Kalit so‘zlar: Ibora, qiyosiy ibora, frazeologik birlik, semantik tahlil, sinonim ibora
Til - muloqot vositasi va madaniyat kalitidir. Kishilarning tafakkuri va dunyoqarashi har bir davlatning madaniyatiga qarab farqlanadi va bu turli g‘oyalar, dunyoqarashlar til orqali ifodalanadi. Til va madaniyat bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Shuning uchun chet tilini o‘rganayotganda nafaqat grammatikani o‘rganish, balki madaniyatini ham tushunish talab qilinadi. Bunda aynan iboralar o‘rganilishi kerak bo‘lgan soha sirasiga kiradi. Iboralarni o‘rganish orqali kishi til ichiga kirib borib malakasini oshiradi. Hozirda koreys iboralari bo‘yicha faol tadqiqotlar olib borilmoqda.
Ibora ikki yoki undan ortiq soʻzlarni sintaktik tarzda birlashtirgan qoʻshma soʻz bo‘lib, turg‘un shakl va ma’noga ega bo‘lgan, metafora asosiga qurilgan leksik birlikdir. Koreys tilida mavjud iboralarning 50% dan ortig‘ini inson tanasi, ayniqsa bosh qismi bilan aloqador bo‘lgan iboralar tashkil etadi.
Tilshunos olimlarning olib borgan tadqiqotlari natijasida koreys tilidagi iboralarni quyidagi uch yirik toifaga ajratish mumkin:
Tana a’zolari: masalan, ko‘z, burun, quloqlar, og‘iz, bosh, yuz va bo‘yin bilan aloqador iboralar;
Tananing periferik organlari: ko‘z rangi, ko‘z qovoqlari va boshqalar;
Tana a’zolari bilan bog‘liq so‘zlar: ko‘z yoshlari, ko‘z nuri va boshqalar.
Lingvistika sohasida frazeologiya bu tasvirlovchi so‘zlar masalan idiomalar, iboralar, frazeologik fe’llar va leksikologik birliklarning boshqa turlarini o‘rganuvchi fandir. Bunda so‘z birikmalarining tarkibiy ma’nolari orqali umumiy ma’noni bilib bo‘lmaydi, ular mustaqil birliklar sifatida qo‘llaniladi. Masalan koreys tilidagi «입에 거미줄을 치다» iborasi och qolmoq ma’nosida ishlatiladi. So‘zma so‘z tushunadigan bo‘lsak, «og‘ziga o‘rgimchak to‘r to‘qimoq», deb tarjima qilinadi. Iboralar barcha tillarda ko‘chma ma’noni ifodalab kelganligi bois ulardagi ma’noni to‘g‘ridan- to‘g‘ri qo‘llash nojoizdir.
Fikrimizning isboti sifatida koreys tilidagi iboralarning bir nechtasini o‘zbek tili bilan solishtirib o‘rganib chiqamiz.
Koreys tilidagi «얼굴을 들고 다닐 수 없다» iborasi o‘zbek tiliga so‘zma –so‘z tarjima qilinganda «yuzimni ko‘tarib yura olmayapman» deb tarjima qilinsa-da, koreys tilidagi mazkur iborani o‘zbek tilidagi «boshimni ko‘tarib yura olmay qoldim» yoki «boshim egildi» iborasining ekvivalenti sifatida qo‘llash mumkin.
«자식 하나 잘못 두어 얼굴을 들고 다닐 수 없게 되었다». Farzandimning qilgan birgina xatosi tufayli boshimni ko‘tarib yura olmayapman. (Farzandimning qilgan birgina xatosi tufayli boshim egildi).
•입이 많다 ( so‘zma-so‘z tarjima qilinganda «og‘iz ko‘p» deb tarjima qilinib, bu yerda og‘iz asl ma’nodan oila ma’nosiga ko‘chgan.)
Do'stlaringiz bilan baham: |