217-rasm. Xaltali sutemizuvchilar: 1-opossum; 2- xaltali pakana tiyin; 3-gigant kenguru;
4-koala; 5-bandikut (xaltali kunitsa); 6-xaltali krot; 7-xaltali bo`ri.
Ko`pkuraktishlilar (Polyprotodontia) kenja turkumiga barcha yirtqich xaltalilar, hammaxo`r xaltalilar va hasharotxo`r xaltalilarning ko`pchilik turlari kiradi. Ularda kurak tishlar ko`p bo`lib (3-5 tagacha), o`tkir bo`rtmali oziq va qoziq tishlarining yaxshi taraqqiy etganligi bilan xarakterlanadi. Vakillari Avstraliya, Tasmaniya, Yangi Gvineya va Janubiy Amerikada tarqalgan. Ular daraxtda, yerda, ba`zan suvda va yer ostida yashaydi. Bu kenja turkumning tipik vakillariga mushukdek, dumi uzun, uchi gajak, daraxtlarda yashaydigan Amerika opossumlari (Didelphis), hajmi itdek keladigan yirtqich qopchiqli bo`ri (Thylacinus cynosapholus) hamda Tasmaniyada tarqalgan va yer ostida yashaydigan, oldingi oyog’i qisqa barmoqlarida tirnoqlari bor, ko`zi yo`q qopchiqli krot (Notoryctes typhlops) kiradi.
Xaltali yirtqichlar (Dasyuridae) oilasi vakillarining tanasi uzunligi 4 sm dan 130 sm gacha boradi. Sut bezi so`rg’ichlari 2 tadan 12 tagacha bo`ladi. 48-51 ta turi bor. Bu oilaga xaltali suvsar, xaltali bo`ri, xaltali mushuk, xaltali sichqon, xaltali qo`shoyoq, xaltali kalamush, xaltali chumolixo`r va xaltali iblislar kiradi. Bir yilda bir marta 3 tadan 10 tagacha bola tug’adi.
Senolestlar (Caenolestidea) kenja turkumi vakillari unchalik ko`p emas. Ular Janubiy Amerikada yashaydi, bolalarini olib yuradigan xaltasi yo`q. Bu kenja turkumning senolestlar (Caenolestidae) oilasi bo`lib, 3 ta urug’i (Caenolestes, Lestoros, Rhyncholestes) va 7 ta turi bor. Senolestlar tunda faol, tog’ o`rmonlarida yashaydi va hasharotlar bilan oziqlanadi. Tana uzunligi 10-13 sm, dumi uzunligi esa 6-12 sm keladi.
Ikkikuraktishlilar (Diprotodontia) kenja turkumi vakillari o`simliklar bilan oziqlanadi. Bu kenja turkumga kengurular, xaltali tiyinlar (Petaurus), daraxtlarda yashaydigan xaltali ayiq yoki koala (Phasolarcus cinereus), kuskuslar (Phalamgerinae) va yer uyalarida yashaydigan vombatlar (Phascolomys) kiradi. Bularning orasida eng ko`p turlari kengurular (Macropodidae) oilasiga kiradi. Kengurularning 5 ta turi bo`lib, uzunligi 25 sm dan 150-160 sm gacha boradi, dumining uzunligi 15 sm dan 105 sm gacha va og’irligi 1,4 kg dan 80 kg gacha boradi.
Pastki jag’ining har qaysi tomonida 1 tadan va yuqori jag’ining har qaysi tomonida 1-3 tagacha kurak tishlarining bo`lishi, qoziq tishlarining rudimentlashganligi, oziq tishlaridagi bo`rtmalarning to`mtoqligi, orqa oyoqlaridagi ikkinchi va uchinchi barmoqlari qo`shilib ketganligi bilan xarakterlanadi. Ular tekisliklarda, tog’larda va daraxtlarda yashaydi. Gigant kenguru (Macopus rufus) 9-13,5 m uzunlikka va 3 m balandlikka sakraydi, soatiga 50 km tezlikda yuguradi.
Kengurularning mo`ynasi qadimdan foydalaniladi. Ularning mo`ynasi yumshoq va issiq bo`ladi. Ayrim yillari yuz minglab kengurular ovlanib qirib yuborilgan. Ular 17-18 yil yashaydi. Shunisi qiziqki, odamdan ham katta gavdali gigant kenguruning yangi tug’ilgan bolasining hajmi (3 sm) yong’oqdek keladi. Bolalarining xaltada rivojlanish davri 250 kun davom etadi. Yangi tug’ilgan kenguru bolasi, onasi qorin tomonida yalangan yo`l bilan xaltaga o`tadi. Qopchiqning ichki tomonida sut bezlari so`rg’ichlari bo`lib, bu so`rg’ichlarga sut bezlarining chiqarish yo`llari ochiladi. So`rg’ichlarning uchi shishib, bola og’iz bo`shlig’ini to`ldiradi.
Yangi tug’ilgan bolaning lablari sut bezi so`rg’ichi atrofiga yopishgan bo`ladi. So`rg’ichdagi sut bezlarining maxsus qisuvchi muskullari qisqarishi natijasida bolasi
og’ziga sut tushadi. Kenguru bolasining hiqildog’i yuqori o`rnashgan va xoanalarga yopishgan, bu esa uning passiv oziqlanishiga moslanishidir, shuning uchun sut hiqildoqning yon tomonidan oqib o`tadi va bolaning erkin nafas olishiga halaqit bermaydi. Kengurularning bolalarini sut bilan boqish muddati 60 kundan 250 kungacha davom etadi. Ularning skeletida qopchiq suyagi bo`lib, qov suyagiga tegib turadi, korakoid kurak suyagi bilan qo`shilib ketadi, qini va bachadoni qo`shaloq, chunki erkaklarning qo`shiluv organi ikkiga ajralgan bo`ladi. Xaltalilarning bir qancha turlari terisi va go`shti uchun ovlanadi. 21 ta turi Xalqaro «Qizil kitob»ga kiritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |