Soliqlarning funksiyalari va soliqqa tortish tamoyillari
Soliqlarning mohiyati, ahamiyati, roli ular bajaradigan funksiyalar orqali yaqqolroq namoyon bo`ladi. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimovning fikricha, bozor iqtisodiyoti sharoitida ham soliqlar iqtisodiy siyosatni amalga oshirishda eng muhim boshqaruvchi omil bo`lib qoladi1. Soliqlar soliq stavkalari, imtiyozlari, jarimalari orqali byudjet munosabatlari va ishlab chiqaruvchilarga ta’sir etuvchi asosiy kuch sifatida ishlatiladi. Soliqlarning asosiy funksiyalari quyidagilar (1.4-chizma):
1) fiskal funksiyasi;
2) taqsimlash (ijtimoiy) funksiyasi;
3) tartibga solish (iqtisodiy) funksiyasi;
4) nazorat funksiyasi.
Soliqlarning fiskal funksiyasi davlat byudjetini to`ldirishdan iborat bo`lib, byudjetning daromad qismini shakllantirishni ta’minlaydi. Mazkur funksiya asosiy bo`lib, qolgan funksiyalari uning hosilasidir. Soliqlarning taqsimlash (ijtimoiy) funksiyasi har xil daromadga ega bo`lgan aholi daromadlarining bir qismini yig`ib, turli toifadagi aholi o`rtasida qayta taqsimlashdan iboratdir. Buning natijasida aholi turli qatlamlari daromadlari farqi qisqartirilib, ularning daromad darajalari bir-biriga yaqinlashtiriladi. Masalan, bu vazifani bajarishda jismoniy shaxslar daromadlarini progressiv soliqqa tortish, aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga soliq imtiyozlari berish, qimmatbaho buyumlarga aksiz solig`ini qo`llash va boshqalar nazarda tutilgan.
Soliqlarning tartibga solish (iqtisodiy) funksiyasi ularning xalq xo`jaligining rivojlanishiga ta’sir ko`rsatishida namoyon bo`ladi. Davlat soliqlarning shakli, stavkalari, undirish usullarini o`zgartirib, soliqlar bo`yicha imtiyozlar va chegirmalar qo`llab, ishlab chiqarishga, mahsulot narxiga ta’sir etadi va ustuvor yo`nalishlarni rag`batlantiradi. Soliqlarning bu funksiyasini ro`yobga chiqarish uchun uch usul qo`llanishi mumkin.
1.Rag`batlantirish-ustuvor sohalar, faoliyat turlari uchun imtiyozlar va chegirmalar qo`llanib, ularning rivojlanishi rag`batlantiriladi. Bularga kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash, eksportga mo`ljallangan va import o`rnini bosadigan mahsulot ishlab chiqarish, fan-tehnika taraqqiyoti, transport, kommunikatsiya sohalarining rivojlanishini rag`batlantirish misol bo`ladi.
2.Cheklash-soliq stavkalarini ko`tarish, soliqlarni hisoblash mexanizmini va soliqni oshirishni mo`ljallab o`zgartirish yo`li bilan jamiyat uchun foydasiz yoki uncha zarur bo`lmagan tovarlar, ishlab chiqarishlar, faoliyat turlariga cheklovlar qo`yiladi (qimor o`yinlari, alkogolli ichimliklar, ayrim tovarlarni import qilish, atrof muhitni ifloslantiruvchi ishlab chiqarishlar). 3.Qayta ishlab chiqarish-ishlatib yuborilgan mablag`lar o`rnini qoplash (mablag`lar ishlab chiqarishni kengaytirish va yangilash uchun ishlatilganda imtiyozlar berish).
Soliqlarning nazorat funksiyasi soliqlarning byudjetga to`liq va o`z vaqtida tushishini nazorat qilish hamda ularni pul mablag`lariga bo`lgan talab bilan taqqoslashdan iborat. Bu funksiya yordamida soliq siyosati byudjet siyosati bilan muvofiqlashtiriladi.
Soliqlarning funksiyalari to`g`risida gap ketganda shuni ta’kidlash lozimki, mazkur funksiyalar o`zaro bog`liq bo`lib, ular bir-birlarini to`ldirib turadilar. Soliqlarning ayrim funksiyalari o`zaro qarama-qarshi bo`lganda ham (fiskal va taqsimlash funksiyalari) ulardan oqilona foydalanish ichki va tashqi iqtisodiy munosabatlarda muhim rol o`ynadi.
Soliqqa tortish tamoyillari-bu soliq siyosati, tizimi va munosabatlari, soliqqa tortish ishlarini tashkil etish va amalga oshirishga qo`yiladigan umumiy talablardir. Bunday tamoyillar quyidagilar hisoblanadi (1.5-chizma):
1 ) adolatlilik;
2) mutanosiblik;
3) samaradorlik;
4) aniqlilik;
5) qulaylilik;
6) soliq to`lovchining haqligi;
7) tejamlilik.
Do'stlaringiz bilan baham: |