17-laboratoriya ishi. Yurak anatomiyasini o’rganish.
Maqsad: Talabalar qon-tomir sistemasini bilishi,yurakning tuzilishini va joylashishini o’quv jihozlar yordamida o’rganish, talabalarning mustaqil ishlashini tashkil etish va baholash.
Jihozlar: jadval, darslik, atlas,mulyaj, albom, hayvon yuragi.
Nazariy tushuncha. Yurakning tuzilishi. Yurak (cor) qonni tomirlarga haydab beradigan va vena qon tomirlaridan so’rib oladigan muskulli tirik nasosdir. Uning tashqi yuzasida ikkita egat bor. YUrakning bo’lmacha va qorinchalari o’rtasidan tik o’tgan to’siq uni bir-biridan ajralgan o’ng va chap yarim pallaga bo’ladi. Ko’ndalang to’siq esa yurakning har bir yarmini yuqori kamera bo’lmacha pastki kamera, qorinchaga bo’lib turadi. O’ng bo’lmachaga yuqori kovak vena, pastki vena hamda tojsimon sinus ochiladi. O’ng qorinchadan o’pka arteriyasi chiqadi (20-rasm). O’ng bo’lmacha o’ng atrioventrikulyar teshik orqali o’ng qorinchaga tutashadi. CHap bo’lmachaga o’pkaning to’rtta o’ng va chap venasi kelib quyiladi. CHap qorincha bilan chap bo’lmacha o’rtasida chap atrioventrikulyar teshik bo’ladi. YUrak bo’lmachalarini ichki tomondan o’rab turadigan parda endokard deb ataladi. Uning yuzasi endoteliy qavati bilan qoplangan bo’lib, bu qavatda yurakdan chiqadigan qon tomirlarining ichki pardasida ham davom etadi. Bo’lmacha bilan qorinchalar chegarasida endokardning plastinkasimon o’simtalari bo’ladi. Endokard bu erda burma hosil qiladi. Bu burmalar yurak kopqoqlari deb ataladi. O’ng atrioventrikulyar teshikda uch tavaqali chodirsimon qopqoq - klapan bo’lib, u elastik yupqa fibroz plastinkadan tuzilgan. CHap tomonda esa ikkita ikki tavaqali chodirsimon qopqoq bo’ladi.
Ikki va uch tavaqali qopqoqlar bo’lmachalar sistolasi (qisqarishi) vaqtida faqat qorincha tomonga ochiladi.
Chap qorinchadan aorta, o’ng qorinchadan o’pka arteriyasi chiqadigan joylarda ham endokard bir tomoni botiq yarim doira, juda yupqa burmalar hosil qiladi. Burmalarning qorinchalarga qaragan yuzasi go’yo cho’ntakka o’xshab turadi. Burmalar har bir teshikda uchtadan bo’lib, ular yarim oysimon qopqoqlar deb ataladi. Qorinchalar qisqargan paytda ular qon tomirlar tomonga ochiladi. Qorinchalar bo’shashgan paytda esa avtomatik ravishda yopiladi va qonning qon tomirlaridan qorinchalarga o’tishiga yo’l qo’ymaydi va chap qorinchaga tushadi, yurak qisqarganda esa qopqoqlar bu teshikni berkitib, qonni chap bo’lmachaga o’tkazmaydi.
Qon chap qorinchadagi ikkinchi teshik orqali aorta chiqadi. Bu teshikda ham qopqoqlar bo’lib, ular ham yarim oysimon deyiladi.
Yarim oysimon qopqoqlar uchta bo’lib , cho’ntak shaklida tuziladi. YUrak qisqargan vaqtda undagi qon yarim oysimon qopqoqlarni tomir devori tomon itarib ochadi.
Yurak yupqa seroz parda bilan o’ralgan bo’lib, ikki qavatdan - epikard va perikardan tuzilgan. Yurakni o’rab turgan ichki, ya’ni visseral qavat epikard deyiladi. Yurak xaltachasining tashqi, ya’ni parietal qavati perikard deyiladi. Yurakni o’rab turgan xaltachaning ikkala qavati orasida bo’shliq bo’lib, unda 20g chamasi seroz suyuqligi saqlanadi. Bu suyuqlik yurak yuzasini namlab, uning harakatini engillashtirib turadi. Perikard yurak muskul tolalarining ortiqcha cho’zilishiga yo’l qo’ymaydi.
Talabalarning o’quv jihozlari bilan tanishishi – har bir talabaga (yoki har bir stolga), yurakning tuzilishini o’rganish uchun jadval,,atlas,mulyaj,hayvon yuragi va tarqatma materiallar berilib,ishni bajarish tartibi tushuntiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |