SUYUQ VANNADA ERITISH JARAYONI
So‘nggi yillarda og‘ir sanoatda, ayniqsa, rangli metallurgiyada avtogen jarayonlar keng qo‘llanilmoqda. Avtogen jarayon deb, qisman tashqaridan yoqilg‘i sarf qilgan holda, oltingugurtli birikmalarning oksidlanishi natijasida ajralib chiqadigan issiqlikning jarayonga to‘la sarflanishiga aytiladi.
Moskva po‘lat va qotishmalar institutining “Rangli og‘ir metallar metallurgiyasi” kafedrasi olimlari tomonidan taklif etilgan yangi jarayon “suyuq vannada eritish” deb ataladi.
Uzoq yillar davomida otasi, professor Vladimir Andreyevich boshlagan ishni sanoat miqyosida o‘g‘li, professor Andrey Vladimirovich Vanyukov tatbiq qilib, yuksak yutuqlarga erishdi va metallurgiya sanoatiga o‘ta unumdorligi bilan ajralib turadigan yangi agregat olib kirdi. Pechni takomillashtirishda, uni har tomonlama zamonaviy jihozlashda Moskva po‘lat va qotishmalar instituti olimlari bilan birgalikda “Ginsvetmet” (rangli metallar bosh ilmiy tadqiqot instituti, Moskva shahri), “Gipronikel” (nikel ilmiy-loyiha tadqiqot instituti, Moskva shahri), “Kazminsvetmet” (Qozog‘iston rangli metallar vazirligi), Qozog‘iston Fanlar akademiyasi olimlari hamda Norilsk va Balxash kon-metallurgiya kombinati, Ryazan ilmiy tadqiqot tajriba zavodi mutaxassislari va ilmiy xodimlari faol ishtirok etishdi.
Avvaliga sinov bir necha bora Ryazan tajriba zavodi pechida o‘tkazilib, yaxshi natija bergach, 1986-yili Norilsk kon-metallurgiya kombinatida to‘la sinovdan o‘tkazildi. Har tomonlama yaxshi natijalar olingach, uning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari nafaqat o‘sha paytda sobiq Ittifoq sanoatida ishlab turgan eritish pechlaridan, balki rivojlangan chet eldagi ayrim pechlardan ham ustun ekanligi namoyon bo‘la boshladi.
1987-yilda Ittifoq Vazirlar Kengashining qaroriga binoan, A.V. Vanyukovning vafotidan so‘ng ushbu eritish pechiga “Vanyukov pechi”, jarayonga esa “Vanyukov jarayoni” deb nom berildi. Asta-sekin ota-bola Vanyukovlar boshlagan ishni uning shogirdlari Moskva po‘lat va qotishmalar institutining “Rangli og‘ir metallar metallurgiyasi” kafedrasining mudiri professor, texnika fanlari doktori Valentin Petrovich Bistrov va Aleksey Yakovlevich Zaysevlar davom ettirib kelmoqda. Ular yildan-yilga “Vanyukov pechi”ni takomillashtirib, yuqorida qayd etilgan ikkita katta kon-metallurgiya kombinatida to‘la muvaffaqiyatli ishlashiga olib keldilar.
Pechning sanoatga kirib kelishi va uning konstruktiv yaratilishi uzoq yillarda, asosan, o‘tmishdagi pirometallurgiya pechlarining mukammal takomillashgan bir ko‘rinishi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Pechning shaxtasi to‘g‘ri burchakli bo‘lib, orasida suv o‘tib turishiga mo‘ljallangan mis plitalari o‘rnatilgan. Ana shu suv sovutkichlari yonidan doimiy kislorodli havo furma orqali yon tomonidan purkab turiladi. Havo purkalangan suyuq vannaga yuqoridan har xil hajmdagi qumoq shixta yuklab turiladi. Furmaning pastki qism bo‘limida eritmadan toshqol va shteyn ajralib, har ikkala tomonidan o‘rnatilgan sifonlar orqali hosil bo‘lgan mahsulot pechdan tinimsiz chiqarib turiladi.
P
mo’ri
echning asosiy qulayligi har ikkala yon tomonidan kislorodning to‘g‘ri shixta tushayotgan eritma ostidan purkalanishidir. Bu ustki va ostki purkalanish jarayonlariga qaraganda ancha qulay va issiqlik massa almashinuviga o‘z ta’sirini yuqori me’yorda ko‘rsatadi. Undan tashqari, vannada erigan va hali erib ulgurmagan ashyolar aralashmasi harakatining bir xilda biqirlashiga olib keladi. Ana shu eritmadagi bir xildagi doimiy ashyolarning aylanishi va biqirlashi mayda sulfidli zarralarning bir-biriga to‘qnashishiga, buning natijasida zarralarning yiriklashuviga olib keladi. Eritmada jarayon qanday holatda ro‘y berishidan qat’i nazar (harakat, toshqol qovushqoqligi va hokazo), kattalashgan shteyn zarralari pechning tubiga, shteyn fazasiga cho‘kadi.
Sulfidli shixta tarkibidagi kvarsli flus toshqolda tez eriydi, toshqolning hosil bo‘lish tezligini nihoyatda orttirib yuboradi.
Jarayonda tomchilar oralig‘idagi kolessensiya (ya’ni energiya sistemasining kamayishi bilan suyuq va qattiq fazalardagi hajmlarning o‘z-o‘zidan birikishi) shteyn tomchilarini o‘rtachalashtiradi. Demakki, pechning eng ostki qismidagi shteyn tarkibidagi mis shteyn bo‘limining ustki qismiga nisbatan bor-yo‘g‘i 3–5% gina farq qilishi mumkin.
Shteyn tarkibidagi misning ortishi bilan boshqa pechlardagidek, toshqol tarkibidagi mis tarkibi ham ortib boradi, biroq juda kam miqdorda, ya’ni 45–50% misli shteyn olinganda, toshqoldagi mis 0,5–0,6% dan deyarli ortmaydi. Vanyukov pechida nafaqat misli xomashyo, balki mis-nikelli klinkerning mis shixtasini ham birdek eritib, rejalashtirilgan holda, kerakli tarkibda misli shteyn, sulfat kislota olishga mo‘ljallangan sulfid va sulfat angidridli texnologik gaz olish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |