Falsafiy ongning yangilanishi — serqirra jarayon. U juda keng ijtimoiy mazmunga ega bo’lib, jamiyat ma’naviy hayoti,
mafkurasi, madaniyati va ta’limi tizimidagi yangilanish, odamlarning ruhiy poklanishi, sobiq Ittifoqdan qolgan qaramlik
kayfiyatidan xolos bo’lish jarayonining tarkibiy qismidir.
Falsafiy dunyoqarash o’zgarishining muhim jihatlari quyidagilarda namoyon bo’ladi:
Birinchidan, falsafiy dunyoqarashning yangilanishi ijtimoiy jarayondir. Ya’ni u, avvalo, taraqqiyotning bir
bosqichidan ikkinchisiga o’tayotgan mamlakatdagi ijtimoiy munosabatlardagi uzluksiz o’zgarishning tarkibiy qismidir.
Falsafadagi yangilanish jamiyatdan, o’z davridan, ro’y berayotgan ijtimoiy jarayonlardan tashqarida sodir bo’ladigan
hodisalar yig’indisi emas. Balki u o’zida ana shu ijtimoiy jarayonlarning barcha asosiy xususiyatlarini aks ettiradi.
Ikkinchidan, mustaqillikka erishgan va uni mustahkamlashga harakat qilayotgan mamlakatimiz uchun bu tarixiy
zaruratdir. Ya’ni u tasodifiy namoyon bo’ladigan o’tkinchi hodisa emas. Balki o’tish davrining zaruriyati, jamiyatni
tubdan isloh qilish, odamlarda yangicha tafakkurni shakllantirishdagi asosiy yo’nalishlardan biridir.
Uchinchidan, falsafiy dunyoqarashning yangilanishi nafaqat umumiy ma’naviy muhitning, balki har bir jamiyat
a’zosining ijtimoiy qiyofasi, ruhiy dunyosi, maqsad va ehtiyojlarining o’zgarishi hamdir. Shu ma’noda, u buyuk alloma
bobomiz Abu Nasr Forobiy orzu qilgan fozil odamlarning komil fazilatlarini shakllantiradigan va takomillashtiradigan
jarayondir
9
. Ana shu nuqtai nazardan qaraganda, u g’oyat murakkab ruhiy o’zgarishlar, odamlarning qullik psixologiyasi
va mustabid tuzumga xos mafkuraviy asoratlardan xalos bo’lish jarayoni hamdir.
To’rtinchidan, falsafiy ongning yangilanishi muayyan bir davrda amalga oshadi. Bu jarayon bizning mamlakatda
o’tish davriga to’g’ri kelmoqda. Ana shu davrda ijtimoiy muhitda yangi jihatlar vujudga keladi, odamlarning ruhiyati,
qarashlarida tub o’zgarishlar ro’y beradi.
Beshinchidan, falsafiy dunyoqarashning yangilanishi inkor va vorislik jarayoni hamdir. Unda, bir tomondan, o’zbek
falsafasida azaldan mavjud bo’lgan, hatto sobiq mustabid tuzum ham yo’qota olmagan ko’p jihatlarning saqlanib qolishi
kuzatiladi. Ikkinchi tomondan, yaqinginada ustuvor bo’lgan ko’pgina sinfiy-partiyaviy tamoyillar o’tmishga aylanadi,
inkor etiladi. Uchinchi tomondan esa, falsafiy tafakkurda yangi yo’nalishlar o’z o’rnini topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |