Gippokrat (mil.av. 460-377) ilmiy tibbiyot asoschilaridan biri. Gippokrat Yunonistonda mashhur bo‘lgan shifokor gippokratlar sulolasining o‘n sakkizinchi avlodi. Gippokrat tibbiyotga oid ma’lumotni Geraklitdan olgan. Unga qarashli 75 ga yaqin asar bo‘lib, ular "Majmuayi Bukrotiya"("Bukrot to‘plami") nomi bilan mashhur bo‘lgan. Bu asarlarning ko‘pchiligini Gippokrat vafotidan keyin o‘g‘illari va shogirdlari yozishgan. Uning asarlari ichida eng mashhuri "Kitob al-Fusul" ("Aforizmlar") kitobi bo‘lgan. Gippokrat asarlari G‘arb va Sharq shifokorlari qo‘lida mo‘tabar qo‘llanma bo‘lib keldi.
Gippokrat tibbiyotni kohinlar ta’siridan qutqardi va uning mustaqil rivojlanish yo‘llarini ta’rifladi, Tashqi muhit omillarini (iklim, tuprok, suv, kishilarning hayot yo‘sini, mamlakat konunlari va boshka) odamning jismoniy va ruhiy xususiyatlarining shakllanishiga ta’siri jihatdan ajratdi. Gippokrat tibbiyot geografiyasiga asos soldi. Kasallik etiologiyasi (kasallik sababi) va uni aniqlash (diagnostika) masalalarini, davolash tizimini ishlab chiqdi. Shifokor xulq-atvorining qisqacha ta’rifi bilan qasamyod ("Gippokrat kasamyodi") matnini yozgan. Gippokratni tibbiyotning otasi deb ataydilar.
Demokrit (mil. av. 460-370) atomistik nazariya asoschilaridan biri. Falsafa, mantiq, fizika, matematika, texnika, axloq, musiqa kabi sohalarda asarlar yozgan. Demokrit ta’limotiga ko‘ra, tabiat ob’ektiv ravishda mavjud. Tabiatdagi barcha narsa va hodisalar bo‘linmas zarralar-atomlardan tashkil topgan.
Atomlar eng mayda, bo‘linmas va o‘zgarmas, boqiy, moddiy zarralar bo‘lib, fazoda doimo har tomonga harakat qiladi. Zarralarning har xil qo‘shiluvidan turli narsalar vujudga kelgan. Hatto odamning joni ham eng nozik harakatchan atomlardan tashkil topgan. Atomlar hajmi, shakli, tartibi va holati bilan bir-biridan farq qiladi; sifat jihatdan esa bir xil, ya’ni rang, hid, maza kabi sifatlar atomga tegishli bo‘lmay, balki sub’ekt sezgi organlari mahsulidir.
Atomlar bilan bir qatorda vakuum- bo‘shliq mavjud. Atomlar harakati tasodifiy bo‘lmay, muayyan qonuniyatlarga bo‘ysungan holda sodir bo‘ladi.
Harakatni materiyadan ajratish mumkin emas. Atomlar harakatining vaqt nuqtai nazaridan boshi yo‘q, u abadiy. Demokrit olam cheksiz va abadiy, dunyolar vujudga kelib, yo‘q bo‘lib turadi, jon ham moddiy va tana bilan birga o‘ladi degan fikrlarni ilgari surdi.
Bilish nazariyasida Demokrit moddiy olamni bilish va haqiqatga erishish mumkinligini ta’kidladi, bilish jarayonida sezgi va tafakkur ahamiyatini ko‘rsatdi. Uningcha, sezgilarimiz (ko‘rish, eshitish, maza bilish) orqali olingan bilim «qorong‘i», u olamning mohiyatini ochib bera olmaydi. Aql orqali olingan bilim «yorug‘», haqiqiy bilimdir. Demokrit ilgari surgan g‘oyalar uzoq yillar davomida fan rivojiga ta’sir ko‘rsatdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |