Har bir kishi olmasa hayotdan ta’lim,
Unga o‘rgata olmas hech bir muallim.
Bizgacha Rudakiy qalamiga mansub “Kalila va Dimna”, “Davroni oftob”, “Sindnoma” kabi poemalardan parchalar yetib kelgan. Rudakiyning asarlari haqida gap yuritar ekanmiz, uning tili sodda, keng xalq ommasiga juda ham tushunarli bo‘lganligini ko‘ramiz. Shuning uchun ham u keng xalq ommasi orqali shuhrat topgan. Uning asarlari hozirgi o‘zbek tiliga ham tarjima qilingan.
Mahmud Qoshg‘ariy faoliyati bilan bevosita shug‘ullanuvchi olimlarning fikricha bu zot 1029-1038 yillar orasida Qashg‘arda tug‘ilgan. U o‘ziga to‘q, ziyoli oiladan bo‘lib, Qashg‘arda yaxshi bilim oladi. Hatto u Buxoro va Nishopur shaharlarida o‘z bilimlarini kengaytirib katta-katta olimlar bilan suhbatda bo‘ladi. Mahmud Qoshg‘ariy yashab ijod etgan yillar Qoraxoniylar davlatining gullab-yashnagan davriga to‘g‘ri keladi. Mahmud Qoshg‘ariy juda ko‘p safarlarda bo‘ladi va o‘zining asarlari uchun boy ma’lumotlar to‘playdi. Ko‘p yillik izlanishlar natijasida “Devoni lug‘ati- turk” va “Javohiri-nahv” “Turk tili sintaksisi asoslari” asarlarini yozadi. Ming afsuslar bo‘lsinki, oxirgi asar hanuzgacha topilmagan. Mahmud Qoshg‘ariyni butun ilm olamiga tanitgan asari uning “Devoni lug‘ati- turk” asaridir. Bu kitob arab tilida yozilgan. Unda olim ko‘p yillar davomida turkiy qabilalar orasida olib borilgan kuzatishlar asosida turkiy tillarni qiyosiy va tarixiy usullar bilan tahlil qilgan va bu tillarning o‘ziga xos xususiyatlarini ochib berishga harakat qilgan. Olimlarning fikricha, muallif ushbu tadqiqotida juda ko‘p so‘zlarning etimologiyasini ham juda aniq va to‘g‘ri izohlab bergan.
Asar ikki qism (muqaddima va lug‘at)dan iborat. Olim asarga o‘zi tuzgan dunyo xaritasini ham ilova qiladi. Bu hol asarning qimmatini yanada oshiradi. Xarita doira shaklida chizilgan bo‘lib, unda mamlakat, shahar, qishloq, tog‘, cho‘l, dovon, dengiz, ko‘l, daryo va hokazolar nomlari yozilgan. Xaritada yozilmay qolgan nomlar esa asar matnida berilgan. Xarita asosan hozirgi Sharqiy yarim sharga to‘g‘ri keladi. Mahmud Qoshg‘ariyning o‘zi bu haqda shunday yozgan: ”Rumdan Mochingacha bo‘lgan... shaharlar o‘rnini aniqlash maqsadida ularning hammasini yer shaklidagi doirada ko‘rsatdim”.
Asarda turli urug‘-qabilalardan qipchoq, o‘g‘iz, tatar, yamak, basmil, yabonu, qay, boshqirt, qirg‘iz, uyg‘ur, jamil, taru, ichroq, tuxsi, yag‘mo, chigil, tangut, tabg‘och, shuningdek, fors, arab, xitoy, rus xalqlari haqida ham ma’lumotlar keltiriladi. Asarda bulardan tashqari bir necha turkiy tildagi hikmatli so‘zlar berilgan.
Mahmud Qoshg‘ariyning bu asarida O‘rta Osiyo hududidagi bir qancha shaharlar nomlarining kelib chiqishi masalalari ham alohida ko‘rsatilgan. Kitobda turkiy yozuv to‘g‘risida aniq ma’lumotlar berilib, 18 harfdan iborat turk (uyg‘ur) alifbosi ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Mahmud Qoshg‘ariyning bu kitobi dunyo xalqlarining juda ham ko‘p tillariga tarjima qilingan. Asarning bunchalik katta ahamiyatga ega bo‘lishi muallifning hayotni yaxshi bilganligi, turli bilimlarni puxta o‘zlashtirganligi va asarni hayot tajribasiga asoslanib yozganligidan dalolat beradi. Shuning uchun ham asar o‘z ilmiy qimmatini bugungi kunda ham yo‘qotgani yo‘q.
Qoraxoniylar davrida yashagan yana bir o‘z davrining atoqli shoiri, donishmand va davlat arbobi Yusuf Xos Hojibdir (XI asr). Uning tarjimai holi, tug‘ilgan yili va hayoti to‘g‘risida yozilgan biron-bir asar saqlanib qolmagan. U Qoraxoniylar sulolasining poytaxti Bolasog‘unda tug‘ilgan va shu yerda ijod etgan. Hozirgi kunda Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilik”(”Baxt-saodatga boshlovchi bilim”)deb nomlangan didaktik, badiiy-falsafiy asari bizgacha yetib kelgan bo‘lib, boshqa asarlari ma’lum emas. Shoirning o‘zi bu ishga roppa-rosa 18 oy sarflagan va unga juda ham puxta tayyorgarlik ko‘rgan.
Asar nasriy muqaddimadan so‘ng 77 baytdan iborat bo‘lgan she’riy muqaddima bilan boshlanib, 73 bobning mundarijasi beriladi. Boshlang‘ich boblar o‘sha davr an’analariga binoan boshlanib, Olloh va Payg‘ambar, islom dinining foydasi va dunyoviy, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ilmiy masalalar bilan tugallanadi.
Asar shunchalik ko‘p qamrovli-ki, unda ko‘tarilgan masalalarni oddiy sanab o‘tishning o‘zi ham bir necha sahifalarni tashkil etadi:
Masalan: Yetti sayyora va o‘n ikki burj.
Inson farzandlarining qadri bilim va tafakkurda.
Tilning fazilat va manfaatlari.
Kitob egasining uzri.
Bilim va aql-idrokning farqi to‘g‘risida.
Bahad madhi.
Oy to‘ldining baxt haqidagi hikoyasi.
Ana shu sanab o‘tilganlardan ham ko‘rinib turibdiki, asarda shoir inson masalasini ajratib oladi. Insonning ijtimoiy mohiyati, uning hayotdagi o‘rni, vazifasi har tomonlama tahlil qilinadi.
“Qutadg‘u bilig” asarida bilim haqidagi alohida bob bo‘lib, unda bilimdan hech bir ziyon bo‘lmasligi, u kishilarga faqat foyda keltirishi mumkinligi, kishilarga bilim qadr-qimmat, hurmat va ehtirom keltirishi mumkinligi aytib o‘tiladi. Shuningdek, asarda markazlashgan davlatni mustahkamlashga qaratilgan nizolarga chek qo‘yish kabi o‘sha davr uchun juda katta ahamiyatga molik bo‘lgan masalalarga ham alohida e’tibor beriladi. Shu bilan birga, davlatni idora etish yo‘llari, buning uchun beklar bu yo‘lda o‘z atrofiga bilimdon, aqlli odamlarni to‘plashi lozim ekanligini alohida ta’kidlaydi. El-yurtni boshqarish asosida ikki narsa yotadi deb ko‘rsatgan shoir. Biri adolat ko‘rsatish bo‘lsa, ikkinchisi, ulardan marhamatni ayamaslikdir. Yuqorida qayd qilinganidek, shoirning bu asari dunyo jamoatchiligi tomonidan yaxshi qabul qilingan eng yaxshi asarlar qatoridan o‘rin olgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |