www.ziyouz.com kutubxonasi
91
Qayroqqumdan berida tuya va xachirlarga ko‘ch ortgan karvon ko‘rindi. Karvon ortida
sandiqlar yuklangan katta g‘ildiraklik qo‘qon aravalar ham kelmoqda. Ularning
hammasini to‘rt-besh yuz kishilik otliq navkarlar uch tomondan qo‘riqlab yo‘l yurmoqda.
Xon qizi bo‘lgan Qutlug‘ Nigor xonimning besh yuzdan ortiq xos navkari borligi
Boburning yodiga tushdi.
Oldingi qatordagi qo‘riqchilar orasida bo‘z ot minib kelayotgan Qutlug‘ Nigor xonim
Boburni sallasiga qadalgan tojdorlik belgisidan tanib otini o‘g‘li tomon yeldirdi.
Ona-bola va egachi-ini otlaridan tushib, quchoqlashib ko‘rishar ekanlar, goh
xonumondan ayrilish alamlarini, goh diydor ko‘rishish quvonchlarini ichlariga
sig‘dirolmay, ko‘zlariga dam-badam yosh olishar edi.
Yana otlanib Xo‘jandga yetgunlaricha ko‘rgan-kechirganlarini bir-birlariga so‘zlab
berishdi.
— Tanbal asoratidan qanday qutuldilaringiz? — so‘radi Bobur onasidan.
— Mana shu qo‘riqchi navkarlarim Tanbalni biz turgan joyga yaqin keltirmadi. «Men
Yunusxonning qizimen, inim Mahmudxon Toshkent tojdoridir, agar Ahmadbek bizga
ziyon yetkizsa, xonlar oldida javob berur!» deb, orada turgan odamlariga aytdim. Har
qalay, gapim ta’sir qilibdi, beshikast chiqib keldik.
— Afsus, men bundan bexabar qoldim! Chopar kechikdi!
— Biz ham shunisiga kuyinurmiz, Boburjon! Siz bizni deb Samarqandni jangsiz
topshiribsiz!
Shu tarzda dardlashib, Xo‘jandga yetib keldilar. Shahar dorug‘asi nufuzli a’yonlari bilan
qo‘rg‘on darvozasidan chiqib, Bobur va uning onasini ehtirom bilan kutib oldilar. Bu
qadimiy shahar xalqi Chingizxon bilan mardona olishgan Temur Malik davridan beri
mo‘ng‘ul bosqinchilaridan ko‘p jabr ko‘rgan. Hozir ham Toshkentda hukmron bo‘lib olgan
chingiziylar Xo‘jandga xavf solib turardi. Buning ustiga Andijon ham Ahmad Tanbalday
zolimlarning qo‘liga o‘tgan paytda xo‘jandliklar Bobur kabi temuriy shahzodalar
himoyasiga ehtiyoj sezardi. Shuning uchun shahar dorug‘asi Boburni oliy darajada
e’zozlab, Sirdaryo sohilidagi ulkan bog‘ini ikki oshiyonlik qasri bilan uning ixtiyoriga
berdi.
Qosimbek Boburga, uning onasi va egachisiga ikkinchi oshiyondagi eng yaxshi xonalarni
tayyorlatib qo‘ydi. O‘zi beku mulozimlar va qo‘riqchi yigitlar bilan birinchi qavatni
egalladi.
Hammalari narsalarini joylashtirib tinchiganlaridan so‘ng, ikkinchi oshiyondagi katta
tanobiy uyda Bobur onasi va egachisi bilan yakkama-yakka qolib, boshqalar oldida
aytilmaydigan dardu alamlarini to‘kib soldilar.
— Tole’ bizdan yuz o‘girdi! — dedi Bobur «uh» tortib, — Tanbalning o‘n ming qo‘shini
bor emish, rostmi?
— Rost! Nobakorlar sizni «Samarqandda vafot etdi», deb ovoza tarqatdilar, — dedi
Qutlug‘ Nigor xonim. — Behush yotganingizni ko‘rib kelgan choparni guvoh qilib
ko‘rsatib, ko‘p odamni bunga ishontirdilar. Shundan so‘ng tarafdorlaringiz ma’yus bo‘lib,
Tanbal bilan Jahongirga bo‘yin egdilar.
— Qosimbek ham xato qilganki, meni behush ahvolda ko‘rgan navkarni Samarqandda
to‘xtatib turmagan. Buni sir tutmoq kerak edi! Hozir bizning bir yarim mingga yetar-
etmas navkarimiz qoldi. Ularning ham ko‘pi vodiydagi uylariga, ahli oilasiga talpinur,
Xo‘jandda ko‘p turolmay tarqab ketgay. Men endi qaysi kuch bilan Tanbalga qarshi
boray? Bu ne ko‘rgulikki, birvarakay ham Samarqanddan, ham Andijondan mahrum
bo‘ldik! Ikki mulk orasida muallaq qoldik! Najot yo‘q! Atrofimiz zimziyo qorong‘ilik! Boshi
berk ko‘cha!!
Bobur jigarbandlariga dil yorib so‘zlar ekan, ilojsizlikdan ko‘ngli ezilib, ruhi qiynalar,
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |