Quduqlar haqida tushuncha
Quduq qachon va qayerda qazilganligi noma’lum. Lekin qadim-qadim zamonlardan odamlar quduqlar qazib, undan suv to‘plab ichib kelishgan. Hozirgi kunlarda ham mamlakatimiz cho‘lli zonalarini, shahar va qishloqlarni ichimlik, minerallashgan issiq suvlar bilan ta’minlash, ekin maydonlarini sug‘orish uchun chuqurligi 150-4000 metrgacha bo‘lgan 15000 dan ortiq quduq qazilgan. Shulardan 3000 dan ortig‘i (5-10 metrdan 1570 metrgacha) Mirzacho‘l hududiga to‘g‘ri keladi. Burg‘ilash qudug‘i bu yer po‘stidagi tog‘ jinslarini burg‘ilab o‘tadigan, uzunligi diametriga nisbatan farq qiladigan silindrga o‘xshash tik, qiya va gorizontal qurilma. Uning diametri 25 mm dan 5 m gacha va undan ham ortiqroq bo‘lishi mumkin. Odatda, neft va gaz quduqlarining boshlang‘ich diametri esa 165 mm dan kichik bo‘ladi.
Quduqlarning chuqurligi har xil bo‘ladi: sayoz – 2000 m gacha, o‘rta – 4500 m gacha, chuqur – 6000 m gacha, o‘ta chuqur 6000 metrdan yuqoriroq. Burg‘ilash qudug‘ining chuqurligi 10-15 km va undan ko‘proq bo‘lishi mumkin. (Skola yarim orolida 13 km dan ortiq). Burg‘ilash qudug‘ining chuqurligi oshishi bilan uning harorati va bosimi oshib boradi. Masalan, chuqurligi 13 km bo‘lgan burg‘ilash qudug‘ining harorati 220 0C ga, bosimi esa 135 Mpa ga teng bo‘ladi. Bu quduqlarning asosiy maqsadi chuqurlikda joylashgan foydali qazilmalarni qidirish, razvedka qilish, tog‘ jinsi va ma’danlardan namuna olish, yer po‘stining geologik, fizik parametrlarini, mineral, neft va gaz xom ashyolarning paydo bo‘lishini, hamda tarqalish qonuniyatlarini, ularni ilmiy va amaliy maqsadlarda o‘rganishga qaratilgan.
Quduqlarni burg‘ilash quruqliklarda va dengizlarda amalga oshiriladi. Quduqlar quyidagi elementlardan tashkil topgan:
quduq og‘zi – burg‘ilash qudug‘ining yer yuzasini kesib o‘tgan joyi;
quduq tubi – burg‘ilash jarayonida chuqurlanuvchi quduqning tubi. Ular ishlaydigan va ishlamaydigan tublarga bo‘linadi. U halqasimon, yaxlit, yassi, pog‘onali bo‘lishi mumkin;
quduq devori – burg‘ilash qudug‘ining yon yuzasi;
quduq stvoli - quduq devori bilan chegaralangan bo‘shliq. Barqaror tog‘ jinslaridan iborat quduq devorlari mustahkamlanadi, natijada quduq devorlari torayadi.
quduq o‘qi - quduq tubi markazidagi geometrik nuqta joyi. Quduq diametri – jins yemiruvchi asboblarning tashqi diametridan hisoblanadi. Quduqning haqiqiy diametri yemiruvchi asbobning diametridan kattaroq bo‘ladi.
quduq chuqurligi - quduq o‘qi bo‘yicha quduq og‘zidan quduq tubigacha bo‘lgan masofa.
Burg‘ilash minorasi va quduq ichi elementlari 1.1-rasmda tasvirlangan.
Burg‘ilash minorasi va quduq ichi elementlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |