Suvli muhitda kislota-asosli titrlash kislota-asos xossasiga ega bo‘lgan anorganik va organik moddalar miqdorini aniqlashda keng qo‘llanadi. Bu usulda kuchli va kuchsiz kislota va asoslar, tarkibida kuchsiz kislota anioni va kuchsiz asos kationi tutgan nordon va asosli tuzlar miqdori aniqlanadi.
Kislota-asosli xossasi bo‘lmagan modda miqdorini ham mazkur xossaga ega moddaga aylantirib kislota-asosli usulda titrlab aniqlash mumkin.
Kislotalarni, ishqorlarni, ammoniy tuzlaridagi ammiakni organik va anorganik birikmalardagi azotni, borni, aralashmadagi ishqor va karbonatlarni, suvning vaqtinchalik qattiqligini (suv qaynatilganda yo‘qoluvchi bikarbonatlar yig‘indisini), ko‘pchilik dori preparatlardagi farmakologik faol moddalarni aniqlash uchun ko‘plab titrlash uslublari ishlab chiqilgan.
Ba’zi misollarni ko‘rib chiqamiz.
Ma’lumki, ishqoriy eritmalar havodagi CO2 gazini o'ziga yutib karbonatlar hosil qiladi. Shuning uchun ishqor eritmasida ko'pincha karbonatlar mavjud bo‘ladi. Ishqor va karbonatlar aralashmasidagi ishqor va karbonat tuzlarining miqdori ikki bosqichda HCl standart eritmasi bilan bevosita titrlab aniqlanadi. Titrlashning har bir bosqichi uchun o‘ziga mos fenolftalein (pT=9) va metiloranj (pT=4) indikatorlari qo‘llanadi.
Avval barcha ishqor va karbonatlar bikarbonatgacha (fenolftalein indikatorning rangi o‘chib ketguncha) titrlanadi:
HCl + NaOH = NaCl + H2O
HCl + Na2CO3 = NaCl + NaHCO3 So‘ngra eritmaga metiloranj indikatori qo‘shiladi. Eritmada hosil bo‘lgan sariq rang zarg‘aldoq rangga o‘tguncha, ya’ni bikarbonat karbonat kislotaga aylanguncha titrlash davom ettiriladi:
HCl + NaHCO3 = NaCl + CO2 + H2O
Bikarbonat hamda karbonat va ishqor aralashmasini titrlash uchun sarflangan HCl eritmasining miqdorini bilgan holda, dastlabki eritmadagi karbonat va ishqor miqdori hisoblanadi.
Ammoniy tuzlari tarkibidagi ammiak ikki xil usulda aniqlanadi.
Birinchi usul - kislota-asosli usulda qoldiqni titrlash. Ammoniy tuzlarining suvli eritmasiga natriy gidroksidning standart eritmasidan ortiqcha, ammo aniq miqdori qo‘shiladi va eritmada hosil bo‘lgan ammiak gazi butkul uchib ketgunicha eritma sekin isitiladi:
NH4+ + OH- → NH3↑ + H2O
Eritmada hosil bo’lgan ammiakning butkul yo‘qolganini isitilgan holda idishning bo‘g'ziga tutilgan, namlangan lakmus qog‘ozining rangiga ko‘ra bilinadi. Qizil lakmus qog‘ozining rangi ammiak chiqish jarayonida ko‘karadi va ammiak ajralishi tugagach lakmusning qizil rangi ko‘karmaydi.
Eritma xona haroratigacha sovutilgach, ammoniyni yo‘qotish reaksiyasidan ortib qolgan ishqor, HCl standart eritmasi bilan titrlanadi.
Ishqor qoldig'ini titrlash uchun sarflangan HCl va eritmaga qo'shilgan ishqorning umumiy miqdorini bilgan holda, tahlil etiluvchi eritmadagi ammoniy kationi bilan reaksiyaga kirishgan ishqor miqdorini va unga nisbatan eritmadagi ammoniy kationlari, binobarin, aniqlanuvchi ammoniy tuzining tarkibidagi ammiak miqdori hisoblanadi.
Ikkinchi usul-kislota-asosli mahsulotni titrlash formaldegidli usul. Ammoniy tuzining tahlil etilayotgan eritmasiga ortiqcha formaldegid CH2O eritmasidan qo‘shiladi. Bunda quyidagi reaksiyaga muofiq urotropin (geksametilentetramin) (CH2)6N4 va vodorod ionlari hosil bo‘ladi:
4NH4+ + 6CH2O → (CH2)6N4 + 4H+ + 6H2O
Mahsulot vodorod ionlari eritmadagi mavjud ammoniy kationlariga ekvivalent miqdorda hosil bo‘ladi. Ekvivalent nuqtada hosil bo‘lgan urotropin protofil xususiyatiga ko‘ra suvli eritmada
(CH2)6N4 + H2O → (CH2)6N4 • H+ + OH- kuchsiz ishqoriy muhitni hosil qilgani sababli titrlash fenolftalein indikatori ishtirokida olib boriladi.
Mahsulotni titrlash ychun sarflangan natriy gidroksid standart eritmasining miqdoriga ko‘ra tahlil etiluvchi eritmadagi ammoniy kationlarining miqdori hisoblanadi.
HCl eritmalari, odatda, bura Na2B4O7 • 10H2O ning aniq tortimi eritib tayyorlangan standart eritma bo'yicha standartlanadi. Suvli eritmalarda natriy tetraborat quyidagicha gidrolizlanadi:
Na2B4O7 + 7H2O → 2NaOH + 4H3BO3 va ekvivalent miqdorda ishqor hosil bo'ladi. Hosil bo'lgan ishqor metiloranj indikatori vositasida eritmaning sariq rangi zarg‘aldoq rangga o'tguncha HCl standartlanuvchi eritmasi bilan titrlanadi.
Tuzning gidrolizi va uning mahsulotini titrlash reaksiyalari tenglamalarini yig'indi holida quyidagicha yozish mumkin:
Na2B4O7 + 2HCl + 5H2O = 2NaCl + 4H3BO3 Natriy tetraboratning dastlabki miqdori va titrlashga sarflangan HCl eritmasi hajmini bilgan holda standartlanuvchi HCl eritmasining konsentratsiyasi hisoblanadi.
Azo-, azoksi-, amido-, amino-, nitro-, nitrozo-, guruhlari saqlagan organik birikmalardagi azot miqdorini aniqlashning Keldal usuli ham kislota-asosli titrlashga asoslangan. Bu usulga ko‘ra avval organik birikma konsentrik sulfat kislota bilan (simob tuzlari katalizatori ishtirokida yoki katalizatorsiz) parchalanadi. Natijada, dastlabki tahlil etiluvchi organik birikmadagi azot miqdoriga ekvivalent miqdorda ammoniy kationlari, NH4HSO4 tuzi holida hosil bo‘ladi. Hosil bo'lgan aralashmaga oniqcha ishqor qo‘shiladi. Ammoniy kationlari parchalanib ammiak gazi ajraladi. Hosil bo‘lgan ammiak gazi haydalib maxsus tutqichdagi miqdori aniq bo‘lgan HCl standart eritmasiga yuttiriladi.
Reaksiyaga kirishmay qolgan HCl NaOH standart eritmasi bilan titrlanadi.
Tutqichdagi ortiqcha HCini titrlash uchun sarflangan NaOH miqdoriga ko‘ra reaksiyaga kirishmay qolgan HCI miqdori va tutqichdagi HClning umumiy miqdori asosida tutqichga yuttirilgan ammiak bilan reaksiyaga kirishgan HCl, binobarin, aniqlanuvchi organik birikmadan haydalgan ammiak (azot) miqdori hisoblanadi.
Ba’zan tutqichga HCl eritmasi o‘rniga ortoborat H3BO3 kislota eritmasi quyiladi.
Ortoborat kislotaning ammiak bilan reaksiyasidan hosil bo‘lgan borat ionlari HCl standart eritmasi bilan titrlanadi.
Anorganik birikmalardagi azotni ham ammiak yoki ammoniy kationiga aylantirib aniqlash mumkin.
Masalan, nitrit yoki nitratlardagi azotni aniqlash uchun ular kislotali muhitda rux metali bilan yoki ishqoriy muhitda Devard qotishmasi (50% mis 5% rux 45% aluminiy) bilan qaytariladi. Keyingi misolda reaksiya quyidagicha boradi:
3NO3- + 8Al + 5OH- + 18H2O = 3NH3 + 8[Al(OH)4]- Hosil bo‘lgan ammiak haydalib tutqichga yuttiriladi va yuqoridagi amallar bajariladi.
Kislota-asosli titrlash usullari farmakopeya usullari bo‘lib, askorbin kislota, atsetilsalitsil kislota, dikumarin, glutamin kislota, metionin, diyodtirozin, betazin, sitizin, santonin kabi qator dori preparatlarini sifat nazoratida qo‘llanadi.