www.ziyouz.com kutubxonasi
86
Tanbalga qaradilar. Ahmad Tanbal yuzboshiga buyurdi:
— Unday bo‘lsa, qilichingni ol, kallasini kes! Bo‘yniga tig‘ ur!
Barzangiday qop-qora o‘rta yashar yuzboshi kumush sopli qilichini qinidan imillabroq
sug‘urdi. Xo‘ja Abdulla unga tikilib, past tovush bilan dedi:
— Mirbadalbek, hushyor bo‘ling, mening qonim yetti pushtingizga sachraydi!
Xaloyiq orasidan qo‘rquv aralash nido eshitildi:
— Pirning qoni tutadi hammamizni!
Yuzboshining qo‘lidagi qilichi qaltiray boshladi. U Ahmad Tanbalga qarab yalindi:
— O‘tinamen, bu ishdan meni ozod qiling!
Ahmad Tanbal unga g‘azab qilib yelkasiga qamchi urdi.
— Seni yuzboshilikdan ozod qilurmen, qo‘rqoq!
Ahmad Tanbal boshqa navkarlariga buyurdi:
— Bu imonsizni darvozaxonaga haydang! Xaloyiq shu yerda qolsin! Kim bizga ergashsa
qilich bilan choping! Ayamang!
Navkarlarning bir qismi Xo‘ja Abdullani darvozaxonaga haydab ketdi. Qolgan navkarlar
xaloyiqning yo‘lini to‘sib, Xo‘ja Abdullaning ketidan borgani qo‘ymadi.
Oradan yarim soat o‘tgandan keyin Ahmad Tanbal odamlari bilan arkka tomon ot
choptirib qaytib ketdi. Shundan so‘ng darvozaxonaga borgan odamlar Xo‘ja Abdullaning
shiftdagi yo‘g‘on to‘singa osib o‘ldirilganini ko‘rdilar. Marhumning oq sallasi oyog‘i tagida
chuvalib yotardi, bo‘yi esa tiriklik paytidagidan xiyla uzaygan edi. Odamlar uni dordan
sekin tushirib oldilar. Kafan o‘rniga sallasiga o‘rab, shahidlardek ko‘mdilar.
_____________
* F a t o r a t — alg‘ov-dalg‘ov.
3
Ustma-ust yoqqan bahor yomg‘irlari yo‘llarini balchiq qilib yuborgan. Andijonda yuz
bergan dahshatlar xabarini tezroq Samarqandga yetkazish uchun loy sachratib, ot
choptirib borayotgan Tohir endi Quvaga yaqinlashdi. Agar Bobur mirzo tuzalgan bo‘lsa-
yu, Andijonga ishonib, Samarqandni tashlab chiqsa, ahvol hozirgidan battar bo‘lishi
mumkin. Tohir shuni o‘ylab, tagidagi bedovni qistaydi. Ammo ot qanchalik zo‘r va
chopqir bo‘lmasin, tizzaga chiqadigan loy uning yo‘lini bog‘laydi, tinkasini quritadi.
Chopib kelayotgan ot balchiqqa yiqilib tushadi-yu, qaytib turolmasdan, burnidan qon
kelib, jon beradi. Tohir uni yo‘l ustida qoldirib, egar-yuganlarini oladi-yu, Quvadan
boshqa ot topadi. Ammo bir kun yurmasdan bu ot ham holdan ketib yiqiladi. Naryoqda
Xo‘jand, Jizzax — yana o‘n kunlik yo‘l... Tohir osmonda uchib borayotgan qushlarga
havas va armon bilan qaraydi.
* * *
Biroq Tohir qush bo‘lib uchganda ham endi Boburni Samarqanddan topolmas edi. Bobur
xastalik to‘shagidan turgan zahoti onasi va ustozini qutqarishga shoshilib, Samarqandni
allaqachon tashlab chiqqan edi. Unga kelgan axborotlarga binoan, Andijon qamali hali
uzoq davom etishi kerak bo‘lib, bir yilga yetarli zaxira bor edi. Shunchalik abgorligi bilan
Samarqand yetti oylik qamalga chidaganda o‘n ikki ming qo‘yi bor Andijon qo‘rg‘oni
Xo‘ja Abdulladay dovyurak odam rahbarligida hali besh-olti oy «qilt» etmay turishi
shubhasiz tuyulardi. Shu tuyg‘u bilan mingga yaqin odamlarning hammasini
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |