Angliya bilan sulh shartnomasining imzolanishi. Fransiya va Angliya o`rtasida 1360- yilda sulh shartnomasi imzolandi. Uning shartlari Fransiya uchun juda og`ir edi. Chunonchi, Fransiya hududining 1/3 qismi Angliya qo`liga o`tdi. Fransiya bunday og`ir shartni qabul qilishga majbur edi. Chunki Fransiyaning urushni davom ettirishga qurbi yetmas edi. Ertami-kechmi yana urush harakatlari boshlanishi muqarrar edi. Fransiya vaqtdan foydalanishga harakat qildi.
Chunonchi, qirol Karl V o`ziga bo`ysunishni xohlamagan sepa-ratchi hukmdorlarni tor-mor etdi. Moliya sohasida islohot o`tkazdi. Natijada qirol xazinasi qator doimiy daromad manbalariga ega bo`ldi. Bu qirolga yaxshi harbiy ta'lim ko`rgan qo`shin tuzish imkonini berdi. 120 kemadan iborat harbiy flot tashkil etdi. Tarixda birinchi bor og`ir artilleriya - to`p ixtiro etildi. Bu o`zgarishlar tez orada o`z samarasini berdi. 1369- yilda qayta boshlangan urushda Angliya qattiq mag`lubiyatga uchradi. Angliya qo`lida bir necha sohilbo`yi shaharlari qoldi, xolos. Biroq Karl V vafotidan so`ng vaziyat yana og`irlashdi. Fransiyada siyosiy inqiroz - saroy nizolari davri boshlandi. Bu mamlakatda hokimiyat uchun kurash avj olganligini anglatar edi. Siyosiy inqiroz Fransiyani halokat yoqasiga keltirib qo`ydi.
Atama mazmunini bilib oling Jakeriya - feodallar dehqonlarni masxaralab „jaklar" deb atashardi. Bu atama dehqonlarni kamsituvchi laqab edi. Qo`zg`olonning nomi shu laqabdan olingan.
25-§. Fransiyani birlashtirishning tugallanishi Tayanch tushunchalar: 1415- yilgi urush. Janna dArk. Partizanlar harakati. Orlean uchun jangning ahamiyati. Yuz yillik urush natijalari. Markazlashgan Fransiya qirolligi. Mutlaq monarxiya. Yangi urush va uning oqibati.Fransiyadagi og`ir ichki vaziyatdan foydalangan Angliya 1415- yilda yana urush harakatlarini boshladi. Tez orada Fransiya qo`shini mag`lub etildi. Oqibatda Angliya Fransiyaning butun shimoliy qismini egallab oldi. Bunga qanoatlanmagan inglizlar qo`shini mamlakat poytaxti Parij shahrini ham bosib oldi.
1420-yilda Angliya va Fransiya o`rtasida Fransiyani tahqirlovchi shartnoma imzolandi. Unga ko`ra Angliya va Fransiya yakka qirollikka birlashtirildi. Fransiya qirolining o`g`illari vorislik huquqidan mahrum etildi. Tez orada vafot etgan Angliya qiroli Genrix V ning hali go`dak o`g`li Angliya va Fransiya qiroli deb eTon qilindi.
Mustaqil Fransiya tarafdorlari bu holatga toqat qila olmaganlar. Shu tariqa Fransiya bir-biriga dushman ikki qismga bo`linib ketgan.
1428-yilda inglizlar qo`shini Orlean shahrini qamal qilishga kirishganlar. Orlean egallansa, inglizlar Fransiyaning janubini ham qo`lga kiritish imkoniga ega bo`lardilar.