koeffisiyenti chizmadagi Lorens egri chizig’i bilan mutlaq tenglik chizig’i o’rtasidagi yuzaning 0FYe uchburchak yuzasiga nisbati orqali aniqlanadi. Bu ko’rsatkich qanchalik katta bo’lsa, (ya’ni 1,0 ga yaqinlashsa) tengsizlik shuncha kuchli bo’ladi. Jamiyat a’zolari daromadlari tenglashib borganda bu ko’rsatkich 0 (nol)ga intiladi. Masalan, keyingi yarim asr davomida Djini indeksi Buyuk Britaniyada 0,39 dan 0,35 ga qadar, AQShda esa 0,38 dan 0,34 ga qadar pasaygan.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida daromadlar tengsizligini keltirib chiqaruvchi umumiy omillar mavjud. Bularning asosiylari quyidagilar:
kishilarning umumiy (jismoniy, aqliy va estetik) layoqatidagi farqlar;
ta’lim darajasi va malakaviy tayyorgarlik darajasidagi farqlar;
tadbirkorlik mahorati va tahlikaga tayyorgarlik darajasidagi farqlar;
ishlab chiqaruvchilarning bozorda narxlarni o’rnatishga layoqatliligi (bozordagi hukmronlik darajasidan kelib chiqib) darajasidagi farqlar.
Bunday sharoitda davlatning daromadlarni qayta taqsimlash vazifasi daromadlar tengsizligidagi farqlarni kamaytirish va jamiyat barcha a’zolari uchun ancha qulay moddiy hayot sharoitini ta’minlashga qaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |