Reja:
Kirish.
Zahiriddin Muhammad Bobur she’riyatining mavzular doirasi,janriy tarkibi.
Asosiy qisim.
Hayot zavqi, tabiat go’zalliklaridan zavqlanish, inson va insoniylikni ulug’lash, vatan va vatandoshlarni sevish, avaylash Bobur she’riyatining bosh timsoli.(G’azallari tahlili misolida)
Bobur Mirzo ijodida hasbi hol. She’rlarida Alloh rizoligiga erishish umidining aks etishi.(Ruboiy va tuyuqlar tahlili misolida)
Xulosa.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati.
Kirish.
Zahiriddin Muhammad Bobur she’riyatining mavzular doirasi,janriy tarkibi.
Yuksak madaniyatga erishgan har bir xalqning shunday buyuk farzandlari bo‘ladiki, ular nafaqat o‘z yurti, balki umumjahon tafakkur ahlining hurmat-e’tiborida bo‘ladi. O‘zbek xalqi tarixida dunyo sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ana shunday ulug‘ allomalar, davlat arboblari ko‘plab topiladi. Ularning hayoti va ijodini dunyo olimlari keng miqyosda o‘rganib keladilar. Bu fikrimizga, ayniqsa, Zahiriddin Muhammad Bobur ma’naviy merosining jahon ilmi fani, madaniyati va san’atida o‘rganilishi, targ‘ibu tashviq etilishi yaqqol misol bo‘la oladi.
Boburning lirik she’rlari an’anaviy g’azal, ruboiy, tuyuq, fard va boshqa janrlarning shakliy xususiyatlarini davom ettirishi bilan bir qatorda o’ziga xos ayrim xususiyatlarga ham ega. Bulardan biri ko’pchilik g’azallarning 5-7 baytlik bo’lishidir. Ruboiylarda taxallusni ko’proq ishlatish kuzatilsa, tuyuqlarda esa ba’zan qit’a shaklida qofiyalanishlar ham uchraydi. Masalan:
Qilmasa ul oy nazar manga ne tong?
Tengri tole’ chun manga yorotmadi.
O’qi yorar erdi ko’nglum dardini,
Netayin, ko’nglum uchun, yor otmadi.
(Bobur. Devon, 106-bet).
Bular Boburning an’anaviy janrlar xususiyatlarini saqlagan holda ularga ayrim yangiliklar kiritishga ham harakat qilganidan dalolat beradi.Boburning o’zbek tilidagi devoniga 120 ga yaqin g’azal, 210 ruboiy hamda qit’a, fard, tuyuq, masnaviy-nomalar, muammo va masnu’lar o’rin olgan. Ular orasida son jihatidan ko’pchilikni g’azal va ruboiylar tashkil etadi.
Bobur yoshligidan she’riyat olamiga kirib kelgan bo’lsa-da, o’zining birinchi tugal g’azalini 18 yoshida, ya’ni 1501 yilda yozgan. Bu g’azalning matla’i quyidagicha:
Jonimdin o’zga yori vafodor topmadim,
Ko’nglumdin o’zga mahrami asror topmadim.
(Bobur. Devon, 37-38-betlar).
Bobur Mirzo umrining oxirigacha turli janrlarda ijod etgan. Boburshunos Sabohat Azimjonovaning ma’lumotiga ko’ra, Boburning umri oxirida yozgan so’nggi to’rtligi fors tilida bo’lib, uni mazkur olima shunday tarjima qilgan:
Umrim hama firoqu hijronda o’tdi g’amu g’ussa bila,
Bu qimmatbaho umr arzon o’tdi ranju alamla,
Samarqandu Hirotda o’tmagan umr ayshu ishratla,
Afsus, Agrada vayrona bo’ldi jabru sitamla.
(Xalq so’zi, 1993, 16 mart, 3-bet).
Bobur lirik she’riyatining, jumladan g’azaliyotining mavzusi, bir tomondan, mumtoz g’azalchilikda yetakchi o’rin egallagan ishq mavzusi bo’lsa, ikkinchi tomondan, shoirning hayot hodisa-voqealaridan olgan taassurotlari: muvaffaqiyatlar shodiyonasi, muvaffaqiyatsizlik tufayli zamon va uning jafokorligidan nolish; o’zi tug’ilgan vatandan uzoqlashgani tufayli vatan va vatandoshlarini qo’msash, o’rni bilan pand-nasihat berish kabi mavzulardan iborat. Shuning natijasida Bobur she’riyati, jumladan g’azallari mutolaa qilinar ekan, shoir hayotiy va falsafiy mushohadalari, quvonchi, zavqi, muhabbati, o’kinch va sog’inishlari, g’azabi va nafratining ifodalanganligi guvohi bo’ladi kishi. Ulardagi samimiylik o’quvchini o’ziga maftun etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |