Uvaysiy gʻazallari ustida ishlash.
Reja:
Shoira hayoti va faoliyati haqida
“Ko’ngil tog’ o’ldi” g’azali
Uvaysiy g`azallarini ustida ishlash va tahlil qilish
Shoira chistonlari haqida
Xonliklar davri o'zbek shoiralarining mashhur vakillaridan biri Uvaysiydir. XIX asr xalqimiz tarixida shoiralarning butun bir shodasini maydonga keltirdi. Bular Uvaysiy, Nodira, Dilshod otin, Mahzuna, Anbar otin, Nozimaxonim kabilar edi. Bu ro'yxatning boshida, shubhasiz, Uvaysiy turadi. Jahon otin 1789 — 90- yillarda Marg'ilonda ziyoli oilada tug'ildi. Otasi Siddiq kosiblik bilan shug'ullansa-da, madrasa ko'rgan, she'r va musiqaga oshno kishilardan edi. El orasida `Hofiz bobo` nomi bilan tanilgan bo'lib, o'zbekcha va tojikcha she'rlar bitardi. Onasi Chinnibibi maktabdor otin edi. Qizlarga dars berardi. Akasi Oxunjon hofiz ko'zga ko'ringan xonanda va sozandalardan bo'lgan. Jahon otin shu muhitda o'sib- ulg'aydi. Juda erta savodi chiqdi, otasi ko'magida arab, fors tillarini o'rgandi. She'rga, musiqaga ko'ngil qo'ydi. Ilk she'rlari bilanoq atrofdagilarning diqqatini tortdi.
Jahon otin o'n yetti yoshida marg'ilonlik Hojixon ismlik bir kishiga turmushga uzatildi. Hojixon ma'rifatli, so'z va sozni xush ko'rgan kishilardan edi. Shu sababli ular bir-birlari bilan ahil va inoqlikda yashadilar. Muhammadxon ismli farzand ko'rdilar. Jahon otinning `Uvaysiy` taxallusi bilan bitilgan she'rlari xalq orasiga yoyila bordi va uning dovrug'i bu vaqtlarda Marg'ilon hokimi bo'lib turgan Umarbekning umr yo'ldoshi shoira Nodirabegimga ham yetib bordi. Ikki oila bir-biri bilan yaqinlashib, Oxunjon hofiz saroy sozandasi qilib olindi. Hojixonga esa, hokimlikdagi martabalardan biri in'om qilindi. Biroq bu kunlar uzoq davom etmadi. Hojixon erta vafot etdi. Jahon otin yakka-yolg'iz o'g'li-yu bo'yidagi homilasi bilan qoldi. Ko'p o'tmay, qizi Quyoshxon tug'ildi. Bu vaqtlarda Umarxon Qo'qon xoni, Nodirabegim malikai davron edi.
Nodirabegim Uvaysiy oilasini Qo'qonga ko'chirtirib keladi va ularning do'stona munosabatlari 1842- yil fojiasiga qadar davom etadi. Uvaysiy saroyda ekan, qizlarga xat-savod o'rgatadi, she'r va musiqa ta'limi bilan shug'ullanadi. Uning otin nomini olishi bejiz emas edi. Mutaxassislar shoira o'z faoliyati davomida ko'plab shogirdlar chiqarganini, ular orasida iste'dodli qalam egalari bo'lganini xabar beradilar. Biroq shoiraning 1842- yilgacha bo'lgan hayoti ham bir tekis kechgan emas. 1822- yilda Amir Umarxon vafot etib, o'rniga o'g'li Muhammad Alixon o'tirgach, Uvaysiy xonadoniga notinchlik kirib keladi. Xon shoiraning o'g'li, 14—15 yoshli Muhammadxonning `Majnun` taxallusi bilan durustgina she'rlar bitishidan xabar topib, saroy xizmatiga mahram qilib oladi. Shu orada, Uvaysiy bilan Muhammad Alixon orasida gap qochadi va xon shoiraning o'g'lini sarboz sifatida Qashqarga harbiy yurishga jo'natib yuboradi. Uvaysiyga o'g'lini qayta ko'rish nasib etmaydi. Bu narsa shoiraga qattiq ta'sir qiladi. She'rlarida ayriliq ohangi kuchayadi. Uvaysiy Nodirabegimdan ijozat olib, Marg'ilonga qaytadi. Butun mehrini qizi Quyoshxonga berib, uning tarbiyasiga kirishadi.
Quyoshxon har jihatdan mukammal bo’lib, voyaga yetadi. `Xokiy` taxallusi bilan ajoyib she'rlar bitadi. Uni balog'atga yetgach. marg'ilonlik Abdusamad qori degan yigitga uzatadilar. Qori ilm-ma'rifatdan uzoq, mutaassib bir kishi edi. U Quyoshxonning she'r va musiqaga bo'lgan har qanday qiziqishini taqiqlab qo'yadi. Har bir xatti-harakatini ta'qib va tazyiq ostiga oladi. Bularga chiday olmagan Quyoshxon 1839- yilda o'ttiz yoshida vafot etadi. Uvaysiy qizidan bir yoshda qolgan nabirasi Bibi Xadichani tarbiya qila boshlaydi. Biroq bu tarbiya 1850- yilda shoiraning vafoti bilan uzilib qoladi. Qizig'i shundaki, Bibi Xadicha ham `Azmiy` taxallusi bilan she'rlar yozgan. U Andijonning Mingtepasidan bo'lgan Abduqodir degan kishiga uzatilgan edi. Uning qizi Xoljonbibi ham `Mag'ziy` taxallusi bilan tanilgan shoira edi. Uvaysiy merosi bizga asosan, mana shu Xoljonbibi orqali yetib kelgan.
XX asrning 60- yillarida olimlarimiz Andijon viloyatining Marhamat tumanida Uvaysiy avlodlari yashayotganini aniqlab, shoiraning chevarasi Xoljonbibi bilan uchrashishga va anchagina ma'lumotlarni qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldilar. Uvaysiyning she'riy devoni topilib, 1983- yilda `Ko'ngil gulzori` nomi bilan nashr etilgan.
Uvaysiy she'riyati ham, birinchi navbatda, ishqiy she'riyatdir. O'tmishdosh va zamondoshlarinikidan farqi shundaki, unda ayol kishining kechinmalari bo'rtib ko'rinib turadi. Masalan, undagi mahbub — boshiga salla o'ragan yigit. Shoiraning lirik `men`i o'z mahbubini sog'inadi. Ishqida kecha-kunduz nola chekadi. Holbuki, Uvaysiyga qadar sevish va u haqda yozish ham asosan erkaklarga xos sifatlar deb qaralgandi. Uvaysiy ayolning gulday nozik qalbi tebranishlarini o'zbek adabiyotiga olib kirgan ijodkorlardandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |