Buyruq-istak mayli
Bu mayldagi fe`l kelasi zamonga oid bo`lib ish-harakatni bajarish yoki bajarmaslik haqida buyurish, so`rash, istash, iltimos, maslahat, undash-chaqirish kabi ma`nolarni anglatadi va III guruh tuslovchi affikslar bilan o`zgaradi: o`qiy (o`qiyin), o`qigin (o`qi), o`qisin; o`qiylik, o`qingiz, o`qisinlar kabi.
Buyruq-istak maylining I shaxsi istak iltimos, undash-chaqirish ma`nolarini (I shaxsda buyurish, iltimos ma`nolari ifodalanmaydi); II-III shaxsi buyruq, iltimos, maslahat o`rni bilan do`q
kabi ma`nolarni ifodalaydi va ma`nolarning har biri o`ziga xos intonatsiya bilan ajralib turadi. Masalan: 1. O`z shaxsiy foydangni izlama, xalqning foydasini izla, xalqqa mashaqqat yukki tushirib, uni qiynama, o`zing yuk ko`taruvchi bo`l (YUsuf Xos Xojib). 2. Naqadar buyuk zamonda yashayotganligimizni unutmaylik (I.Karimov) birinchi misolidagi izlama, izla, qiynama, bo`l fe`llari II shaxs (nol ko`rsatkichli shaklda)da kelib maslahat, iltimos kabi ma`nolarni, ikkinchi misoldagi unutmaylik fe`li I shaxs ko`plikda kelib, shu harakatni bajarishga undash, shu bilan birga istak, xohish kabi ma`nolar bildiriladi.
Shart (istak) mayli
Bu mayldagi fe`l birinchidan, ma`lum ish-harakatning yuzaga chiqishi uchun undan oldin bajarilishi shart bo`lgan ish-harakatni ifodalaydi. Bunda shart maylidagi fe`l ergash gapning kesimi vazifasida keladi. Masalan: Bolalaring senga qanday munosabatda bo`lishini istasang, ota- onangga ham shunday munosabatda bo`l (Tafakkur gulshani). Ikkinchidan, bu shakldagi fe`lning o`zi orzu-istak, xohish, maslahat, iltimos kabi ma`nolarni ifodalaydi va sodda gapning yoki qo`shma gaplarda bosh gapning kesimi vazifasida qo`llanadi: Qani endi inqilob bo`lsa-yu, mehnatkash xalq xonni ag`darib mamlakatni o`zi idora qilsa, hamma erkin nafas olsa (N.SHaripov). Qani endi bu qirlarga ko`klamda chiqsang. Onajon, shu suratni menga bersangiz (A.Q.)
Ko`rinadiki, shart maylidagi fe`l kelasi zamon tushunchasini anglatib, shart-istak ma`nosi fe`lning buyruq-istak maylidan bosh shaklga –sa qo`shimchasini qo`shish va tuslash orqali shakllanadi: o`qisam, o`qisang, o`qisa; o`qisak, o`qisangiz, o`qisalar kabi.
Shart mayli formasidagi fe`l edi, ekan to`liqsiz fe`llar bilan; kerak, bo`lmoq, ehtimol kabi modal ma`noli so`zlar bilan birga qo`llanishi mumkin: o`qisa edi, o`qisa ekan; o`qisa kerak, o`qisa bo`ladi kabi. Bunday shaklda kelgan fe`llar tilak, orzu, gumon, noaniqlik kabi ma`nolarni bildiradi: Nahotki Muqaddas shu yotoqxonada tursa? (O.Y.). bu erda sho`r imoratning ofati bo`lsa kerak (A.Q.). Xo`sh, endi sizlarga nima sovg`a bersam ekan (O.).
Shuningdek, shart maylidagi fe`l qo`shma gapning bir necha turlarida ergash gapni bosh gapga bog`lash uchun xizmat qiladi: Ertalab derazadan qarasam, hamma yoq oppoq... (O.). To`tiqiz... dugonasini o`ylasa, xolasi o`z ko`ksida panoh topgandek bag`riga kirib olgan jiyanini o`ylar edi (M. Ismoiliy).
Do'stlaringiz bilan baham: |