Suyuq holdagi konverter toshqolini ochiq nov orqali yallig‘ qaytaruvchi pechga quyish payti aks ettirilgan.
Hosil bo‘lgan sulfidli shteyn sifon yoki maxsus quvursimon metalli shnur orqali yon devorlarining har ikkala tomonidan cho‘yan idishga oqiziladi. Toshqolni oqizish uchun esa pechning gaz quvuri qismidan pech tubidan 0,8–1,0 m balandlikda vannaning deyarli ustki qismida, yon devorining har ikkala tomonida toshqol tuynugi joylashgan.
Hosil bo‘lgan ikkilamchi gazlar pech tubida joylashgan gorizontal vannaga nisbatan 7–150 burchak bo‘yicha qurilgan gaz mo‘risi (apteyk) va baland vertikal quvur orqali ochiq havoga chiqarib yuboriladi.
Gaz mo‘risi shamot g‘ishtlardan qurilgan bo‘lib, qisman yirik changlar ushlab qolinadi. Yallig‘ qaytaruvchi pechning afzalliklari quyidagilardir:
- yuklanayotgan xomashyoga, shixta qorishmasiga unchalik yuqori talab qo‘yilmaydi (masalan, ashyoning namligi, uning mayda yoki yirikligi, changning ko‘pligi va hokazo);
- misning shteyn tarkibiga o‘tish foizining yuqoriligi (96–98%);
- changning pechdan ajralib chiqishining kamligi (1–1,5%);
- umumiy unumdorlikning yuqoriligi (sutkasiga 1200–1600 tonna ashyo eritish mumkin);
- yoqilg‘ining pechda joriy qilish koeffitsiyenti 40–45%;
- pechning tuzilishi, konstruksiyasi, qurilishi juda oddiy.
Pechning asosiy kamchiliklari:
- sulfidsizlashtirish darajasi ancha past;
- yoqilg‘i ko‘p sarflanadi, masalan, 1 tonna xomashyoni eritish uchun 150–200 kg shartli yoqilg‘i sarflanadi;
- chiqindi, oqova gaz to‘g‘ri ochiq havoga, atrof-muhitni bulg‘agan holda chiqarib yuboriladi;
- oqova gazni sulfat kislotasi olish uchun ishlatib bo‘lmaydi, sababi tarkibida sulfid angidridi 1,0–2,0 % gacha bo‘ladi.
Sulfidli mis boyitmasini kislorodli-mash’alli pechda eritish va ularni tayyorlash
1953-yilda KMEP jarayoni birinchi marta Kanadaning «Kopper Klif» zavodida qo‘llangan. Jarayonning «avtogen» nomini olishiga asosiy sabab – tashqaridan yoqilg‘i sarflanmaydi. Jarayon uchun kerak bo‘lgan issiqlik ashyo tarkibidagi oltingugurtli birikmalarning parchalanishi, oksidlanishi, umuman olganda, ekzotermik reaksiyalardan hosil bo‘ladigan issiqlik hisobiga kechadi.
Olmaliq mis eritish zavodida KMEP jarayoni 1968-yildan beri sanoatda qo‘llaniladi. Pechning hajmi 580 m3, foydali maydoni 120 m2, ishlab chiqarish unumdorligi sutkasiga 12 t/m. Bir sutkada 2000 t shixtani qayta ishlash imkoni mavjud.
Xomashyo tarkibiga misli boyitma, flus va aylanuvchi chang kiradi. Jarayon yordamida turli mono va polimetalli boyitmalarni qayta ishlash mumkin. Boyitmalarning mineralogik tarkibi turlichadir. Mis minerallari xalkopirit, bornit, xalkozin, temir esa pirit va pirrotin minerallari tarkibida uchraydi.
Boyitmaning granulometrik tarkibi 0,147– 0,043 mm ga 90% gacha oraliqda o‘zgaradi. Suzgichdan keyin boyitmaning namligi 10 – 17% ni tashkil etadi.
KMEP jarayoni boyitmani chuqur oksidlantirish va misga boy shteyn olishdek murakkab jarayonni o‘z ichiga oladi. Dunyoda keng tarqalgan shixta tayyorlash usullaridan eng yaxshi qulay tizimlardan biri beding tizimidir. Xomashyo komponentlari qatlam-qatlam shaklda bir-biri ustiga tasmalar yordamida yuklanadi va vertikal kesimda konveyerga yuklanadi. Bunda shixta moddalari yaxshi aralashadi. Xomashyo tayyorlash katta mablag‘ sarflanishiga qaramay, beding tizimi tarkibi bir xil bo‘lgan xomashyoni tayyorlashga imkon yaratadi, uning yana bir qulayligi shundan iboratki, unda yirik va kukun moddalar bilan ishlash mumkin.
Beding tizimi Yaponiya zavodlarida keng qo‘llaniladi. Masalan, «Xitachi» zavodida 8 xil mahalliy boyitma, 10 xil xorijiy boyitma, 4 xil xorijiy sementli mis ishlatiladi. Metariallarda misning miqdori 2 % dan 37 % gacha o‘zgaradi. Ana shunday hollarda beding tizimi tarkibi deyarli o‘zgarmaydigan xomashyoni olishga imkon yaratadi. Masalan, xomashyoda misning o‘zgarishini hisoblaganda o‘rtacha nisbatdan 0,49 %, temir 0,56 % va oltingugurt bo‘yicha 0,68 % farq qiladi. EHM yordamida moddalarning taqsimlanishi har kuni hisoblanadi. Xomashyoning hajmi uch kun to‘liq ishlashga mo‘ljallangan. Ularda ikkita, hajmi 1700 t bo‘lgan xomashyo tayyorlash majmuasi mavjud bo‘lib, 3 kunlik zaxirada saqlanadi. Pulpa bu qattiq va suyuq moddalarning aralashmasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |