Reja:
Latent jinoyatlar
Hozirgi kunda latent jinoyatchilikni o‘rganish
Latent jinoyatchilikning miqdorini kamaytirish aholining huquqiy ongini shakllantirish
Rasmiy hisobga olinmagan (latent) jinoyatchilik
Jinoyatchilikni ta’riflovchi asosiy miqdor va sifat ko‘rsatkichlari jinoyatga oid statistikani tahlil qilish asosida aniqlanadi. Jinoyatga oid statistika mavjud jinoyatchilik haqida to‘liq ma’lumotga ega emas, ya’ni muayyan sabablarga asosan rasmiy hisobga olinmagan jinoyatlar ham mavjud. Shuning uchun kriminologiyada jinoyatchilik rasmiy hisobga olingan va rasmiy hisobga olinmagan jinoyatchilikka bo‘linadi. Kriminologiya fanida bu «latent jinoyatchilik» deb nomlanadi.
«Latent» tushunchasi lotincha «latentus» so‘zidan olingan bo‘lib, «yashirin», «ko‘rinmaydigan», «tashqi tomondan bilinmaydigan» degan ma’nolarni anglatadi.
Latent jinoyatchilik deganda, muayyan hudud (mamlakat yoki uning ma’muriy-hududiy birligi)da, ma’lum davr (oy, chorak, yarim yil, to‘qqiz oy, yil, ikki yil va boshq.)da sodir etilgan, lekin muayyan sabablarga ko‘ra rasmiy hisobga olinmagan jinoyatlar majmui tushuniladi.
Latent (yashirin) jinoyatchilik bilan bog‘liq muammolar kam o‘rganilganligi bois hozirgi kunda kriminologiya nuqtai nazaridan eng dolzarb muammo hisoblanadi. Latent jinoyatchilikning miqdorini aniqlash jinoyatchilikka umumiy baho berishda katta ahamiyatga ega.
Jinoyatni sodir etilganidan boshlab, vakolatli davlat organi tomonidan rasmiy hisobga olinguniga qadar bo‘lgan davrda latent jinoyat deb hisoblash mumkin.
Latent jinoyatlarni fosh etilmagan jinoyatlar bilan aralashtirib yubormaslik kerak. Latent jinoyatlardan farqli ravishda fosh etilmagan jinoyatlar vakolatli davlat organlari tomonidan rasmiy hisobga olinadi va ularni fosh etish bo‘yicha qonunda belgilangan chora-tadbirlar ko‘riladi.
Sodir etilgan jinoyatlarning latent bo‘lib qolishiga, ya’ni rasmiy hisobga olinmasligiga quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin:
jabrlanuvchining o‘ziga nisbatan sodir etilgan jinoyatni huquqiy bilimlarining pastligi sababli, huquqbuzarlikning boshqa turi yoki axloq normalarining buzilishi sifatida noto‘g‘ri baholanganligi va bu haqida vakolatli davlat organlariga xabar bermaganligi;
vakolatli davlat organining tegishli xizmat vazifasi yuklatilgan shaxsi tomonidan malakasining pastligi tufayli sodir etilgan jinoyatni huquqbuzarlikning boshqa turi yoki axloq normalarining buzilishi sifatida noto‘g‘ri baholanganligi;
sodir etilgan jinoyatning vakolatli davlat organlari tomonidan aniqlanmaganligi;
sodir etilgan jinoyat korxona, muassasa, tashkilot yoki alohida shaxslarga ma’lum bo‘lmaganligi yoki ma’lum bo‘lsa-da, vakolatli davlat organlariga xabar berilmaganligi (jinoyatchilikka qarshi kurashda fuqarolarning axloqiy va huquqiy faolligining yetarli darajada emasligi, loqaydligi, beparvoligi);
jabrlanuvchining o‘ziga nisbatan jinoyat sodir etilganligini aniq bila turib, bu haqida vakolatli davlat organlariga arz qilmaganligi (jinoyat sodir etilishiga jabrlanuvchining o‘zi sabab bo‘lishi (masalan, tanosil kasalini yuqtirish), jabrlanuvchining uyalishi (masalan, nomusga tegish), jabrlanuvchi oila a’zolaridan yashirishi (masalan, firibgarlik), jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni jiddiy emasligi, vaqtini bekorga o‘tkazmasligi, jinoyatni oshkor bo‘lishini xohlamasligi);
sodir etilgan jinoyat vakolatli davlat organining tegishli xizmat vazifasi yuklatilgan shaxsi tomonidan hisobga olishdan qasddan yashirilishi.
Latent jinoyatlarni tasniflash ularni aniqlashning samarali yo‘llarini ishlab chiqish imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |