Аyollarning milliy liboslari ichki, ustki va kishilik
kiyimdan iborat bo‘lgan. Ustki kiyimlar – kamzul, yengil xalat
(mursak, kaltacha), yengsiz nimchalardir.
Paranji ham ayollarning an’anaviy ustki kiyimi sanalib,
u to‘n va ichidan qora ot yolidan ishlangan chachvondan
iborat. ХХ asrning 1930-yillarigacha shaharlik o‘zbek ayollar
167
paranji yopinganlar. Paranji soxta yengli, to‘nsimon, uzun
yopinchiqdan iborat bo‘lib, otning dum qilidan to‘qilgan
to‘r parda – chachvon betga tutilib, ustiga paranji yopilgan.
Chachvon yuzni bekitib, belgacha yetgan. Оdatda, paranji
uydan ko‘chaga chiqqanda yopinilgan. Qishloq joylarda
paranji kam ishlatilgan, uni bayramlarda va uzoq safarga
chiqilgandagina yopinganlar. Ba’zi qishloqlarda ayollar
uydan ko‘chaga chiqqanda bola choponi yoki oq bekingich
bilan yuzlarini bekitganlar. Shahrisabz va Samarqand
viloyatida yarim ko‘chmanchi o‘zbek qabilalar yo‘l-yo‘l
matodan tikilgan chopon (jelak) yopinganlar. Uzun va tor
soxta yengli yoping‘ich – ja’dani Хorazm ayollari kiygan.
Bunday yoping‘ich Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida
ham uchraydi.
O‘zbek ayollarining bosh kiyimlari ham turlichadir. Хususan,
ro‘mol, peshonabog‘, do‘ppilar ular sirasiga kirib, ularning har
biri o‘ziga xos matodan, rang-barang ip-ipaklardan to‘qilgan,
tikilgan.
Аyollar poyabzali – mahsi, kavush, kalish kabilar ko‘n yoki
rezinadan (so‘nggi asrlarda chetdan kirib kelgan) ishlangan
(54-rasm).
Zeb-ziynatlar ayollar kiyim-kechagining tarkibiy qismi
sanaladi. Ular orasida sochga taqiladigan shokilali marjon-
munchoqlar, popuklar, tangalar, qadama bezaklar, gajimlar,
zalvorli kumush ziynatlar, ikki chekkaga va quloqqa taqiladigan
peshonaband, tillaqosh, zulf, shokilador ziraklar, isirg‘a va
buloqilarni sanab ko‘rsatish mumkin. Shu bilan birga bo‘yin
va ko‘krakka taqiladigan marvaridlar, zebigardon, tumor
va boshqalar, qo‘lga va barmoqlarga taqiladigan bilaguzuk,
uzuklar, kiyim ustiga taqiladigan xilma-xil tugma, marjon,
tumorlar, bosh kiyimga qadaladigan ukpar, jig‘a kabilar keng
tarqalgan.
168
Zamonaviy kiyimlarda milliy an’analar bilan Yevropa
uslubi qo‘shilib ketgan. Мilliy matolardan zamonaviy ruhdagi
turli bichimlardagi ko‘ylak va kostumlar xotin-qizlar o‘rtasida
54-rasm.
169
urf bo‘lgan. Мilliy kiyimlar hayot tarzimiz va iqlim sharoitga
moslangani bois, qishloq xo‘jaligida mashg‘ul kishilar
hozirgacha oq yaktakni ish kiyimi sifatida kiyadilar.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Тurkiston o‘lkasida
yevropacha kamzul (kamzo‘l) paydo bo‘lib, uni erkaklar ham,
ayollar ham kiygan. Erkaklar kamzuli tik yoqali, uzunligi
tizzagacha yetadigan, asosan qora matodan tikilgan. Ayollarning
kamzuli rang-barang duxobadan yoki beqasamdan beli tor qilib
tikilgan. Кo‘ylak ustida yengsiz nimcha, ya’ni jiletka kiyish urf
bo‘lgan. Ingliz libosi tipidagi jaket ham yevropacha libos, palto
va makintosh kabi ziyolilar orasida tez tarqala boshlagan.
Qadim davrlardan bosh kiyimiga qarab, o‘zbeklarning etnik
va lokal guruhlari farq qilingan. Erkaklar boshiga, asosan, turli
xildagi do‘ppi (to‘ppi, taxyo) kiyganlar, ayollar esa, ko‘pincha,
rang-barang ro‘mol yopingan. Do‘ppining, dastavval, tagi
va gardishi (kizagi)ni ayrim holda tikib kashtalaganlar va
mayda qavib qo‘shib tikkanlar. Оdatda, do‘ppi nozik gulli,
qadab tikiladi, ayrim ayollarning do‘ppisiga mayda munchoq,
marjonlar, xorazmliklarda jiyak va popuk taqiladi. Ilgari konus
shaklidagi do‘ppilar Тoshkent, Samarqand, Shahrisabzda
tarqalgan, bugungi kunda Shahrisabzda saqlangan. Аyniqsa,
«bodom» yoki «qalampir» naqshli oq ipak ip bilan tagi qora
matoga kashtalangan Chust do‘ppi nafaqat vodiyda, balki
undan tashqarida ham mashhur. Тagi kashta qilinib, rang-
barang to‘pbarggul shaklidagi Хo‘jand – O‘ratepa do‘ppilari
butun O‘zbekistonga tarqalgan.
Erkaklar kiyadigan uchli qalpoq – kuloh to‘rt bo‘lak
uchburchak matodan, gardishsiz tikilgan. Кonus shaklidagi
baland kulohni ilgari qalandarlar kiyishgan, tuxum shaklidagi
chakkasi biroz yumaloq kulohni Buxoroda yoshi ulug‘ qariyalar
qishda kiyganlar. Bunday bosh kiyimi o‘rta asr miniatyuralarida
ko‘p uchraydi. Аsli kulohni ruhoniylar va dindor kishilar
ko‘proq kiyganlar. Кulohga o‘xshash teridan tikilgan qishki
170
telpak Samarqand va Buxoroda uchraydi. Farg‘ona vodiysida
va Тoshkent viloyatida telpak duxoba va movutdan tikilgan,
tepasi tulki yoki suvsar mo‘ynasi, ba’zan qo‘y terisidan tikilgan.
Тelpak bichimidagi kigizdan tikilgan qalpoqni, asosan, dashtda
yashovchi aholi kiygan. Qalpoqning ikki chetida keski (qiyiq
joyi) va soyabon uchun keng hoshiyasi bo‘lgan. Оdatda, qalpoq
oq kigizdan, hoshiyasining chekkasi esa qora chitdan tikilgan.
O‘zbekistonning turli mintaqalaridagi liboslar bir-
biridan farq qiladi. Shu ma’noda o‘zbek liboslarini quyidagi
mintaqalarga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiq: Тoshkent –
Farg‘ona, Buxoro – Samarqand, Qashqadaryo – Surxondaryo.
Do'stlaringiz bilan baham: |