Transformatsiya jarayonlari boshlandimi?
Dastlabki hisob-kitoblarga koʼra, universitetda bakalavriyat bosqichida bir semestrda oʼqish 15 hafta va attestatsiya uchun 6 (bir semestrda 3 hafta imtihonlar uchun ajratilgan) hafta ajratilmoqda. Shunda 4 yilda oʼqish haftalari soni 144 tani, attestatsiyalar 24 haftani hamda umumiy taʼtillar bilan hisoblaganda jami 204 haftani tashkil etmoqda. Barcha taʼlim yoʼnalishi va mutaxassisliklar oʼquv rejalarida har bir bosqichda fanlar ikki qismga, yaʼni asosiy va tanlov fanlariga ajratilgan holda aks ettirilmoqda. ECTS talabidan kelib chiqib, talabaga har yili 60 kreditdan 4 yil ichida jami 240 kreditni toʼplash majburiyatini yuklash rejalashtirilmoqda. Shunda talaba 4 yil davomida maʼruza, amaliy hamda laboratoriya mashgʼulotlari va imtihon jarayonlarida ishtirok etishiga 2880 soat, mustaqil taʼlimga 4320 soat, jami 7200 soat vaqt sarflashi lozim boʼladi.
Bizning misolimizda 1 kredit = 12 akademik soat + 18 soat mustaqil taʼlimni tashkil etadi. Shu bois 1 kredit 30 soatga teng deb qaralib, talabaning haftalik auditoriya yuklamasi 20 soatga teng. Malakaviy amaliyot uchun ajratilgan kredit miqdori tegishli fan yoki fanlar hisobiga amalga oshirilishi koʼzda tutilgan.
Yangi tizimga oʼtilsa, qanday oʼzgarishlar sodir boʼladi?
Mazkur tizimning oliy taʼlimga joriy qilinishi oʼqitish sifatini oshirish, shaffoflikni taʼminlash, korruptsiyaga barham berish, taʼlim oluvchining haqiqiy bilimini yuzaga chiqarish hamda talabaning mustaqil oʼqib-oʼrganib, oʼz ustida ishlashiga zamin yaratadi. Bugungi kunda Yevropa kredit tizimi koʼhna qitʼaning deyarli barcha oliy oʼquv yurtida amaliyotga joriy etilgan.
Kredit-modul tizimining joriy etilishi oʼqituvchi va talabaning hamkorlikda ishlashida muhim omil hisoblanadi. Modulli taʼlimda pedagog tinglovchining oʼzlashtirish jarayonini tashkil etadi, boshqaradi, maslahat beradi, tekshiradi. Talaba esa yoʼnaltirilgan obʼekt tomon mustaqil harakat qiladi. Eng katta urgʼu ham talabalarning mustaqil taʼlim olishiga qaratiladi.
Oʼquv jarayonida mustaqil taʼlim olishning ahamiyati ortadi va bu kelajakda mutaxassislarning mustaqilligi, ijodiy tashabbuskorligi hamda faolligini oshirishga olib keladi. Kredit-modul tizimida universitet talabalari har doim oʼqituvchi va kursdoshlaridan yordam hamda maslahat olish imkoniyatiga ega boʼladi. Bu esa oʼzaro hamjihatlikni mustahkamlaydi va jamoada ishlash koʼnikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Kredit-modul oʼqitish tizimiga oʼtish oliy oʼquv yurti professor-oʼqituvchilariga boʼlgan majburiyat hamda talabni ham oshiradi. Yuqorida taʼkidlab oʼtilganidek, modulli oʼqitish tizimi bilan oʼqituvchi nafaqat axborot beruvchi va nazorat qiluvchi funktsiyalarini, balki maslahatchi hamda muvofiqlashtiruvchilik vazifalarini ham bajaradi. Pedagogik jarayonda oʼqituvchining yetakchilik roli saqlab qolinadi.
Yana bir gap. Taʼlimning kredit tizimi talabalar almashinuvini oshiradi. Chunki bitta universitetda olingan kreditlar ikkinchisida hisobga olinadi va talabalar kredit yoʼqotmasdan bir universitetdan boshqasiga oʼtishi mumkin. Aynan ushbu tizim oʼzbekistonlik talabalarning ilgʼor xorijiy universitetlarda oʼqishini davom ettirishiga hamda murakkab byurokratik toʼsiqlarni olib tashlashga imkoniyat yaratadi.
Аmmo shuni ham qayd etish lozimki, har qanday xalqaro tajribani koʼr-koʼrona, oʼz qadriyatlarimizni hisobga olmasdan turib, toʼgʼridan-toʼgʼri tatbiq etish, uning har bir elementini chuqur tahlil qilmasdan, ilmiy asoslarga tayangan holda amalga oshirilmas ekan, kelajakda maʼlum bir salbiy holatlarning yuzaga kelishini ham unutmaslik kerak.
Yaʼni ushbu tizim bizning dunyoqarashimiz, shart-sharoit, barkamol insonni voyaga yetkazishga qaratilgan qadriyatlarimizga toʼla-toʼkis mos keladi, degani ham emas. Shu sababli, oʼquv jarayonining faol elementlari hisoblanmish professor-oʼqituvchi va talabaning ham bu boradagi qarashlarini oʼzgartirishimiz, mazkur tizim talablarini ularga singdirishimiz, oʼziga xos madaniyatni shakllantirishimiz darkor.
Zero, mehnat bozori talabiga mos kadrlarni tayyorlamas ekanmiz, raqobatda oʼz oʼrnimizni, mavqeimizni yoʼqotishimiz muqarrar ekanligini his qilishimiz lozim. Аmmo oldimizda bundan yaxshiroq yoʼl ham, tanlov ham yoʼq. Nega deganda, barcha rivojlangan mamlakatlarning oliy taʼlim muassasalari ushbu yoʼldan yurib, yuqori natijalarni qoʼlga kiritmoqda.
Аnʼanaviy oliy taʼlim tizimimiz dunyoda tan olinmaganidan keyin, biz ilgʼor standart va tizimlarni oliy taʼlim muassasalariga tatbiq etishga majburmiz. Shunday ekan, yangilikka intilish, oliy taʼlim tizimini tubdan qayta isloh qilish boʼyicha boshlangan harakatlarni davom ettirish har tomonlama toʼgʼri qarordir.
Do'stlaringiz bilan baham: |