Islomga da'vat etish. Arablar Movarounnahrda o‘rnatilgan siyosiy hokimiyatni mustahkamlash va uning barqarorligini ta'minlash uchun Islom dinini da'vat etishga, aholi o‘rtasida islomni yoyishga alohida ahamiyat berdilar. Shu boisdan ular shu davrgacha Movarounnahrda mavjud bo‘lgan dinlarga qarshi qattiq kurash olib boradilar. Ibodatxonalar vayron etilib, ularning o‘rniga jome masjidlari bino qilinadi. Masalan, Qutayba Buxoro shahrining markazida joylashgan zardushtiylar ibodatxonasini jome masjidiga aylantirdi,sug‘diy yozuvda bitilgan asarlarni yo‘qotdi. Mahalliy aholini Islom diniga kiritishga harakat qildi. Shu maqsadda masjidga kelib ibodat qiluvchilar uchun hatto 2 dirhamdan pul hadya etishni joriy etdi.
Aholini islomlashtirish yo‘llari. Islom dinini qabul qilib, musulmon bo‘lgan mahalliy aholi vakillari dastlabki yillarda xiroj va jizya soliqlaridan ozod etilgan. Islomni qabul qilmaganlardan esa jon solig‘i -jizya undirilib olingan. Soliqlarni o‘z vaqtida to‘lamagan kishilarning bo‘yinlariga “qarzdor” deb yozilgan taxtacha osib qo‘yilardi. Mahalliy davlat boshliqlarining ko‘pchiligi o‘z huquqlari va imtiyozlarini saqlab qolish maqsadida Islom dinini qabul qilgan. Islomni qabul qilmagan zodagonlar o‘z yerlaridan mahrum etilgan yoki tovon to‘lagan. Bunday tadbir va choralar Movarounnahr aholisi o‘rtasida Islom dinining tez tarqalishiga yordam bergan. Shu tarzda arablar Movarounnahr siyosiy tizimi va diniy e'tiqodiga o‘z ta'sirini o‘tkaza olganlar.
Xalifalik tomonidan Movarounnahrning bosib olinishi oqibatida mahalliy xalqning urf-odati, dini va e'tiqodi, madaniyati poymol etildi. Mahalliy sug‘d yozuvida bitilgan diniy va ma'rifiy kitoblarni, ilmiy asarlarni va qimmatli hujjatlami hamda sanamlarni gulxanlarda yoqib, yo‘q qilib tashlaydilar. Quvadagi budda ibodatxonasi haykallarining parchalab tashlangani, Afrosiyob saroy devorlariga solingan suratlardagi odam rasmlarining ko‘zlari o‘yilib, bo‘yinlariga qilich bilan chizib yuborilganligi bunga yaqqol misoldir.
Movarounnahrda mustaqil davlatlarning tashkil topishi.
VIII asr oxiri - IX asr boshlarida Arab xalifaligi og‘ir siyosiy tanglikka uchradi. Bo‘ysundirilgan xalqlarni itoatda tutib turish arablar uchun tobora qiyin bo‘lib qoldi. Movarounnahr va Xuroson aholisining tez-tez qo‘zg‘olon ko‘tarib turishi, uzluksiz davom etgan o‘zaro urush va ichki ziddiyatlar Arab xalifaligi hokimiyatini zaiflashtirdi. Bu esa mustaqil davlatlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Movarounnahrning shimoliy va shimoli sharqiy hududlaridagi hali xalifalikka bo‘ysundirilmagan chegaradosh yerlarda bir nechta davlatlar tashkil topdi. Ulardan biri Qarluqlar davlatidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |