Mahallabay” ishlash tizimini amaliyotga joriy etishda vakolatli davlat tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik qilish haqida ma’lumot bering
Mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining yangi bosqichida hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi tadbirkorligini rivojlantirish orqali ularning daromadlarini koʻpaytirish pirovardida kambagʻallikni qisqartirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev tomonidan “iqtisodiy kompleks idoralari ishni mahallalar darajasida tashkil etishi, tijorat banklari joylarda yuqori samarali loyihalarni amalga oshirib, ayniqsa, yosh tadbirkorlarga keng yoʻl berishi kerakligi” qayd etildi.Yuqoridagi daʼvatdan kelib chiqib, mahallalar imkoniyatlarini inobatga olgan holda aholining daromad topishiga xizmat qiluvchi loyihalarni shakllantirish va amalga oshirish muhim hisoblandi. Shuningdek, mahallalarda aholi bandligini taʼminlash va tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga kambagʻallikni qisqartirishga eʼtibor qaratish, bunda “mahalla-oila-fuqaro” tamoyili asosida aholi hayotidagi muammolarni tizimli oʻrganish va oʻz vaqtida, toʻligʻicha hal etishga xizmat qiluvchi «mahallabay» ishlash tizimi joriy etilmoqda.
«Mahallabay» ishlash tizimining asosiy yoʻnalishlar sifatida quyidagilarni keltirib oʻtish mumkin:
aholida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishga oid qiziqish va intilishlarini aniqlash va ularning mazkur faoliyat bilan shugʻullanishlari uchun bilim va koʻnikmalarni hosil qilishga qaratilgan oʻquv kurslarini tashkil etish. Mazkur oʻquv kurslarini tashkil etishga xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar hamda nodavlat taʼlim muassasalarini jalb qilish;
yoshlar va xotin-qizlar tadbirkorlikka boʻlgan qiziqishlarini amalga oshirishlari uchun amaliy yordam koʻrsatish orqali kambagʻallikni qisqartirish. Natijada, ularning oʻzini-oʻzi band qilishiga erishish;
banklar mahallalardagi aholining tadbirkorlik intilishlarini roʻyobga chiqarishda kreditlardan foydalanishlari uchun biznes-rejalarni ishlab chiqishda maslahatlar berish, zarur biznes axborotlarni berib borish;
mahallarning “oʻsish nuqta”larini aniqlash, aholining mazkur oʻsish nuqtalari asosida yangi tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish, mavjud tadbirkorlik subyektlari kooperatsiyalarini yoʻlga qoʻyish;
hududlarda aholi tadbirkorlik faoliyati uchun zarur boʻladigan shart-sharoitlarni yaratish, mavjud toʻsiqlarni toʻligʻicha bartaraf etish orqali aholining tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali daromadga ega boʻlishlarini taʼminlash.
«Mahallabay» ishlash tizimida markaziy boʻgʻinida mahalla fuqarolar yigʻiniga banklarning malakali mutaxassislari har bir mahallaga bir nafardan (kichikroq va bir-biriga yaqin boʻlgan ikkita mahallaga bir nafar) doimiy vakil sifatida biriktiriladi. Ushbu doimiy vakillar mahallada ishsiz aholini, yoshlar va ayollarni kasb-hunarga oʻrgatish, yangidan tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan, tadbirkorlik qilishga moyilligi va salohiyati mavjud boʻlgan fuqarolarda tadbirkorlik koʻnikmalarini hosil qilish, shuningdek, mavjud tadbirkorlik subyektlari faoliyatini kengaytirish orqali mahallalarda yangi ish oʻrinlarini yaratishiga koʻmaklashadi. Bir soʻz bilan aytganda, tijorat bankidan biriktirilgan doimiy vakil mahalla fuqarolar yigʻini raisiga iqtisodiy jihatdan maslahatlar beradi.
«Mahallabay» ishlash tizimida mahallani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida sektorlarning har birida hudud iqtisodiy kompleksining malakali xodimlaridan iborat boshqaruv ofislari tashkil etiladi. Mazkur mutaxassislar mahallaga biriktirilgan bank xodimlari bilan birga, joylardagi sharoitni oʻrganib, loyihalarni shakllantiradi va amalga oshirishga koʻmaklashadi.
«Mahallabay» ishlash tizimiga asosan aholida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun zaruriy koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan kasbga oʻrgatish (oʻqitish) tizimini joriy etish, mazkur jarayonga xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar va nodavlat taʼlim tashkilotlarini keng jalb qilish koʻzda tutilgan. Mahallalardagi yoshlar va xotin-qizlarning tadbirkorlik tashabbuslarini roʻyobga chiqarishda amaliy yordam koʻrsatish orqali kambagʻallikni qisqartirish, aholining bandligini taʼminlash masalalari ham ushbu tizimning mohiyatini oʻzida ifodalaydi.
Banklar tomonidan mijozlarga loyihalarni amalga oshirish uchun samaradorlik va daromadlilik tamoyillaridan kelib chiqqan holda biznes-rejalarini tayyorlash, tadbirkorlar faoliyatiga tizimli ravishda konsultatsiya xizmatlarini koʻrsatish va tegishli biznes axborotlarini berib borish boʻyicha bankning quyi boʻgʻin xodimlarini toʻliq qayta tayyorlash va mijozga yoʻnaltirilgan xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish yoʻnalishlari belgilangan.
Mahallaning “oʻsish nuqtalari”ni (ixtisoslashuv yoʻnalishlarini) aniqlash va yangi tadbirkorlik, shu jumladan “drayver” loyihalarini amalga oshirishda tashabbuskorlarga koʻmaklashish va shu orqali iqtisodiy oʻsishni taʼminlash hamda joylarda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun toʻsiq boʻlayotgan (yer ajratish, qurilish uchun ruxsat berish, turli xil faoliyatlar uchun litsenziya olish, boʻsh bino va yer maydonlarini tadbirkorlik uchun ajratish, kommunikatsiya tizimlariga ulanish)muammolarni tezkorlik bilan hal etish «mahallabay» ishlash tizimining negizini tashkil etadi.
«Mahallabay» ishlash tizimida har bir mahallada:
1. Har bir xonadonning daromad manbalari, mavjud shaxsiy tomorqa xoʻjaligidan foydalanishda holatini «xonadonbay» tartibda oʻrganiladi;
2. Xonadonlardagi har bir mehnatga layoqatli, ishsiz kishi boʻyicha «fuqarobay» tartibda qiziqish va intilishlari, mavjud salohiyati baholanadi;
3. Har bir fuqaro qiziqish va intilishlarini amalga oshirish boʻyicha loyihalar ishlab chiqish va uni “boshqaruv ofisi”ga yoʻnaltirish orqali aniq maqsadli koʻmaklashish;
4. «Fuqarobay» tartibda ishlab chiqilgan loyihalarning amalga oshirilishi jarayonini muntazam monitoring qilib borish;
5. Mahallalardagi mavjud foydalanilmayotgan bino va yer maydonlaridan samarali foydalanishga erishish;
6. Mahallalardagi tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi muammolarni oʻrganish, uni hal etishga koʻmaklashish maqsadida loyihalar ishlab chiqish va uning yechimi boʻyicha “boshqaruv ofisi”ga takliflar kiritish.
«Mahallabay» ishlash tizimida mahallaga biriktirilgan tijorat banki doimiy vakili umumiy vazifalari quyidagilardan iborat:
aholining daromad manbalarini, shu jumladan, norasmiy daromadga ega boʻlgan tadbirkorlarni oʻrganish;
ishsiz aholini, xususan, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻrgatish talabini aniqlash va tegishli takliflarni tuman muvofiqlashtirish guruhiga muntazam kiritib borish;
aholi biznes xohish-istagini oʻrgangan holda ularni tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga, shu jumladan kredit olishiga koʻmaklashish;
mahalladagi tadbirkorlarning mavjud muammolarini oʻrganish va ular faoliyatini kengaytirish yuzasidan takliflarni tuman muvofiqlashtiruvchi guruhlarga taqdim etish;
mahallada foydalanishga topshirilgan loyihalar natijadorligi va samaradorligini oʻrganib borish va monitoring qilish;
mahalla raisi va faollari bilan doimiy muloqotda boʻlib, mahallani rivojlantirish va aholini doimiy daromad bilan taʼminlash borasida tuman ishchi guruhga takliflar ishlab chiqish.
Aholi tadbirkorligi va bandligini taʼminlash boʻyicha quyidagilarni amalga oshirish zarur hisoblanadi:
mahalla aholisi band boʻlgan yoʻnalishlar va asosiy daromad manbalarini, shuningdek qoʻshimcha imkoniyat “drayver”larni xonadonlarda (kuniga 3-4 tadan xonadonda) muloqot oʻtkazish orqali oʻrganish;
mahalla raislari bilan birga tadbirkorlik va kasb-hunar oʻrganish istagida boʻlgan aholi reyestrini shakllantirish hamda oʻquvlarda qamrab olish uchun Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazi va Bandlik organlariga yoʻnaltirib borish;
“Har bir oila — tadbirkor” davlat dasturlari doirasida oldingi yillarda imtiyozli kredit olgan oilalar bilan (kuniga oʻrtacha 10 ta xonadonda) ular tadbirkorligini rivojlantirish yuzasidan uchrashuvlar oʻtkazish;
norasmiy daromadga ega boʻlgan tadbirkorlar (kuniga oʻrtacha 4-5 ta subyekt) bilan muloqotlar oʻtkazib, ular faoliyatini kengaytirish va rasmiy tashkil etishga har tomonlama koʻmaklashish;
mahallaning oʻsish nuqtalari va drayver yoʻnalishlari boʻyicha investitsiya loyihalarini shakllantirish boʻyicha mavjud tadbirkor va tashabbuskor aholi (kuniga oʻrtacha 8-10 nafar) bilan muloqotlar oʻtkazish;
ijtimoiy dasturlar doirasida yoshlarga ajratilgan yerlar, kreditlar, subsidiyalardan samarali foydalanish holatini oʻrganish (kuniga oʻrtacha 2-3 nafar);
oʻquv kurslarini tamomlagan va tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan aholiga biznes loyihalar tayyorlash, bank kreditlarini jalb etish va biznes yuritishga koʻmaklashish (kuniga oʻrtacha 2-3 nafar aholiga);
mavjud tadbirkorlar (oʻrtacha 3-4 nafar ) bilan joyiga chiqqan holda 3 ta toifaga (shu mahallada yashab, shu mahallada tadbirkorlik qilayotgan; shu mahallada yashab, boshqa mahallada tadbirkorlik qilayotgan; boshqa mahallada yashab, shu mahallada tadbirkorlik qilayotgan) ajratib, ularning muammo va takliflarini oʻrganish;
mahallada foydalanishga topshirilgan investitsiya va tadbirkorlik loyihalari natijadorligi va samaradorligini oʻrganish hamda bu borada doimiy monitoring yuritish;
faoliyat koʻrsatmayotgan (oʻrtacha 3-4 ta) tadbirkorlik subyektlarining faoliyatsizlik sabablarini oʻrganib, ular faoliyatini tiklash imkoniyatlari hamda muammo va masalalarini oʻrganish;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan infratuzilma obyektlaridagi muammo va kamchiliklar, shuningdek tadbirkorlar takliflarini oʻrganish.
Ijtimoiy holatni oʻrganishda quyidagilarni amalga oshirish zarur hisoblanadi:
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar (oʻrtacha 5 ta oila) bilan muloqot oʻtkazish, ularni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha koʻrilayotgan choralar bilan tanishish;
“Yoshlar daftari”ga kiritilganlar bilan muloqotlar oʻtkazish, hal etilmagan masalalar yuzasidan koʻmak berish choralarini koʻrish;
“Ayollar daftari”ga kiritilganlar bilan muloqotlar oʻtkazish, hal etilmagan masalalar yuzasidan koʻmak berish choralarini koʻrish;
Mahallada maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalarning maktabgacha taʼlimdagi qamrovi va mavjud MTMlar faoliyati bilan tanishib, aniqlangan kamchiliklarni hal etilishini tashkillashtirish;
Maktab yoshidagi bolalarning taʼlimdan foydalanish imkoniyatlari va bitiruvchilarning oliy taʼlimga kirish koʻrsatkichini yaxshilash boʻyicha koʻrilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlarni oʻrganish;
Aholining tibbiy xizmat bilan taʼminlanganlik holati, jumladan qishloq vrachlik punktlaridagi holat va qatnovlar sonini tahliliy oʻrganish;
Mahalla aholisining maʼnaviyatini yuksaltirishga qaratilgan shart-sharoitlar va mavjud imkoniyatlarni oʻrganish.
Infratuzilma obyektlarini oʻrganishda quyidagilarni amalga oshirish zarur hisoblanadi:
ichki yoʻllar, jumladan taʼmirtalab, kapital taʼmirlash, shagʻal yotqizish, koʻpriklarni taʼmirlash, yangi yoʻl qurish kabi ehtiyojlarni oʻrganish.
elektr taʼminoti holati, jumladan elektr kuchlanishi past boʻlgan koʻchalar, simyogʻochlarni almashtirish kabi ehtiyojlar oʻrganiladi;
xonadonlarning tabiiy gaz yoki gaz balonlar bilan taʼminlanish holati, bu boradagi mavjud muammo va kamchiliklar oʻrganiladi;
aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik holatini oʻrganish hamda ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlanadi;
mahallada koʻp qavatli uylar mavjud boʻlsa, ularning holatini, jumladan kanalizatsiya, obodonlashtirish, taʼmirlash va yangi koʻp qavatli uylar qurish masalalarini oʻrganadi.
Hafta davomidagi yuqorida oʻrganish natijasida olingan maʼlumotlarni, jumladan muammo va takliflarni umumlashtirgan holda sektor boshqaruv ofisiga taqdim etib boradi.
«Mahallabay» ishlash tizimi doirasida shahar va tumanlarni mahallabay tizimda rivojlantirish maqsadida sektorlarning har birida iqtisodiy kompleksning malakali xodimlaridan iborat boshqaruv ofislari tashkil etildi. Boshqaruv ofislari «Mahallabay» ishlash tizimining ishchi organi hisoblanadi. Ularning aʼzolari oʻrtacha 5-10 nafardan iborat tijorat banklari va iqtisodiy blok xodimlaridan shakllantiriladi.
Boshqaruv ofislarining asosiy faoliyati har bir mahallaning iqtisodiy salohiyati va “drayver” sohalaridan (oʻsish nuqtalari) kelib chiqib, tadbirkorlik loyihalarini ishlab chiqadi va amalga oshirishni taʼminlaydi.
Boshqaruv ofislarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
iqtisodiy salohiyati va “drayver” sohalardan kelib chiqib istiqbolli tadbirkorlik loyihalari roʻyxatini shakllantirish hamda loyiha oldi hujjatlarini ishlab chiqishda amaliy koʻmaklashish;
tadbirkorlik subyektlari muammolarini aniqlash va ularni yechish boʻyicha takliflarni tuman muvofiqlashtiruvchi guruhiga kiritib borish;
mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini doimiy monitoring qilish va natijalari boʻyicha tuman muvofiqlashtiruvchi guruhga tegishli takliflarni muntazam kiritish;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni turlari, sifati va hajmini oshirish maqsadida tegishli soha mutaxassislarini (shu jumladan vaqtinchalik mehnat shartnomasi asosida) jalb qilish.
Boshqaruv ofislari tomonidan har bir mahallalarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratilishi lozim:
mahallalarda “drayver” sohalarni rivojlantirish uchun ishlab chiqilgan yangi loyihalar roʻyxati shakllantirilib, mahallani ijtimoiy - iqtisodiy rivojlantirish (TIAsini tayyorlab) dasturni ishlab chiqiladi;
mahallalarda xizmat koʻrsatish va servis, hunarmandchilik va boshqa sohalari boʻyicha loyihalar yoʻnalishlari va sonini aniqlanib, aholining ushbu sohada kasbiy koʻnikmalarining holati va talabini oʻrganish va tahlil qilinadi;
aholi tomorqalariga xizmat koʻrsatish yoʻnalishlari va bu borada aholiga koʻmak beruvchi “Tomorqa xizmati” tashkilotlari aniqlanib, zarur infratuzilma (urugʻ yetkazib berish, veterinariya, oʻsimliklarni himoya qilish) yaratilishi tahlil qilinadi;
hududlarni ixtisoslashuvidan kelib chiqib, boʻsh turgan yerlarni samarali foydalanish (auksionga chiqarish) maqsadida yangi loyihalarni amalga oshirish hamda kichik sanoat zonalari tashkil etish boʻyicha taklif tayyorlanadi;
mahallaning ijtimoiy holatini yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi.
Sektor boshqaruv ofislari tomonidan amalga oshiriladigan vazifalarning haftalik taqsimot rejasi ishlab chiqiladi.
Tuman (shahar) va viloyat muvofiqlashtiruvchi guruhlari. Mahallaga biriktirilgan bank vakillari va sektor boshqaruv ofislari xodimlarining faoliyat natijadorligini doimiy monitoring qilish.
Har bir mahalla boʻyicha ijtimoiy-iqtisodiy koʻrsatkichlarni yaxshilash boʻyicha tayyorlangan kompleks dastur (TIA) larni Xalq deputatlari tuman Kengashlariga muhokamaga kiritadi va tasdiqlab, ijrosini tashkil etadi.
Sektor boshqaruv ofislari orqali kelib tushgan tuman va shahar darajasida hal etilishi lozim boʻlgan masalalar yechimini taʼminlaydi.
Boshqaruv ofislari va mahallarga biriktirilgan doimiy vakillar tomonidan mahallada aniqlangan muammolarni viloyat va tuman muvofiqlashtiruvchi guruhlari tomonidan joyida bartaraf etish. Boshqaruv ofislari va mahallarga biriktirilgan doimiy vakillar tomonidan kelib tushgan muammolar asosan tizimli xarakterga ega boʻlib, quyidagi toifa boʻyicha ajratilishi tavsiya etiladi: tadbirkorlar, ijtimoiy himoyaga muhtojlar, ishsizlar, infratuzilma, sogʻliqni saqlash, taʼlim.
Muammoni oʻrganish va uni hal etish quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi: