1.3. Turizm geografiyasining boshqa fanlar bilan aloqadorligi
Turizm sohasida qo‘shimcha xizmatlarning paydo bo‘lishi yangi ish joylarni vujudga keltirishga, turistlarni joylashtirish, ovqatlantirish, transport xizmatlarini tashkil etish, qo‘shimcha xizmatlarni amalga oshirishga imkoniyat yaratadi. Mintaqaning xo‘jaligi, aholisi, soni, tarkibi va boshqa xususiyatlarni o‘rganish ham talab qilinadi. Quyidagi chizmadan ko‘rish mumkinki, turizmning iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa sohalarni rivojlantirishda o‘rni beqiyosdir. Shu jihatidan turizm geografiyasining o‘rganish ob’ekti sotsial geografiya fanlar tizimida keng qamrovli va chambarchas bog‘liqdir. Modomiki, barcha fanlar bir-biri bilan uzviy aloqadorlikda rivojlanar ekan, turizm geografiyasi ham ko‘plab tabiiy va gumanitar fanlar bilan jumladan, rekreatsiya geografiyasi, tibbiyot geografiyasi, landshaftshunoslik, o‘lkashunoslik, mamlakatshunoslik hamda iqtisodiyot, tarix, etnografiya, huquqshunoslik va boshqalar bilan bog‘liq holda taraqqiy etadi.
Turizm geografiyasi o‘z tadqiqot doirasida ayniqsa rekreatsiya geografiyasi bilan uzviy bog‘liqdir. Sababi har qanday turistik sayohat davomida kishilar ma’lum darajada dam oladilar, o‘z kuch-quvvatini tiklaydilar. Ayni vaqtda rekreatsiya, ya’ni dam olish, davolanish paytida albatta vaqt-vaqti bilan turli sayyohlik tadbirlari o‘tkaziladi, marshrutlarga chiqiladi. Shu jihatdan bu ikki tarmoq bir-birini to‘ldirib turadi.
Turistik resurslar maqsad va vazifalariga ko‘ra tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatlarni o‘z ichiga oladi. Shu jihatdan turizm geografiyasi bilan rekreatsiya geografiyasining farqlarini aniqlash muhim masaladir.
Rekreatsiya geografiyasi dam olish, hordiq chiqarish, sog‘liqni tiklash, tabiat go‘zalligidan zavqlanib, ruhini ko‘tarishga qaratilgan faoliyat majmuini o‘z ichiga oladi. Rekreatsiya so‘zi polyakcha «rekrasia» – dam olish, lotincha «rekratio» - sog‘liqni tiklash demakdir. Binobarin, uzoq muddatga mo‘ljallangan rekreatsion faoliyat turizmga mos keladi va shu nuqtai nazardan ham turizm geografiyasi an’anaviy rekreatsion geografiyaning bir qismidir. Rekreatsion turizm bevosita sog‘liqni tiklash (sanatoriya, kurort, pansionat va h.k) bilan ham bog‘liq. Turizm geografiyasi bilan rekreatsiya turizmi bir-biri bilan aloqador tushunchalardir. Chunki, rekreatsiya geografiyasi kishilar sog‘lig‘ini tiklash, sog‘lomlashtirish, dam olish paytida turistik ekskursiyalar uyushtirilib, ularning sayohatlarga chiqishi bevosita turizm bilan bog‘lanib ketadi. Chunonchi, «ekskursiya» lotincha – safar-sayohat (muzeylarga, tarixiy yodgorliklarga, tabiat qo‘yniga va h.k) qilish ma’nosini anglatadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |