Lingvistikaning boshqa fanlar bilan munosabati. Tilshunoslikning zamonaviy yo‘nalishlari
Reja:
Lingvopoetika.
Psixolingvistika.
Etnolingvistika.
Sotsiolingvistika.
Mentalingvistika.
Neyrolingvistika.
Matematik lingvistika.
Kognitiv lingvistika (kognitologiya).
Asosiy tushunchalar
Lingvopoetika, psixolingvistika, etnolingvistika, sotsiolingvistika, mentalingvistika, neyrolingvistika, matematik lingvistika, kognitiv lingvistika.
LINGVOPOETIKA
Til tinglovchiga ta’sir qiladigan qudratli vosita bo‘lgani uchun tilshunoslik fani adabiyot bilan uzviy bog‘liq va bu lingvopoetika fanini yuzaga keltirgan. Lingvopoetika – badiiy asarlarda qo‘llanilgan lingvistik birliklarning badiiyestetik vazifalarini, tilning konnotativ funksiyasini o‘rganadi. Badiiy til keng qamrovli ob’ekt sifatida funksional darajalangan qismlarga, fragmentlarga bo‘linish xususiyatiga ega. Biroq amalda ushbu ob’ektning ayrim fragmentlarigina badiiy nutq tahliliga beriladi. Demak, badiiy nutq keng tushuncha bo‘lib, badiiy asar tili badiiy nutqning bir ko‘rinishi, bir fragmenti hisoblanadi. U tilning ekspressiv funksiyasini o‘z ichiga olgani uchun, til sistemasining barcha sath birliklarining badiiy-estetik funksiyasini qamrab oladi. Shundan kelib chiqib, lingvopoetika fonetik poetika, leksik poetika, sintaktik poetika kabi turlarga bo‘linadi. Lingvopoetikaning vazifasi ushbu sohalarni alohida-alohida o‘rganish va ularning o‘zaro munosabatini ham yoritib berishdan iborat.
Jumladan, fonetik-fonologik sathda bir xil tovushlar bir xil bo‘g‘inlarning takrorlanib kelib, assonans (bir xil unlilarning takrorlanib kelishi), alliteratsiya (bir xil undoshlarning takrorlanib kelishi) hodisalarini yuzaga keltirishi hamda ta’sirchanlikni yuzaga keltiruvchi vosita sifatida xizmat qilishi o‘rganiladi. hodisalarini bunga Masalan, Odamiy ersang demagil odami, onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami (A.Navoiy) aforizmidagi o tovushining takrorlanib kelishi assonans hodisasi, Derazamning tagida bir tup o‘rik oppoq bo‘lib gulladi (H.Olimjon) she’rida oppoq so‘zida p tovushining alohida ohang bilan takror aytilishi,
Qaro qoshing, qiyiq qoshing, quyuq qayrilma qoshing, qiz, Qilib qatlimg‘a qasd, qilich qayrab qotil qaroshing, qiz.
Qafasda qalb qushin qiynab, qanot qoqmoqqa qo‘ymaysan,
Qarab qo‘ygin qiyokim, qalbni qizdirsin quyoshing, qiz. (E.Vohidov) she’rida q tovushining takrorlanib kelishi nutqning ifodaviyligini oshirib, kuchli ta’sirchanlikni yuzaga keltirgan.
Leksik sathda leksemalarning ko‘chma ma’nolarda qo‘llanishi (masalan, Aqlu balog‘atning shotilaridan yuksala beringiz sekundlar sayin (G‘.G‘ulom) she’ridagi shoti so‘zi bosqich ma’nosida ishlatilgan ) sintaktik sathda esa gap bo‘laklarining joylashishi, gap tarkibida bir xil bo‘laklarning takrorlanib kelishi (masalan, Aziz asrimizning aziz onlari aziz odamlardan so‘raydi qadrin (G‘.G‘ulom) she’rida aziz so‘zining takror kelishi, Rozimasman bir yosh tomsa ko‘zimdan, rozimasman sal rang ketsa yuzimdan, Yo‘l oshsam-u, sal yashashdan adashsam, rozimasman unda tamom o‘zimdan (H.Olimjon) she’rida rozimasman, sal so‘zlarining, Har bahorda shu bo‘lar takror, har bahor ham shunday o‘tadi misrasida har bahor birikmasining takror qo‘llanishi kabi hodisalar badiiy nutqda ta’sirchanlikni orttiruvchi vosita sifatida xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |