Orfoepiya. Orfoepiya (grekcha “orfo- to’g’ri, epos-nutq”) talaffuz me’yorlari haqidagi bo’lim. Talaffuz jarayonining o’ziga xos xususiyatlari orfoepiyada o’rganiladi. Orfoepiya me’yorlari tilning fonemalar tizimi, fonemalarning ma’lum o’zgarishlari bilan bog’liq. Orfoepik talaffuz me’yorlari adabiy til bilan birgalikda shakllanadi. Jonli so’zlashuv va mahalliy shevalar orfoepik me’yorning buzilishi hisoblanadi. O’zbek tilidagi asosiy orfoepik me’yorlar quyidagilardan iborat.
Unlilar orfoepiyasi:
1. So’zning yopiq bo’g’inlarida i unlisi juda qisqa talaffuz etiladi: biz,kir, tik, birikma, mis.
2. oi unlilari yonma-yon kelgan so’zlarda ular orasiga y qo’shib talaffuz etiladi: oid-oyid; qoida-qoyida; foiz-foyiz.
3. Ko’p bo’g’inli arabcha so’zlarda a unlisi i tovushiga monand talaffuz etiladi: mulohaza-mulohiza; muhokama-muhokima; muomala-momila.
4. a unlisi i bilan yonma-yon kelgan so’zlarda qisqa y qo’shib talaffuz qilinadi: zaif-zayif; maishat-mayishat.
5. a e birikmasida e tovushi y tarzida talaffuz etiladi: aeroport-ayraport; aeroflot-ayroflot.
6. Unli tovushlar til oldi undoshlari bilan yonma-yon kelsa yumshoq (malika), chuqur til orqa undoshlari bilan yonma-yon kelsa qattiq talaffuz etiladi (qatiq).
Undoshlar orfoepiyasi:
1. b undoshi so’z oxirida jarangsizlashib p tarzida talaffuz etiladi: istirob-istirop. So’z o’rtasida v bilan almashadi: kabob-kavob; qaboq-qovoq.
2. v undoshi so’z oxirida va jarangsiz undoshlardan oldin f tarzida talaffuz etiladi: avtobus-aftobus; Hakimov-Hakimof.
Orfoepiya me’yorining buzilishi natijasida paronimlar yuzaga keladi. Aytilishi (talaffuzi) jihatidan o’xshash, ammo yozilishi va ma’nosi har xil bo’lgan so’zlar paronimlar deyiladi.
Sheva so’zlarining talaffuzi orfoepik me’yorga kirmaydi.
Orfoepiya me’yorlari asosidagi tovush o’zgarishlari
Assimilyasiya - nutq tovushlarining o’zaro ta’siri, birining ikkinchisini o’ziga moslashtirishi: ket-di-ketti, aytti, uch-so’m-usso’m, tuz-sin-tussin.
Dissimilyasiya- ikkita bir xil (o’xshash) tovushdan birining boshqa (noo’xshash) tovushga aylanishi: zarar-zaral; zarur-zaril, birorta-bironta; kissa-kista; koridor-kolidor.
Metateza -undosh tovushlarning o’rin almashish hodisasi: daryo-dayro; yomg’ir-yog’mir; tebratmoq-terbatmoq; yamlamoq-yalmamoq; tuproq-turpoq; o’rganmoq-o’granmoq; to’g’ramoq-to’rg’amoq.
Proteza- so’z boshida bir unlining orttirilishi: ro’mol-o’ramol; stol-istol; shtraf-ishtaraf.
Epenteza-ikki undosh yonma-yon kelganda ular orasida talaffuzda i yoki u orttiriladi: fikr-fikir; hukm-hukum.
Prokopa-so’z boshida undoshning tushishi: yiroq-iroq; yigina-igna; yag’och-ag’och.
Sinkopa-unlilarning qisqa talaffuz etilishi: direktor-direktir.
Apakopa-o’zak oxiridagi tovush tushishi: do’st-do’s; xursand-xursan.
Eliziya-unli bilan tugagan va unli bilan boshlangan ikki so’zning qo’shilishi natijasida tovushlardan birining tushishi: bora oladi-boroladi; qora ot-qorot; borar ekan-borarkan.
Tovush moslashuvi: bir tovush boshqa tovushni o’ziga moslashtiradi: manba-mamba, shanba-shamba, yonbosh-yombosh, sunbula-sumbula, tanbur-tambur.
Orfografiya. Orfografiya (yunoncha orthos “to’g’ri”, grapo - “yozaman”) so’zlaridan olingan bo’lib, to’g’ri yozish yoki imlo qoidalari haqidagi bo’lim. Adabiy til ma’lum me’yorlarga ega ekanligi bilan shevalardan ajralib turadi. Orfografik me’yorlar yozma nutqning xususiyatlarini ochib beradi.
Orfografiya so’zlarning, qo’shma so’zlarning yozilishi, bosh harflar imlosi, bo’g’in ko’chirish haqidagi qoidalar tizimidan iborat. Asosiy orfografik qoidalar (imlo qoidalari) quyidagilar:
1. a unlisi urg’usiz bo’g’inlarda i ga yaqin talaffuz etilsa ham a ning o’zi yoziladi: muomala, muhokama.
Do'stlaringiz bilan baham: |