94
mustahkamlikka ega bo‘ladi. Ayniqsa, ishlatilayotgan materialning yengil bo‘lishi muhimroq
bo‘lgan o‘rinlarda, dyural bebaho yechim bo‘ladi. Masalan, mashinasozlik va aviasozlikda
metall konstruksiyasining umumiy vazni o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Zamonaviy
samolyotlar asosan alyuminiy asosida yasaladi. Shuningdek, poyezdlar, yuk mashinalari, va
qurilish materiallari tayyorlash singari mustahkamlik va yengillik uyg‘unligi talab etiladigan
sohalarda ham, dyural keng qo‘llaniladi.
Alyuminiyning yengil metall ekanligi elektrotexnika sohasi uchun g‘oyat muhimdir.
Alyuminiy – elektr tokini juda yaxshi o‘tkazadi. To‘g‘ri, ayrim boshqa metallar elektr tokini
alyuminiydan ko‘ra yaxshiroq o‘tkazadi. Biroq, ular alyuminiydan ko‘ra ham qimmat, ham
og‘ir bo‘ladi. Xususan, mis simning elektr o‘tkazish qobiliyati alyuminiynikidan ancha yaxshi.
Biroq, bir xil qalinlik va uzunlikdagi mis va alyuminiy simlari olinsa, mis sim deyarli uch
barobar og‘ir bo‘lib chiqadi. Agar og‘irligi va uzunligiga ko‘ra mis sim bilan teng bo‘lgan
alyuminiy sim tayyorlansa, uning qalinligi ancha kattaroq bo‘ladi va u elektr tokini mis simdan
ko‘ra yaxshiroq o‘tkazadi. Boz ustiga, bunday alyuminiy sim, mis simga qaraganda ancha
arzon ham tushadi. Shu sababli ham uy ichkarisidagi mahalliy elektr simlarini mis simda
tayyorlansa-da, lekin, uzoq masofalarga elektr uzatish liniyalarining simlari albatta
alyuminiydan tayyorlanadi.
Bundan tashqari, alyuminiyning yana bir ajoyib xossasi bor. Alyuminiy – yorug‘likni
akslantirish bo‘yicha ham yaxshi sifat ko‘rsatkichlariga ega. Uning bu xossasidan
teleskoplarining ko‘zgusini yasashda foydalaniladi. Bunda ko‘zguning bir tarafida yupqa
alyuminiy qavati qoplanadi. Aynan ushbu alyuminiy qatlami akslantiruvchi yuzani tashkil
qiladi.
Alyuminiyning temirga nisbatan afzallik jihatlaridan yana biri, uning zanglamasligidir.
Buning sababi shundaki, alyuminiy temirga qaraganda faol element bo‘lib, uning kislorod bilan
reaksiyaga kirishishi tez va juda oson sodir bo‘ladi. Natijada, alyuminiy metallining sirtini
nihoyatda yupqa va lekin mustahkam alyuminiy oksidi qoplab oladi. Ushbu alyuminiy oksidi
qatlam shu darajada shaffof va yupqa bo‘lgani sababli, biz uni ko‘rmaymiz va sezmaymiz.
Ushbu qatlam havodagi kislorod bilan reaksiyaga kirishmaydi va shu orqali alyuminiyni
keyingi zanglashdan himoya qilib turadi. Shu sababli ham, alyuminiydan tayyorlangan
buyumlar yarqiroq bo‘lib jilvalanadi va havoning ta’siri, hamda, ob-havo injiqliklariga
bardoshli bo‘ladi.
Ushbu alyuminiy oksidi qatlamining chidamliligini yanada oshirish, pirovardida,
alyuminiy buyumning xizmat muddatini yanada uzaytirish uchun, uni elektr toki
o‘tkazilayotgan eritmaga solib ishlov berish kerak. Bunday tarzda ishlov berilgan alyuminiy
Do'stlaringiz bilan baham: