1.1. Soliqlarning mohiyati, xususiyatlari va ahamiyati
S oliq munosabatlarining yuzaga kelishi va rivojlanishi davlatchilik elementlari va hukmdorlik mavqeining paydo bo`lishi va shakllanishi bilan bog`liq. «Soliq» tushunchasi eng qadim zamonlardan buyon ma’lum bo`lib, davlat xazinasiga undiriladigan har xil tushumlar ko`rinishida bo`lgan. Soliq munosabatlarining paydo bo`lishi, shakllanishi va rivojlanish bosqichlarini T.Toshmurodov quyidagi 1.2-chizma ko`rinishida ifodalagan.
«Soliq» tushunchasiga ko`plab ta’riflar berilgan. Biz O`zbekistonda qabul qilingan ta’riflarga asoslanamiz. O`zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida “Soliq-bu davlat byudjetiga majburiy to`lovdir”, “Soliqlar-bu muayyan miqdorda undiriladigan, muntazam, qaytarib berilmaydigan va beg`araz xususiyatga ega bo`lgan, byudjetga yo`naltiriladigan majburiy pul to`lovlaridir” deb ta’rif berilgan. Soliqlarning iqtisodiy mohiyati xo`jalik yurituvchi sub’yektlar va fuqarolar tomonidan yaratilgan mahsulotning ma’lum bir qismini davlat o`z vazifalarini bajarishi uchun olib qo`yishidan iborat.
Soliqlarning muhim begilari ularning quyidagi asosiy xususiyatlarida namoyon bo`ladi:
-soliqlarning qonuniy ravishda davlat tomonidan belgilanishi;
-ularning bir tomonlama belgilanishi va majburiy tusga ega bo`lishi;
-yakka tartibda beg`araz, ya’ni qaytarib bermaslik sharti bilan undirilishi;
-soliq to`lovchiga bir tomonlama majburiylikni belgilanishi, davlat esa hech qanday majburiyat olmasligi;
-soliq to`lash-bu mulk shaklining o`zgarishi hisoblanadi;
- soliqlarning aniq bir maqsad uchun emas, balki umuman davlat xarajatlarini qoplash uchun undirilishi.
Soliq (to`lov) stavkasi-soliq (to`lov) ob’yekti yoki bazasining muayyan birligiga hisoblab belgilangan soliq (to`lov) miqdori bo`lib, u advalor (foiz), qat’iy summa yoki aralash ko`rinishlarda belgilanishi mumkin.
Soliq (to`lov) ni hisoblab chiqarish tartibi (mexanizmi, usuli) - soliq [to`lov] davri uchun soliq (to`lov) bazasi, stavkasi, imtiyozlari asosida uning miqdorini (summasini) hisoblash tartib - qoidasidir.
Soliq (to`lov)ni to`lash tartibi-soliqni (to`lovni) to`lash (undirish) usullari majmui bo`lib, u quyidagi usullarni nazarda tutadi:
1) deklaratsiya asosida undirish (to`lash)-daromad, mol-mulkni olgandan so`ng to`lash;
2) soliq (to`lov)ni daromad manbaida undirish-daromad olingunga qadar soliqni (to`lovni) daromadni beradigan yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan ushlab qolish;
3) kadastr usuli-soliq (to`lov) summasini mol-mulk yoki boshqa boylikdan olinishi mumkin bo`lgan daromadni tashqi belgilari asosida aniqlab, undan soliqni (to`lovni) undirish.
Soliq davri-belgilangan ma’lum davr bo`lib, u tugagach soliq (to`lov) bazasi va summasi hisoblab chiqarilishi va to`lanishi kerak bo`ladi.
Hisobot davri-belgilangan ma’lum davr bo`lib, u tugagach soliq (to`lov) bo`yicha hisobot tuzilishi va taqdim etilishi kerak bo`ladi.
Soliqlarning qadimiy ko`rinishlari quyidagilar bo`lgan:
-juz’ya-jon solig`i;
-xiroj-yer solig`i; «mutoqa»-qat’iy belgilangan summa va «muqasama»- hosilning muayyan ulushi ko`rinishda undirilgan;
-zakot-bojning bir turi bo`lib, mol va tovarlardan olingan;
-vazifa (o`lpon)-boj to`lovlaridan biri bo`lgan;
-vaqf-soliq emas, ehson (ixtiyoriy) shaklda bo`lgan.
Soliq-bu davlat byudjetiga majburiy to`lov bo`lib, davlat sarf-xarajatlarini qoplash asosiy manbai hisoblanadi. O`zbekiston davlat byudjeti daromad qismining 93-95 foizini soliqlar tashkil etadi. Soliqlar davlat byudjetini to`ldirishdan tashqari mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tartibga solishda ham muhim rol o`ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |