II BOB. Optoelektron o‘zgartirgich asboblar va xaroratni nazorat qilish. 2.1. Kvazimonoxromatik (optik), fotoelektr, spektral nisbatli (rangli), to‘liq nurlanishli (radiatsion) pirometrlarining ishlash pirinsiplari. Kvazimonoxromatik (optik) pirometrlar. Optik pirometrlarning ishlash prinsipi temperaturasi o‘lchanayotgan jismning nurlanish ravshanligini etalon jismlarining monoxromatik nurlanish ravshanligi bilan solishtirishga asoslangan. Etalon jism sifatida, odatda, nurlanish ravshanligi rostlanadigan cho‘g‘lanish lampasining tolasidan foydalaniladi. Bu gruppadagi keng tarqalgan asboblardan biri — cho‘g‘lanish tolasi yo‘qolib ketadigan monoxromatik optik pirometrdir. Bu asbobning prinsipial sxemasi 2.1 - rasmda keltirilgan. Qizdirilgan jismning nurlanish oqimi ob’ektiv 1 orqali yig‘iladi va pirometrik lampa 2 ning toza yuzasiga proeksiyalanadi. Okulyar 3 yordamida ob’ektning tasviri bilan kesishgan lampa tolasining tasviri kuzatiladi. Lampa tolasi ta’minlash manbai E ning o‘zgarmas tokidan cho‘g‘lanadi. Manbaning kuchlanishini reostat R yordamida sekin-asta rostlash yo‘li bilan ob’ekt va tola ravshanliklari tenglashguncha oshirib boriladi. Shu payt ob’ekt tasviri bilan kesishgan tolaning qismi rasmda ko‘rsatilganidek, yo‘qolib ketadi. Ravshanliklari tenglashgandan so‘ng tok kuchini yoki lampa kuchlanishini o‘lchaydigan asbob bilan pirometr ko‘rsatishlari hisoblanadi.
2.1 – rasm. Optik pirometrning prinsipial sxemasi. Optik pirometrlarning temperaturasini o‘lchash diapazoni 800°S dan 10000°S gacha. Yo‘l qo‘yiladigan asosiy xatoliklar chegarasi ±1,5% dan oshmaydi. Optik pirometr ko‘chma asbobdir. U bilan uzluksiz o‘lchash va temperaturani qayd qilish mumkin emas.
Bunday pirometrdan farqli o‘laroq, fotoelementli pirometrlar (fotoelektr pirometrlar) ko‘rsatishlarni yozib olish va ularni masofaga uzatish imkoniga ega. Bu asboblardan tez o‘tadigan protsesslardagi temperaturani o‘lchashda foydalaniladi.
Fotoelektr pirometrlar. Fotoelektr pirometrlarning ishlash prinsipi fotoelementning fototokni o‘zgartirish xususiyatiga asoslangan. Fototok tushayotgan yorug‘lik oqimi intensivligiga bog‘liq bo‘lib, uning kuchi quyidagi tenglama orqali aniqlanadi:
(2.1)
bu yerda a — asbobning sezgirligiga bog‘liq bo‘lgan asbob doimiysi; n — asbobning spektr xarakteristikasiga bog‘liq bo‘lgan asbob doimiysi; T— fizik jismning temperaturasi.
Olingan temperaturaning nurlanishini xarakterlovchi fototok juda kichik bo‘lib, uni kuchaytirish uchun elektron kuchaytirgichlar qo‘llaniladi.