LABORATORIYA ISHI №1 ELEKTR YOY PECHINING XARAKTERISTIKALARINI OʻRGANISH (4 soat) Reja: 1. Nazariy qism.
2. Laboratoriya qurilmasining tasnifi.
3. Topshiriq.
4. Tajriba ishini bajarish tartibi.
5. Tajriba natijalarini qayta ishlash.
6. Hisobot tayyorlash tartibi.
7. Nazorat savollari.
Yoy pechi elektrik xarakteristikalarini eksperimental - hisob metodi bilan qurishni oʻrganish.
I. Nazariy qism Elektr yoy pechlari sanoatning metallurgiya, kimyo sanoati, mashinasozlik va boshqa turli sohalarida qoʻllaniladi. Ular bilvosita, bevosita va qarshilik yoy pechlariga boʻlinadi.
Bilvosita ishlovchi yoy pechlarida elektr yoy razryadi qizdirilayotgan material ustida joylashgan elektrodlar orasida yonib, elektr yoyi bilan eruvchi element orasidagi issiqlik almashinuvi nurlanish orqali amalga oshiriladi. Bilvosita ishlovchi yoy pechlari rangli metallar va ularning qotishmalarini hamda choʻyan va nikelning ayrim navlarini eritish uchun moʻljallangan. Uning asosiy afzalligi metallning kam kuyishidir, chunki elektr yoy razryadi eruvchi element bilan bevosita toʻqnashmaydi.
Bevosita ishlovchi pechlarda yoy elektrod va eruvchi metall oʻrtasida yonadi va u elektr zanjirining bir qismi hisoblanadi. Bunday pechlar poʻlat erituvchi vakummli va plazmali qilib ishlanadi. Aralash qizdiruvchi yoy pechlarida yoy eritiladigan shaxta ichidagi gaz oraligʻida yonadi va eritma pechning tagida yigʻiladi. Bunday pechlarda issiqlik yoyda va shaxtaning elektr qarshiligida ham ajralib chiqadi, shuning uchun ularni qarshilik yoy pechlari deyiladi. Pechning quvvatini rostlash manba orqali yoy tokini, hamda yoy uzunligini elektrodlarni oʻzaro yaqinlashtirib va uzoqlashtirib oʻzgartirib amalga oshiriladi.
Yoy pechlarining asosiy elektr jihozlari quyidagilardan iborat:
Elektrod va vannali pech, uning ichida yoy yonadi va ishlov beriladigan material joylashtiriladi;
Pasaytiruvchi transformator;
Drossellar;
Transformator ikkilamchi chulgʻami va pech elektrodlarini bogʻlovchi qisqa tarmoq;
Kommutatsiya qiluvchi, oʻlchov va himoyalash apparaturalari.
Yoy elektr pech qurilmalarida bosh va yordamchi tok zanjirlari mavjud.
Bosh tok zanjiri asosiy elektr jihozlar va elektr yoyini oʻz ichiga oladi. Yordamchi zanjiriga boshqaruv, oʻlchash vahimoya avtomatikasi va boshqalar tegishlidir.
Pech transformatorlari elektr yoy pechlarini ta’minlash uchun kerak boʻlib, ular quyidagi xususiyatlarga ega:
a) past kuchlanish tomonda nominal tokning qiymatlari yuqori (oʻnlab va yuzlab kiloampergacha);
b) transformatsiya koeffitsienti katta (6,10,35,110 kV kuchlanishlarni bir necha yuz voltgacha transformatsiyalash);
d) kuchlanish pogʻonalari soni va oʻzgarish diapazoni kuch transformatorlariga nisbatan koʻp (kuchlanish 500 %gacha rostlanadi, 40 va undan ortiq pogʻonaga ega);
e) transformatorlar tok qiymati (2,5-3) marta koʻp boʻlgan ekspluatatsion qisqa tutashuvlarga oʻta chidamli va yuqori mexanik mustahkamlikka ega.
Yoy pechlarining energetik parametrlarini ish rejimi oʻzgarishi bilan oʻzgarib borishi haqida tasavvurga ega boʻlish uchun pechning ishchi va elektr xarakteristikalarini koʻrib chiqish kerak.
Pechning energetik ish xarakteristikalari deb quyidagilar hisoblanadi:
qurilmaning toʻla aktiv quvvatini Pakt. tokka bogʻliqligi;
yoy quvvati Pduga tokka bogʻliqligi,
elektr isrofi Welva issiqlik isrofini Wis tokka bogʻliqligi;
miqdori G va erish davomiyligining τ tokka bogʻliqligi.
Transformator ikkilamchi chiqish tarafidan yoy pechining elektrodigacha boʻlgan oʻtkazgich qisqa tarmoq deyiladi. Qisqa tarmoq boʻylab juda katta miqdordagi toklar oqqani uchun, uning oʻtkazgichlari katta kesim yuzasiga ega va mis lentali paketlar, mis shinalar yoki suv bilan sovitiladigan trubalar koʻrinishida tayyorlanadi.
Ekspluatatsiya davomidagi qisqa tutashuvda tok sakrashlarini chegaralash va manbaning pasayuvchi xarakteristikasini hosil qilish orqali yoyning yonishini stabillashtirish uchun drossel yoki reaktor xizmat qiladi.
Yoy pechli qurilmalarda oʻta yuklanish toklaridan va avariya qisqa tutashuvlaridan himoya zarur. Oʻta yuklanishdan himoyani odatda pastki kuchlanish tomonidan sabr vaqtli maksimal rele yordamida amalga oshiriladi. Avariya qisqa tutashuv tokidan himoya yuqori kuchlanish tomonidan lahzali ishga tushuvchi maksimal rele orqali amalga oshiriladi.