TILSHUNOSLIKDAN UMUMIY MA`LUMOT
§. Tilshunoslik fani, uning o`rganish obyekti va turlari
Manbalardan ma`lumki, hozirgi zamon fanlarini quyidagi yirik guruhlarga ajratish mumkin:
Tabiiy fanlar.
Texnika fanlari.
Ijtimoiy-gumanitar fanlar.
Matematika fanlari1.
Tilshunoslik fani ijtimoiy-gumanitar fanlar guruhiga mansub bo`lib, inson tili, ya`ni so`zlashuv quroli uning o`rganish obyektidir. “Tilshunoslik terminlarining izohli lug`ati”da bu fanga shunday ta`rif beriladi: “Tilshunoslik til haqidagi, uning ijtimoiy tabiati,, vazifasi, ichki tuzilishi, tasnifi haqidagi; muayyan tillarning ish ko`rish (faoliyat) qonunlari va tarixiy taraqqiyoti haqidagi fan”2.
Tilshunoslik fani yuqoridagi guruh fanlarning ko`pchiligi bilan aloqadordir.
Tilshunoslik va tabiiy fanlar. Har qanday til tovush tilidir, chunki nutq tovushlarning muayyan ketma-ketligidan iborat bo`lgan so`zlardan tashkil topadi. Nutq tovushlari esa fizika fanining akustika bo`limida ham o`rganiladi. Nutq faoliyati insonning markaziy asab tizimi yordamida boshqariladi, demak, tilshunoslik fani fiziologiya fani bilan aloqada bo`lishi lozim. Kimyo fanida valentlik degan tushuncha mavjud. Bu molekula tarkibidagi atomning boshqa atom bilan bog`lanish xususiyatidir. Xuddi shu xususiyat tildagi so`zlarda ham mavjuddir. Masalan, qizil, shirin, achchiq, yirik so`zlari olma so`zi bilan bog`lana oladi, lekin yupqa, aqlli, a‘lochi, beg`am, ozg`in so`zlari olma so`zi bilan bog`lana olmaydi.
Tilshunoslik va ijtimoiy-gumanitar fanlar. Har qanday fan falsafa bilan bog`liq, chunki falsafa barcha fanlarning kelib chiqish manbasi sifatida tan olingan. Tilshunoslik fani, birinchidan, falsafaning bilish nazariyasi bilan bog`langan bo`lsa, ikkinchidan, bu fan bilan shug`ullanuvchi mutaxassis o`z tadqiqotlarida muayyan falsafiy yo`nalishga tayanadi.
Ma`lumki, adabiyot so`z san`ati sifatida tan olingan. Demak, tilshunoslikning markaziy tushunchalaridan bo`lmish so`z adabiyot uchun ham asosiy qurol bo`lib xizmat qiladi. Shunday ekan, tilshunoslik adabiyotni o`rganadigan adabiyotshunoslik fani bilan chambarchas bog`liqdir.
Tilshunoslik tarix fani bilan bog`liq, chunki til tarixi shu tilning egasi bo`lmish millat tarixining bir qismidir.
Siz ”mantiqiy fikr”, ”bu mantiqqa to`g`ri kelmaydigan fikr” degan gaplarni eshitgansiz. Bu esa tilshunoslik va mantiq fanlarining o`zaro bog`liq ekanligini ko`rsatadi. Har ikkala fanni birlashtiruvchi narsa tafakkurdir. Tafakkur tilda so`z, so`z birikmasi va gaplar orqali namoyon bo`lsa, mantiqda hukm, tushuncha va xulosalar ko`rinishida aks etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |