Viloyat iqtisodiyotining hududiy tarkibi va asosiy muammolar. Qashqadaryo viloyatida eng avvalo ikkita shakllanayotgan asosiy ichki iqtisodiy rayon ajratiladi. Quyi mintaqa yoki Qarshi iqtisodiy rayoni paxta va g’alla, chorvachilikka, neft-gaz, tog’-kon hamda elektroenergetikaga ixtisoslashgan. Uning tarkibiga Qarshi shaxri, Qarshi, Nishon, Muborak, Kosoy, G’uzor, U.Yusupov, Kasbi va Baxoriston tumanlari kiradi.
Yuqori yoki Shaxrisabz iqtisodiy rayonida ko’proq agrosanoat majmuasi rivojlangan. U Shaxrisabz, Yakkabog’ va Kitob tumanlarini birlashtiradi. Bu ikki shakllangan rayonlardan tashqari Qashqadaryo geografi M.Yangiboev yana ikki «oraliq» Shimoliy (Chiroqchi tumani) va Janubiy (Dexqonobod va Qamashi tumanlari) rayonlarni ham ajratgan. Albatta, bu yangi rayonlarda hududiy ishlab chiqarish majmuasining shakllanishi kelajakda yuz berishi mumkin.
Ishlab chiqarishni to’g’ri joylashtirish va uning xududiy tashkil etilishini takomillashtirishdan boshqa muammolar ham dolzarbdir. Ular jumlasiga mehnat resurslari va rekreatsiya boyliklaridan foydalanish, yoqilg’i-energetika va qurilish sanoati bazasini mustaxkamlash, transport va ijtimoiy infrastrukturani rivojlantirish muxim hisoblanadi. Qishloq sanoati va infrastrukturasini yaxshilash, aholini toza ichimlik suvi va tabiiy gaz bilan ta’minlash ham mintaqaviy muammolar sirasiga kiradi.
Tabiiy gaz zaxirasiga eng boy bo’lgan viloyatda ana shu yoqilg’i bilan ta’minlanganlik darajasining nixoyatda pastligi ayanchli holdir. Mazkur ko’rsatkich viloyat bo’yicha o’rtacha 55,2 foizga teng, holos. Dexqonobod, Qamashi, Chiroqchi, Yakkabog’ tumanlarida esa u yanada pastroq (ularning ba’zilarida mazkur ko’rsatkich xatto 20 foizga ham etmaydi). Dexqonobod tumanida toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi viloyat o’rtacha ko’rsatkichidan ikki barobar past.
Shunday qilib, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari iqtisodiyotida o’xshashlik hamda farqlar mavjud. Ularning rivojlanishini o’zaro muvofiqlashtirish, viloyatlararo iqtisodiy integratsiya jarayonlarini kuchaytirish, yoqilg’i-energetika (Surxondaryodagi ko’mir konlari asosida ham).
Tog’-kon kimyosi, mintaqa transport tizimini shakllantirish bu erda yagona iqtisodiy rayonning shakllanishiga olib keladi. Qolaversa, O’zbekiston kartasida bu ikki viloyat xududi mamlakatning janubida alohida ajralib turadi, xatto ularning kartasi ham ko’pincha birgalikda, yaxlit tuziladi. Binobarin, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarini Janubiy iqtisodiy rayon doirasida ko’rish xar tomonlama asoslarga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |