Muammoni o‘rganilish darajasi. O‘zbek xalq dostonlarini turli aspektda tadqiq qilish natijasida qator ishlar amalga oshirilgan. Shuningdek, o‘zbek dostonchiligida katta mavqega ega bo‘lgan “Ravshan”, ”Alpomish”, “Shirin bilan Shakar”, “Xoldorxon” kabi dostonlarning tili va stilistik xususiyatlarini tilshunos olimlar tomonidan o‘rganishda ma’lum yutuqlar qo‘lga kiritilgan. Shu bilan birgalikda olimlarimizning sayi harakatlari bilan o‘zbek xalq dostonlarining ko‘pgina baxshilar tomonidan ijro qilingan variantlari yozib olingan-ki, ularning barchasini til xususiyatlarini o‘rganishni o‘rinli deb hisoblaymiz. Ana shunday o‘z tadqiqotini kutib turgan dostonlardan biri “Kuntugmish” dostonidir. Ushbu doston hozirgi kunga qadar lingvofolkloristikada alohida tadqiqot obyekti sifatida o‘rganilmagan.
O‘zbek folkloristikasi o‘tgan asrning 20-30-yillaridan boshlab shakllana boshladi va shu kunga qadar ko‘pgina katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, yozib olingan dostonlar o‘zbek folklorist olimlari tomonidan ilmiy tadqiq qilindi. Bunday xayrli va ulkan vazifani amalga oshirishda B.M. Jirmunskiy, X. Zaripov, T. Mirzayev, B. Sarimsoqov, Q. Imomov, O.Safarov, U. Jumanazarov, M. Jo‘rayev, M. Yoqubova kabi folklorchi olimlarning xizmatlari katta bo‘ldi. Ularning mashaqqatli mehnatlari o‘laroq dostonlarning yuzlab manbalari turli variantlarda yozib olingan, nashr qilingan va ularning bir qismi ilmiy tadqiqot obekti sifatida o‘rganilgan. Ular bo‘yicha bir qancha nomzodlik, doktorlik dissertatsiyalari tayyorlangan va monografiyalar chop ettirilgan. 6
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, folklor namunalari adabiyotshunoslik nuqtai nazaridan anchagina o‘rganilgan. Shunga qaramasdan og‘zaki ijod namunalarini til va uslub jihatidan tadqiq qilinishida tilshunos olimlarimizning qilgan ishlari biroz kamga o‘xshaydi. Albatta, xalq og‘zaki ijodi namunalarini tilshunoslik nuqtai nazaridan o‘rganish bo‘yicha ham ma’lum ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, Sh. Shoabduraxmonov, R.Rasulov, S.Tursunov, J.Abdullayev, Z.Xolmonova, M.Saparaniyozova, F.Hayitova, M.Jumanazarova, J.Xolmuratova, A.A.Xaliqulovlarning filologiya fanlari nomzodi va X.Abduraxmonovning filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyalarini tilshunoslik yo‘nalishida olib borilgan tadqiqotlar sifatida qayd etilishi o‘rinlidir 7.
Albatta, ushbu ishlarni ijobiy baholash o‘rinlidir. Lekin ularning tadqiqot yo‘nalishlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularda ma’lum bir izchillik mavjud emasligini ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa, bu ishlar tizimida xalq dostonlarining lingvistik xususiyatlarini yoritishiga qaratilganlari juda ozchilikni tashkil etadi. Albatta yuqoridagi nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalardan tashqari, xalq og‘zaki ijodi namunalarining lingvistik xususiyatlarini o‘rganishga bag‘ishlangan boshqa tadqiqotlar ham mavjud. Bunday tadqiqotlar sirasiga X.Doniyorov, B. O‘rinboyev, M. Murodov, X.Razzoqov, Z. Husanova, D. O‘rinboyeva va boshqalarning ishlarini aytib o‘tishimiz o‘rinli. Shu tadqiqotlar silsilasida B.To‘ychiboyev, M.Yoqubova, G. Jumanazarovalarning monografik tadqiqotlari alohida ahamiyatga ega.8
Yuqorida sanab o‘tilgan tadqiqotlar o‘zbek lingvofolkloristikasining katta yutug‘idir. Lekin bu ishlarni biz xalq og‘zaki ijodi namunalarini ilmiy jihatdan o‘rganilish ko‘lami miqyosida oladigan bo‘lsak, bu dengizdan bir tomchidek ko‘rinadi. Shunday ekan hozirgi kun tilshunoslari oldida ota-bobolarimizdan bizga meros sifatida og‘izdan-og‘izga ovtib yetib kelgan dostonlar tilini turli aspektlarda o‘rganishdek muhim vazifalar turibdi. Ana shunday vazifalardan biri dostonlar tilida qo‘llanilgan paremiologik birliklarning lingvopoetik xususiyatlarini ilmiy jihatdan o‘rganishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |