Kislorodli-mash’alli eritish pechi.
Dunyoda mis eritib chiqarish bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallab turgan AQSH yiliga 1,5 mln. tonnadan ortiq, MDH mamlakatlari hamda Yaponiyada 1 mln. tonnadan ortiq, Xitoy va Chilida 2 million tonnadan ortiq mis sof metall holida ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, Zambiya, Germaniya, Belgiya, Kanada, Avstraliya kabi mamlakatlar ham juda katta mis koni zaxiralari hamda yuqori texnologiyada ishlaydigan agregatlari tufayli yetakchi mis ishlab chiqaradigan mamlakatlar sirasiga kiradi. Asrimizning eng taraqqiy etgan eritish pechlari qatorida avtogen jarayonlarni o‘z ichiga olgan pechlar haqida ma’lumot bermay ilojimiz yo‘q.
Barcha avtogen eritish agregatlarining paydo bo‘lishiga ham asosiy sabab – boyitish usullarining o‘ta taraqqiy etganligidir. Chunki boyitishdan so‘ng olingan mis boyitmalari mayda, kukun holida bo‘lib, avval yallig‘ qaytaruvchi pechlar, keyin elektr pechlari va nihoyat, avtogen eritish pechlarining paydo bo‘lishiga olib keldi.
Avtogen jarayon aslida bugun yoki kecha o‘ylab topilgan yangi jarayon emas. O‘z-o‘zidan issiqlik chiqishi bilan boradigan jarayonlar qariyb 100 yildirki sulfidli va oksidli boyitmalarni oksidlovchi kuydirish jarayonida, shuningdek, misli-nikelli shteynlarni konvertorlash jarayonida ham keng qo‘llanib kelinmoqda. Bunda sulfidli birikmalarning oksidlanishi, parchalanishi mobaynida yuqori haroratning ajralib chiqishi natijasida boradigan jarayon XX asrning boshidayoq sanoat miqyosida keng qo‘llanilgani texnologiya tarixidan yaxshi ma’lum [18].
Avtogen eritish texnologiyasini, umuman olganda, oksidlovchi jarayon ham deyish mumkin. Avtogen jarayonlarda issiqlik almashuvi, massa almashuvi hamda issiqlikning uzatilishi boshqa pechlarga qaraganda umuman boshqacha bo‘lishi kuzatilgan, ya’ni oqova gaz harakat yo‘nalishi toshqolning erish haroratiga nisbatan yuqori bo‘ladi. Shuning uchun ham issiqlikning yo‘qolishi, ya’ni oqova gaz bilan tashqariga chiqib ketishi, biroz bo‘lsa-da, yuqoriroqdir. Yonilg‘ilar, yoqilg‘i resurslarining yildan-yilga kamayib ketishi va elektr energiya narxining ortib turishi avtogen jarayonlarning mavqeini yuqori ko‘rsatkichga ko‘tarib kelmoqda. Chunki avtogenli agregatlarga deyarli yoqilg‘i yoki qizitish uchun elektr energiyasi berilmaydi. Haroratni orttirish uchun ko‘pincha pechga oksidlash uchun purkalayotgan havo yoki texnologik kislorod qizdirib beriladi.
Shunday pechlar sirasiga kirgan Vanyukov pechi XX asrning o‘rtalarida taklif etilgan. Keyinchalik 90-yillarga kelib, u sanoatda keng ishlatilib, suyuq vannada eritish (ya’ni Vanyukov) pechi nomini oldi. Quyidagi rasmda “Vanyukov pechi”ning umumiy ko‘rinishi tasvirlangan. Bu pech haqida keyingi bo‘limlarda batafsil so‘z yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |