Invayronmentalizm tamoyili. Konstitutsionalizm (tashkilotning tashqi muhit bilan investitsion munosabatlari yopiqligi)ga qaramaqarshi ravishda invayronmentalizm korxonaga tashqi investitsion muhit bilan faol oʻzaro munosabatga kirishuvchi, oʻz-oʻzini tashkil etishga qodir, ya’ni oʻziga xos makon, zamon va funksional tuzilmalarga ega ochiq tizim sifatida qaraydi. Bu korxona investitsion strategiyasini shakllantirish darajasining ba’zi sifatlarini ta’minlaydi.
Muvofiqlik tamoyili. Korxona iqtisodiy rivojlanishining umumiy qismida birinchi navbatda operatsion faoliyat rivojlanishini ta’minlovchi investitsion strategiya umumiy strategiyaga nisbatan boʻysunuvchan xarakterga ega. Shuning uchun investitsion strategiyada strategik maqsadlar operatsion faoliyat yoʻnalishlari bilan oʻzaro muvofiqlashtirilgan boʻlishi lozim. Bunda investitsion strategiyaga korxona operatsion faoliyati strategik rivojlanishiga jiddiy ta’sir koʻrsatuvchi korxona samarali rivojlanishini ta’minlashning asosiy omillaridan biri sifatida qaraladi.
Investitsion strategiyani amalga oshirishni ta’minlovchi operatsion faoliyat bazaviy strategiyalari quyidagilardir:
- cheklangan oʻsish strategiyasi;
- jadallashgan oʻsish strategiyasi;
- qisqartirish strategiyasi;
- birlashtirish (kombinatsiyalash) strategiyasi.
Cheklangan oʻsish strategiyasida mahsulotlar assortimenti barqarorligi va ishlab chiqarish texnologiyalariga ilmiy-texnik taraqqiyot natijalaridan juda past darajada foydalaniladi. Odatda bu strategiya bozor kon’yunkturasining nisbatan kuchsiz tebranishi va raqobat pozitsiyasining barqarorligi sharoitida tanlanib, investitsion strategiya birinchi navbatda, mahsulot ishlab chiqarish va sotish hajmining cheklangan oʻsishini ta’minlovchi takror ishlab chiqarish jarayoni va aktivlar oʻsishini samarali ta’minlashga yoʻnaltiriladi6.
Jadallashgan oʻsish strategiyasi korxona tomonidan oʻz faoliyatida yuqori sur’atlarda taraqqiy etayotgan sohalarda ilmiy-texnik taraqqiyot natijalarining yuqori darajada qoʻllanilishini oʻzida aks ettiradi. Bunday bazaviy strategiya asosidagi investitsion strategiya investitsion faoliyatni rivojlantirishning yuqori sur’atlarini ta’minlashning zarurligini hisobga olgan holda tashkil etiladi. Shuningdek, investitsion faoliyatni turli shakllarda va yoʻnalishlarda hududlar va tarmoqlar (sohalar) boʻyicha diversifikatsiyalashga harakat qilinadi. Qisqartirish (siqish) strategiyasiga korxonaning hayotiy sikli soʻnggi bosqichlarida, shuningdek, iqtisodiy rivojlanishning inqiroz fazasida koʻproq e’tibor qaratiladi. Oʻz mohiyati boʻyicha bu strategiya ortiqcha faoliyatlardan voz kechishni anglatadi. U ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmi va assortimentini qisqartish, bozorning alohida segmentidan chiqish va boshqalarni nazarda tutadi.
Bunday sharoitda investitsion strategiya boʻshayotgan kapital uzoq muddatli moliyaviy barqarorlikni ta’minlovchi investitsiyalash obyektlarida foydalanish asosida yuqori aylanuvchanlikni ta’minlashi lozim.
Birlashtirish (kombinatsiyalash) strategiyasidan yirik korxonalarning investitsion faoliyatni tarmoq va hududlar boʻyicha keng diversifikatsiyalashda foydalaniladi. U turli tipdagi xoʻjalik yuritishning strategik zonalari yoki strategik xoʻjalik markazlari alohida strategiyalarini oʻzida birlashtiradi. Korxona investitsion strategiyasi strategik boshqaruvning alohida obyektlari boʻyicha ularni rivojlantirishning strategik maqsadlari bilan bogʻliqlikda tabaqalashtiriladi.
Kombinatsiyalash tamoyili. Bu tamoyil investitsion faoliyatni strategik, joriy va operativ boshqarishning oʻzaro yaxlitligini ta’minlashga xizmat qiladi. Korxona tomonidan ishlab chiqilgan investitsion strategiyaning investitsion faoliyatni strategik boshqarish jarayonidagi muhimligidan kelib chiqqan holda strategik rejalashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Investitsion faoliyatni strategik boshqarish asosida korxona investitsion portfelini shakllantirishga qaratilgan taktik (joriy) boshqaruv shakllantiriladi. Oʻz navbatida, taktik boshqaruv alohida real investitsion loyihalarni amalga oshirish va moliyaviy instrumentlar portfelini qayta tarkiblash yoʻlida investitsion faoliyatni operativ boshqarishning bazasi hisoblanadi. Investitsion portfelni shakllantirish oʻrta muddatli boshqaruv jarayoni boʻlib, strategik qarorlar va korxonaning joriy investitsion imkoniyatlari doirasida amalga oshiriladi.
Real investitsion loyihalarni amalga oshirish va moliyaviy instrumentlar portfelini qayta tarkiblashni operativ boshqarish qisqa muddatli boshqaruv jarayoni hisoblanadi va alohida investitsion loyihalar va moliyaviy instrumentlar boʻyicha operativ qarorlar ishlab chiqish va qabul qilishni, zarur hollarda investitsion portfelni qayta koʻrib chiqish haqida qarorlar tayyorlash nazarda tutadi.