13-modda. Foydali qazilma konlarining va foydali qazilma konlari aniqlanishi ehtimoli bo‘lgan istiqbolli yer qa’ri uchastkalarining davlat reyestri Foydali qazilma konlarining va foydali qazilma konlari aniqlanishi ehtimoli bo‘lgan istiqbolli yer qa’ri uchastkalarining davlat reyestri (bundan buyon matnda davlat reyestri deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining mineral xomashyo bazasini o‘zlashtirish va yanada rivojlantirish istiqbollarini aniqlash maqsadida yuritiladi.
Davlat reyestri sanoat yo‘sinida o‘zlashtirishga tayyorlangan har bir kon bo‘yicha konni geologik-iqtisodiy baholash natijalari va uni ishlatish sharoitlari haqidagi, chiqarib olinayotgan mineral xomashyo miqdori va sifati hamda uning bozor konyunkturasi hisobga olingan holdagi qiymati haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi zarur.
Davlat reyestri foydali qazilma koni aniqlanishi ehtimoli bo‘lgan istiqbolli har bir yer qa’ri uchastkasi bo‘yicha foydali qazilmalarning chamalanayotgan resurslari (zaxiralari), ularning taxminiy sifati, potensial konni ishlatishning ehtimol tutilgan usullari haqidagi ma’lumotlarni, shuningdek yer qa’ri uchastkasini kelgusida geologik jihatdan o‘rganishga doir tavsiyalarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak.
Davlat reyestridagi ma’lumotlar ochiq kim oshdi savdolari shartlarini tayyorlashda, shuningdek yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqini to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar asosida berishda hisobga olinishi lozim.
Davlat reyestrini yuritish tartibi va uni yurituvchi vakolatli davlat organi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
14-modda. Foydali qazilma konlari, foydali qazilma belgilari va texnogen mineral hosilalar davlat kadastri Foydali qazilma konlari, foydali qazilma belgilari va texnogen mineral hosilalar davlat kadastri har bir kon bo‘yicha asosiy foydali qazilma va u bilan birga joylashgan foydali qazilmalar hamda qo‘shilib chiqadigan foydali komponentlar zaxiralarining miqdor va sifatini, konni ishga solishning konchilik-geologik, konchilik-texnik, texnologik, gidrogeologik va boshqa shartlarini hamda konning geologik-iqtisodiy baholanishini tavsiflovchi ma’lumotlarni, shuningdek har bir foydali qazilma belgisiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.
Foydali qazilma konlari, foydali qazilma belgilari va texnogen mineral hosilalar davlat kadastri texnogen mineral hosilalar bo‘yicha har bir to‘plab qo‘yilayotgan obyektdagi texnogen mineral hosilalarning tipi yoki turini, miqdor va sifat ko‘rsatkichini hamda ularni saqlashning konchilik-texnik shartlarini tavsiflovchi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang. Foydali qazilma konlari, foydali qazilma belgilari va texnogen mineral hosilalar davlat kadastri O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tomonidan yuritiladi.