Yurish va yugurish deyarli hamma qushlarga xosdir. Istisno tariqasida sira yura olmaydigan jarqaldirg’ochlarni ko`rsatish mumkin. Chunki ularning oyoqlari juda kalta, to`rtala barmoqlari ham oldinga qaratilgan. Qanotlari esa juda uzun va o`tkir. Qushlarning har xil guruhlari turlicha yuradi. Daraxt shoxlarida qushlar, odatda sakrab harakat qiladi (qizilishton, chumchuqsimonlar). To`tiqushlar daraxt shoxlarida yurganda tumshug’idan ham foydalanadi. Ko`pchilik qushlar yerda sakrab yuradi (chumchuqlar), boshqalari yuradi va yuguradi (qarg’a, mayna, musicha). Eng tez yuguradigan qushlar ucholmaydigan qushlar (ko`kraktojsizlar) bo`lib, ayrim turlari (tuyaqushlar) soatiga 50 km tezlikda yuguradi.
Suzish va sho`ng’ish ham juda ko`p qushlarga xos. Suvda yaxshi suzuvchi qushlarning tanasi biroz yalpoq bo`lib, yelka-qorin tomondan ancha siqilgan, bu esa qushga suvda turg’unlik beradi, suyaklarining pnevmatikligi yaxshi rivojlangan, patlari zich va pari ko`proq bo`ladi. Suzganda oyoqlari, asosan orqa tomonda bo`ladi. Pelikanlar, nayburunlar, qo`ng’irlar, baliqchilar, ko`pchilik g’ozsimonlar haqiqiy suzuvchi qushlar hisoblanadi. Sho`ng’uvchi qushlarning tanasi cho`zilgan va biroz yon tomondan qisilgan bo`ladi. Suyaklarining penvmatikligi kam. Tana zichligi oshadi. Haqiqiy sho`ng’uvchi qushlarga pingvinlar, qoravoylar, chistiklar, qo`ng’irlar kiradi. Suv qatlamida oyoqlari yordamida harakat qiladi. Sho`ng’uvchi qushlar suv tagida 2-3 minut, pingvinlar esa 7-8 minut tura oladi. Bu guruhga havodan sho`ng’ib, suvga inertsiya bilan kiruvchi qushlar ham kiradi. Bunday qushlar suv qatlamidan o`ljasini tutgach, po`kak singari suv yuzasiga chiqarib tashlanadi. Baliqchilar, baliqchi burgut, oq dumli burgut, ko`ktarg’oqlar shu guruhga kiradi.
Qushlarning uchish tezligi ham har xil qushlarda turlicha bo`ladi. O`rmonda yashaydigan kichik chumchuqsimonlar soatiga 25-40 km tezlikda uchadi, kaptarning uchish tezligi soatiga 20 km dan – 60 km gacha, ular shu tezlikda 500-600 km masofani bosadi. Lochinlar o`ljasini tutish uchun soatiga 65 km tezlikda uchadi, o`ljasiga yuqoridan pastga tashlanganda tezligi soatiga 300-350 km gacha yetadi. O`rdaklar va ko`pgina loyxo`raklarning o`rtacha uchish tezligi soatiga 60-80 km, qaldirg’ochlarniki 40-45 km, qarg’alarniki 25-30 km, qorayaloqlarniki 45 km, chillarniki 40 km, jarqaldirg’ochlarniki 100-120 km ga boradi. Primoryeda yashaydigan tikandumli jarqaldirg’och esa soatiga 170 km tezlikda uchadi.
Harorat ham qushlarga, ayniqsa hasharotxo`r qushlarga katta ta`sir qiladi. Shuning uchun harorat past bo`lgan hududlarda hasharotxo`r qushlar kam uchraydi. Harorat suv va suv bo`yida yashaydigan qushlarga ham ta`sir qiladi. Sovuq haroratda yer va suv muzlaydi, natijada qushlar oziq topa olmaydi. Ular -2 -4C0 gacha sovuqqa chiday oladi. Namlik esa qushlarga kam ta`sir qiladi. Chunki qushlarning terisi va pati ularni namlikdan saqlaydi.
Qushlarning hayotida yorug’lik ham muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun ham qushlarning ko`pchilik turlari, asosan kunduzi faol bo`ladi. Yorug’likni ko`p bo`lishi ularga salbiy ta`sir etmaydi. Masalan: shimolda quyosh nurining bir necha oy bo`lmasligi tufayli ko`plab tungi qushlar kunduzi faol hayot kechirishga o`tgan.
Qushlar orasida bir umr suv muhitida va yer ostida yashaydiganlari yo`q.
Qushlar hayot kechiradigan joyining xususiyatlariga qarab quyidagi ekologik guruhlarga bo`linadi:
I. Butazor – o`rmon qushlari.
II. Botqoq – o`tloq qushlari.
III. Cuv qushlari.
IV. Cho`l (dasht) – sahro qushlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |