Til sathlari klassifikatsiyasi.
Til sathlari bo‘yicha metodlar.
Til sathi tushunchasi va uning tasniflanishi.
Til sathi bir xil qiymatga ega bo‘lgan til birliklari majmuidir. Til sathi tushunchasining ilmiy asosi Amerika deskriptiv tilshunosligida yaratilgan. Til sathlari oliy va quyi sathdan iborat bo‘lishi e’tirof etiladi. Masalan: quyi sath (fonemalarning tuzilishi) va oliy sath (so‘zlarning tuzilishi). Til sathlari yig‘indisi til tizimini tashkil etadi. Har bir sath o‘z birligiga ega va mazkur sath murakkablik darajasiga ko‘ra, o‘zaro bir xil birliklardan iborat bo‘ladi. Zero, til birligi murakkablik va vazifaviy nuqtai nazardan o‘zaro farqlanadi. Til birliklari nutqiy faoliyat jarayonida boshqa (sath) birliklar bilan munosabatga kirishadi. Bunday munosabatlar sintagmatik, paradigmatik va ierarxik darajada bo‘ladi. Bunda til birliklarining birikishi ketma- ket tartibda amalga oshsa, sintagmatik (kombinatorlik) munosabatga kirishadi, agar til birliklarining birikishi ularning o‘zaro umumiy va o‘xshash xususiyatlari asosida amalga oshsa, paradigmatik (assotsiativ) munosabatga kirishadi. Ierarxik munosabatga ko‘ra, oddiy, soddaroq til birliklari murakkabroq birliklar bilan birikadi.
Til sathlarini ajratish mezoni til birliklarining ichki yaxlitligiga egaligi, sintagmatik, paradigmatik va ierarxik munosabatlarga kirisha olishi kabi tamoyillarga asoslanadi.
Til sathlari klassifikatsiyasi.
Til sathlari klassifikatsiyasi turlicha amalga oshirilsa-da, bir xil asosga ega. Masalan, T.Bushuy va Sh.Safarovlarning e’tirof etishicha, til sathlari quyidagilardan iboratdir:
Fonetik-fonologik sath (fonema);
Morfem-morfologik sath (morfema);
So‘z yasash sathi (so‘z strukturasi va yangi so‘z yasalishi);
Sintaktik sath (so‘z birikmasi, gap);
Leksik-semantik sath (so‘z, frazeologik birlik).
Tilshunos olim Z.Xolmonova til sathlarini quyidagicha qayd etadi:
Fonetik-fonologik sath;
Lug‘at sathi;
Grammatik sath.
Fonetik-fonologik sath.
Ushbu sath nutq tovushlarini turli nuqtai nazardan o‘rganadi. Xususan, nutq tovushlarining akustik (hosil bo‘lishi), artikulyatsion (talaffuz qilinishi), fiziologik xususiyatlari fonetikada o‘rganilsa, uning funktsional (ma’no farqlash) tomoni fonologiyada o‘rganiladi. Fonetikaning nazariy, amaliy, segmental, supersegmental kabi ko‘rinishlari bor. Fonetika nuqtai nazaridan, nutqning fraza, takt, bo‘g‘in, nutq tovushlari kabi elementlari farqlanadi. Fonologiya nutqning funktsional aspekti bilan shug‘ullanadi. Bunda nutq tovushlari (fonema)ning ma’no farqlash vazifasi o‘rganiladi.
Lug‘at sathi. Ushbu sath tilda mavjud so‘zlar yig‘indisidan iborat. Ushbu sathda leksikologiya (so‘z ta’rifi, lug‘atning o‘zgarishi, so‘zlarning o‘zaro munosabati), etimologiya (so‘zlarning boshlang‘ich ma’nosi va shakliy o‘zgarishi), leksikografiya (lug‘at va uning tuzilishi), semasiologiya (so‘z ma’nosi va uning taraqqiyoti) kabi bo‘limlar ajratiladi.
Grammatik sath. Tilning mazkur sathi o‘z ichiga so‘zlarning grammatik formasi, so‘z birikmalari, gaplarni qamrab oladi. Grammatik sath birliklariga morfema, so‘z birikmasi, gap, murakkab sintaktik butunlik, abzats, matnlar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |