3.2. MIRZACHO’LDA YANGI QISHLOQLARINING PAYDO BO’LISHI
Mirzacho’lda rus qishloqlarining paydo bo’lishi nafaqat uni o’zlashtirish ishlari, balki Rossiya imperiyasining ko’chiruvchilik siyosati bilan bevosita bog’liq edi. Rossiya imperiyasi ma’murlari mahaliy iqlim sharoiti va agrar imkoniyatni hisobga olgan holda Turkistonga rus aholisini imperiyaning janubiy gubernalaridan ko’chirib keltirishni lozim topgan1. Ko’chib kelganlarning katta qismi vatanlarida dehqonchilik bilan shug’ullangan va xo’jalik yuritish uchun etarli bo’lmagan miqdordagi yerga egalik qilgan2. Turkiston o’lkasida rus qishloqlarining paydo bo’lishi oldindan rejalashtirish asosida olib borilmasdan, balki tartibsiz, faqat aynan o’sha daqiqada vujudga kelgan ehtiyoj, talab yuzasidan qo’llanilgan, rejasiz, favqulodda chora-tadbirlar asosida olib borilgan3.
Turkiston o’lkasi Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingach, katta yer egalarining ijtimoiy mavqeini pasaytirish maqsadida mahalliy yer egaligi shakllarining barcha turlari davlat erlari deb e’lon qilingan bo’lib, unga nafaqat o’troq dehqonlarga qarashli yerlar, balki ko’chmanchilarning erlari ham davlat erlariga kiritilgan. Bo’sh yerlar esa asosan qo’riq va bo’z yerlar bo’lib, ularni o’zlashtirish uchun katta xarajatlar sarflash, sug’orish tarmoqlarini barpo etish zarur edi.
Bunday sharoitda o’lkaga ko’chib kelgan dehqonlarni joylashtirish jarayoni juda ziddiyatli kechgan1. Berilgan imtiyozlar tufayli ko’chib kelganlarning ko’payib ketishi, o’lka ma’muriyatini ularni kutib olishga tayyor emasligi kabi qator muammolar mavjud edi. Ko’chib kelganlarga yangi yer berish imkoni yo’qligi sababli ular ilgari tuzilgan qishloqlarga joylashtirilgan. Yoki mahalliy aholi yangi ko’chib kelganlar tomonidan siqib chiqarilgan.
Qariyb 20 yillik davr mobaynida (1865-1885 y.) Mirzacho’l hududida bironta ham rus qishlog’i barpo etilmagan. Turli uyezdlardan chaqirilgan ishchilar, dehqonlar, kanal qazuvchilar bu yerdagi noqulay sharoit tufayli doimiy yashash uchun qola olmagan. Hukumat tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarasiz bo’lib, bu davrda Mirzacho’lga ko’chirib keltirilganlarning o’troqlashish jarayoni yuz bermagan. 1891-1892 - yillarda Rossiyaning Evropa qismida yuz bergan qurg’oqchilik tufayli Turkistonga ish va oziq-ovqat topish maqsadida ko’plab dehqonlar, ishsizlar oilalari kirib kela boshladi. Ko’chirish boshqarmasining mansabdori N.Gavrilov hisobotida, 1892-yilda Turkistonga ko’chib kelgan rus muhojirlarining soni 3000 ta oilaga etganligi ko’rsatilgan, lekin ko’chib kelganlarning aynan necha nafari Mirzacho’lga kelib joylashganligi aniq ko’rsatilmagan. Bu oqim 1897-yilgacha to’xtovsiz davom etib, shu davr ichida Turkistonda 17 ta yangi qishloqlar yuzaga kelgan. Ammo bu oqimning tobora kuchayib borishi natijasida ko’chib kelganlarni yer bilan ta’minlash tobora muammoga aylanib qolayotganligi tufayli, 1897-yilda general-gubernator farmoniga ko’ra Davlat mulklari va dehqonchilik boshqarmasi tomonidan ziroatchilik uchun yaroqli hududlarga aholini joylashtirish to’xtatilgan. Oradan 6 yil o’tib, 1903-yilda harbiy vazirlik qoshidagi ko’chirish va ko’chish masalasini tartibga solish komissiyasi rus dehqonlarini davlat yerlariga ixtiyoriy ko’chib kelishlari uchun qonuniy ruxsat bergan1.
Mirzacho’lga rus aholisini ko’chib kelishining asosiy sabablaridan biri bu yerda amalga oshirilgan irrigatsiya ishlari bo’lib, sug’orish tarmoqlarini barpo etish maqsadida dastlabki rus qishloqlari tashkil etilgan(4, 5-ilovalarga qarang). Mirzacho’l vohasida ilk rus qishloqlarining tashkil topishi sanalari haqida turli ma’lumotlar mavjud. Masalan, Samarqand viloyati harbiy gubernatori «Nikolaevskiy» qishlog’ini 1893-yilda tashkil topgan degan ma’lumotni keltirgan bo’lsa, polkovnik N.S.Likoshin ma’lumotiga ko’ra qishloq 1898-yilda tashkil etilgan. V.F.Karavaev «Nikolaevskiy» qishlog’ini 1891-yilda tashkil etilgan deb, hisoblaydi. K.K.Palen keltirgan ma’lumotlarga ko’ra «Nikolaevskiy» qishlog’i 1881-yilda tashkil topgan3. K.K.Palen bu sanaga N.K.Romanov tashabbusi bilan Mirzacho’lga yangi kanal qazish uchun ko’chib kelgan ishchilarni vohaga kelgan vaqtini asos qilib keltirgan bo’lishi mumkin. «Verxniy Volinskiy» qishlog’ining tashkil topgan vaqtini I.Z.Odishelidze 1889-yil, N.S.Likoshin va V.F.Karavaevlar esa 1897-yil bilan ko’rsatib o’tadilar.
"Turkestanskie vedomosti” gazetasida yozilishicha, «Nadejdinskiy» 1885-yilda Samarqand viloyatida tashkil topgan birinchi rus qishlog’i bo’lgan1.
V.F.Karavaev «Oltin O’rda» raz’ezdi, «Golodnaya Step’» stantsiyasi va «Chernyaevo» stantsiyalari yonida tashkil topgan qishloqlar haqida to’xtalib o’tgani holda, ularning qachon tashkil topganligi haqida ma’lumot bermagan2. Arxiv ma’lumotlariga ko’ra «Chernyaevo» qishlog’i 1899-yilda tashkil topgan.
Mirzacho’l tarixiga tegishli arxiv hujjatlari va matbuot materiallari asosida dastlabki rus qishloqlarining tashkil topishi sanasini A.V.Stanishevskiy quyidagicha keltiradi: «Nadejdinskiy» (1886), «Romanovskiy» (1887), «Nikolaevskiy» (1891), «Obetovanniy» va «Verxniy Volinskiy» (1896), «Konnogvardeyskiy» (1897), «Duxovskiy» (1898), «Spasskiy» (1907), «Naxalovka» (1909), «Alekseevskiy» (1913).
Mirzacho’lda irrigatsiya ishlarining amalga oshirilishi jarayonida Sirdaryoning chap sohilida shaxsan N.K.Romanov tashabbusi bilan turli yillarda 8 ta rus qishlog’i tashkil etilgan. Bular «Nikolaevskiy», «Konnogvardeyskiy», «Romanovskiy», «Nadejdinskiy», «Obetovanniy», «Verxniy Volinskiy», «Nijniy Volinskiy» va «Zaporojskiy» qishloqlari edi5. Mirzacho’l hududida birinchi rus qishlog’i 1885-yilda N.K.Romanov tomonidan tashkil etilgan bo’lib, qishloq aholisi ko’chirib keltirilgan Zaporoje kazaklaridan iborat bo’lganligi uchun «Zaporojskiy» nomi bilan atalgan1. Kanal qurilishi uchun doimiy ish kuchiga ega bo’lish uchun birinchi galda ishchilarni turar-joy bilan ta’minlash zarur edi, shu sababli sug’orish ishlari bilan shug’ullanuvchi idora yonida birin-ketin yerto’la va uylar paydo bo’la boshlagan. Kanal qurilishi ishlariga N.K.Romanov rahbarlik qilgan. «Zaporojskiy» qishlog’i mavjud bo’lgan 11 yillik davr mobaynida bu erga 300 ta xo’jalik kelib-ketib yashab turgan. Qishloq 1897-yilda zavolga yuz tutgan, natijada 1899-yilga kelib butunlay tashlab ketilgan2. Qishloq unumdor tuproqli erda joylashgan, ammo bu yerlarni sug’orish imkoniyati bo’lmaganligi sababli, qishloq aholisi dehqonchilik bilan shug’ullanmagan3. Kanal qurilishi ishlari bo’yicha Bosh idora bu qishloqda faoliyat ko’rsata boshlagach, bu yerda hayot yana jonlana boshlagan. N.K.Romanov «Zaporojskiy» qishlog’ida yirik qo’rg’on qurdirgan.
N.K.Romanov Bekobod yaqinidagi Qo’sh-Tuyoq qishlog’i atrofida 50 desyatina yerni ekin maydoni uchun va 19 desyatina erni qishloq qurish maqsadida oqsoqollikdan sotib olishga qaror qiladi. Yerni ma’lum qismiga naqd pul beradi, qolgan qismi uchun Buxor ariqni ishga tushirishga va 5 ta tegirmon qurib berishga va’da beradi. 1894-yil 31-avgustda Samarqand viloyati gubernatori yordamchisi general-mayor Pukalov rahbarligidagi komissiya tayyorlagan hisobotda qayd etilishicha, «Zaporojskiy» qishlog’ida N.K.Romanov qo’rg’oni atrofida xom g’ishtdan qurilgan 86 ta uy mavjud bo’lib, uylardan 20 tasi yashash uchun mo’ljallangan, 12 ta uyda knyaz ishchilari oilasi istiqomat qilgan, ammo ular qishloq xo’jaligi bilan shug’ullanmagan. «Zaporojskiy» qishlog’i aholisi 10-yil davomida, ya’ni 1896-yilda 300 ta oilaga etgan edi. Aholi soni vaqti-vaqti bilan ko’payib, goho kamayib turgan. Asosiy aholi kanal qurilishida qatnashib kun kechirganligi sababli, 1896-yili kanal qurilishi to’xtatilishi munosabati bilan yangi maydonlarga ko’chib keta boshladilar. Mana shu sabablarga ko’ra 1897-1899 - yillar davomida «Zaporojskiy» qishlog’i aholisi boshqa qishloqlarga ko’chib ketgan1.
«Zaporojskiy» qishlog’i aholisi dastlab sidqidildan faoliyat olib borgan. Kanal qurilishi bo’yicha idora qishloq markazida bo’lgan, shu sababli qishloqda savdo markazi, cherkov, qishloq aholisining farzandlari uchun o’yin maydonlari ham ajratilgan. 1896-yilda kanal qazish ishlari to’xtatilishi munosabati bilan aholi ish izlash, pul topish maqsadida hududni tashlab keta boshlagan. 1899-1913 - yillarda qishloq butunlay bo’shab qolgan.
N.K.Romanov tashabbusi bilan Chol-Tuqay degan joyda Sirdaryo sohilida ham kichik qishloq tashkil etilgan. Bu erga dastlab 3 ta oila kelib o’rnashgan. 1886-1888-yillar davomida qishloq 30 ho’jalikdan iborat bo’ldi. 1892-yilga kelib 50 xonadonga etgan. Knyaz ajratgan pul mablag’i evaziga bunyod etilgan bu qishloq «Nadejdinskiy» deb nomlangan2.
1899-yilda rasmiy ruxsatnoma bilan yashayotgan aholi qishloqda 215 nafarni tashkil etgan3. 1903-yilga kelib qishloqda 60 ta hovli barpo etilgan. 1907-yilda qishloqda mavjud 95 ta xo’jalikda 401 nafar kishi istiqomat qilgan4. 1907-1914 - yillar davomida qishloqda xo’jaliklar soni 109 tagacha etgan edi. «Nadejdinskiy» qishlog’ining aholisi dastlab «Tsar-plotina» yoki «Tsarevna» deb nom olgan kanal tarmog’idan foydalangan.
1887-yili Sirdaryoning chap sohili yaqinida N.K.Romanov tomonidan 13 oiladan iborat yangi «Romanovskiy» nomli qishlog’i barpo etilgan. 1892-yilga kelib, ularning soni 20 taga ko’paydi. 1899-yili general-gubernator S.M.Duxovskiyning tashabbusi bilan qishloqga 42 ta xo’jalik joylashtirilgan. Shu yilda ruxsatnoma va tegishli hujjatga ega bo’lgan 81 nafar ko’chib keluvchilar ro’yxatga olingan. Nikolay I kanalidan foydalana boshlagan «Romanovskiy» qishlog’i aholisi bog’dorchilik va qishloq xo’jalik ishlari bilann muntazam shug’ullana boshlagan. 1907-yilgi ma’lumotlarga ko’ra qishloqda mavjud 106 xo’jalikda 350 nafar kishi istiqomat qilgan. 1891-yili N.K.Romanov tashabbusi bilan «Nikolaevskiy» qishlog’i tashkil etilgani. Qishloq Sirdaryo sohilidagi Uyas-ko’l va Qiyot-ko’l qirg’oqlari oralig’ida joylashgan bo’lib, agronom P.V.Poznyakov hisobotida Zaporoje qishlog’idan 25 verst, taxminan 27 km, suv oqimi bo’ylab pastlikda joylashgan. V.F.Karavaevning ma’lumotida esa «Zaporojskiy» qishlog’idan 20 verst, ya’ni 21,2 km pastlikda, deb ko’rsatiladi. Bu o’rtadagi farq balki aniq o’lchamsiz hisobga olingan bo’lishi mumkin. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Bekoboddan Sirdaryo oqimi bo’ylab tashkil etilgan bu qishloqning tog’ etagida joylashgan kichkroq qismi Eski Nikolsk deb, tog’da tashkil etilgan katta qismi Yangi Nikolsk deb atalgan 1891-yilda qishloq aholisi jami 663 nafarni tashkil etib, 159 xo’jalikdan iborat bo’lgan. bo’lsa, 1899-yilda qishloqdagi aholi soni 216 nafarni tashkil etgan Bunda qishloqda yashash uchun ruxsatnoma va tegishli hujjatga ega bo’lgan kishilar hisobga olingan bo’lishi kerak. 1907-yilda qishloqdagi 27 xo’jalikda jami 197 nafar kishi istiqomat qilgan. «Obetovanniy» qishlog’i 1888-yilda N.K.Romanov tomonidan tashkil etilgan bo’lsa-da, bir necha yillar davomida bu qishloq rivojlanmagan. Faqatgina 1896-yilda bu yerga Orenburg kazaklaridan 15 xo’jalik ko’chib kelib (ular 1886-yildan buyon «Zaporojskiy» qishlog’ida istiqomat qilar edilar), kanal qurilishi va chorvachilik bilan shug’ullana boshlagan1. Dastlab kazak oilalari mahalliy qozoqlar bilan aralash yashaganlar. Ular o’zlari qurgan vaqtinchalik turar-joylarda istiqomat qilishgan. 1899-yilda 89 nafar rasmiy hujjatga ega bo’lgan kishi istiqomat qilgan2. 1907-yilda qishloq aholisi 149 nafarni tashkil etgan3. 1904-yilda to’qay erlaridan ularga ajratilgan yerlarning ozligi tufayli, «Obetovanniy» qishlog’i rivojlanmagan. 1912-yilda Samarqand viloyatining harbiy gubernatori general-mayor I.Z.Odishelidze bu yerda bo’lib, Mirzacho’ldagi boshqa rus qishloqlariga nisbatan bu qishloq aholisining nihoyatda nochor ahvolda ekanligini ta’kidlab, zudlik bilan ularga yangi joy ajratishni taklif qiladi4. Chunki, suv toshqini bo’lgan vaqtda qishloq hududini suv bosib ketishi xavfi bo’lgan va ekin maydonlari joylashgan Shirquduqdan magistral kanal qurilishi rejalashtirilgan edi. Shu sababga ko’ra Ko’chiruvchilik boshqarmasi 1912-yilda qishloq aholisiga qo’shimcha yer ajratish haqida loyiha tayyorlagan. 1896-yilda Rossiyaning janubiy qismida yuz bergan qurg’oqchilik va ocharchilik tufayli kubanliklar najot so’rab Turkistonga kelishdi. Kuban oblastidan kelgan aholi sektant–molokanlar (pravoslaviedagi diniy oqim vakillari)lardan iborat bo’lib, ular «Obetovanniy» qishlog’idan 6–7 verst pastda, Sirdaryo bo’yiga kelib o’rnashgan. Qishloq dastlab «Volinskiy» deb atalgan. Keyinchalik qishloq aholisi orasida diniy kelishmovchiliklar yuz berganligi sababli, aholining bir qismi bu yerdan ketib, «Nijniy Volinskiy» qishlog’ini tashkil etgan. Shundan so’ng bu qishloq «Verxniy Volinskiy» deb atala boshlagan. Kubanliklar lalmi dehqonchilik va chorvachilik bilan mashg’ul bo’lgan, chigirtka bosqinidan so’ng qishloq aholisi pul topish maqsadida turli ishlar bilan shug’ullangan. «Verxniy Volinskiy» nomini olgan kubanliklar qishlog’ining aholisi baliqchilik va chorvachilik bilan hayot kechira boshlagan. Ular mahalliy aholining lalmi bug’doyzorlarida qo’l kuchi bilan bug’doy o’rgan va sut mahsulotlarini sotish bilan shug’ullangan1. Shu tariqa Kuban sektantlari va molokanlari o’zlariga Mirzacho’lda yangi qishloq tashkil etgan2. 1899-yilda rasmiy ruxsatnomaga ega bo’lgan qishloq aholisi 215 nafarni tashkil etgan3. 1907-yilda «Verxniy Volinskiy» 89 kishi istiqomat qilgan. Aholining tarkibidagi bunday keskin o’zgarishni qishloq aholisini boshqa qishloqlarga ketib qolishi bilan asoslash mumkin. 1897-yilda Sirdaryo oqimi bo’ylab 4–5 verst masofada N.K.Romanov ruxsati bilan 10 ta xo’jalik uchun joy ajratilgan. Asosiy aholisi baptistlardan iborat bo’lgan qishloq aholisi dastlab «Obetovaniy» va «Verxniy Volinskiy» qishloqlaridan ko’chib kelgan, ular yangi «Nijniy Volinskiy» qishlog’ini tashkil etgan. Qishloqda hukumat ruxsatnomasiga ega 76 nafar kishi bo’lgan. Qishloq ahli Kavkaz va Rossiyaga xat yozib, u yerdagi maslakdoshlarini ko’chib kelishga da’vat etgan. Bir yil o’tgach, «Nijniy Volinskiy» qishlog’i aholisi 64 ta ho’jalikdan iborat bo’lgan. 1904-yilda ho’jaliklar soni 105 taga etgan. Ular sug’orma dehqonchilik bilan endi shug’ullana boshlaganliklari tufayli, kun kechirishlarining asosiy manbai chorvachilik va baliqchilik bo’lgan. 1907-yilda bu yerda jami 240 nafar kishi istiqomat qilgan1.N.K.Romanov tomonidan tashkil etilgan so’nggi qishloq «Konnogvardeyskiy» bo’lib, qishloq 1897-yili Nov va Chinoz o’rtasidan o’tuvchi katta yo’l kesishgan joyda tashkil etilgan. Bu qishloq «Nikolaevskiy» qishlog’idan 12 verst uzoqlikda joylashgan edi2. Yangi ko’chib kelgan sektant-molokanlar dastlab, “Orliniy” va “Sokoliniy” nomli ko’l bo’yidan yer olishgan. 1899-yilda qishloqda 83 nafar rasmiy ruxsatnomaga ega bo’lgan aholi istiqomat qilgan3. 1907-yilda 111 nafar kishidan iborat bo’lgan4. 1914-yilgacha bo’lgan ma’lumotlarda qishloq aholisi 28 xo’jalikdan iborat ekanligi ko’rsatilgan5. 1898-yili hukumat va yer xo’jaligi boshqarmasi boshlig’i S.Yu.Rauner tashabbusi bilan katta yo’l yoqasidagi temir yo’l stantsiyasi (“Golodnaya step”) yaqinida general-gubernator S.I.Duxovskiy sharafiga davlat tomonidan 70-100 xo’jalikka mo’ljallangan qishloq qurish ishlari boshlab yuborilgan. Rejaga ko’ra, «Duxovskiy» qishlog’ida dastlab 70 xo’jalikka mo’ljallangan uylar qurilgan. Afsuski, sharoitning og’irligi, sug’orish ishlarining to’g’ri yo’lga qo’yilmaganligi va qishloqning ma’lum qismida balchiq va ko’l zahirasi saqlanganligi sababli, 1906-yilgacha qishloqda yashovchi aholining soni ko’paymagan. Faqatgina temir yo’l ishchilaridan iborat 10 ta xo’jalik yashagan. Xuddi shu yilda qishloqga Sibirdan ko’chib kelgan 16 xo’jalikdan tashqari, «Chernyaevo» stantsiyasi xizmatchilari va Mirzacho’ldagi boshqa rus qishloqlaridan 60 ta xo’jalik kelib joylashish istagini bildirgan. 1907-yilda qishloq aholisi soni 52 nafardan iborat bo’lgan. Shu yilda boshqa rus qishloqlaridagi ayrim dehqonlar, xususan «Duxovskiy» qishlog’i yaqinida sug’orma dehqonchilik qilish uchun imkoniyat etarli ekanligini ko’rgan «Nijniy Volinskiy» qishlog’i dehqonlari ularga yer ajratib berishni iltimos qilishgan. 1908-yilga kelib bu qishloqdagi xo’jaliklar soni 65 tani tashkil etgan.Mirzacho’lga ko’chib kelib, bu yerda sug’oriladigan ekin maydonlariga egalik qilish istagida bo’lganlar soni ko’paygan. 1906-yilda hukumat mavjud vaziyatni o’rganib, Mirzacho’l temir yo’l stantsiyasi yaqinidagi tajriba yerlaridan jami 1000 desyatina yerni har biri 10 desyatinadan bo’lgan 100 ta xo’jalik ehtiyojlari uchun ajratishga ruxsat bergan. Natijada, 1898-yilda tashkil etilgan Duxovskiy qishlog’i negizida vohada yangi qishloq vujudga kelib, avliyo Spas xotirasiga «Spasskiy» deb atalgan. 1907-yili «Spasskiy» nomini olgan bu yangi aholi manzilgohiga 65 ta oila kelib joylashgan. 1908-yilda Turkiston general–gubernatori ad’yutant P.I.Mishenko Ko’chiruvchilik boshqarmasiga ko’chib kelayotgan dehqonlar va iste’foga chiqqan harbiylarni yer va uy-joy bilan ta’minlash haqida ko’rsatma bergan. Ko’chib kelganlar uchun ajratiladigan yer maydoni miqdori aniqlash bo’yicha ma’muriyatga topshiriq berilgan. Har bir xo’jalik 10 desyatina miqdoridagi yer bilan ta’minlanishi ko’zda tutilgan edi. Ko’rsatmaga asosan bu erga 86 ta oila ko’chib kelgan va 56 ta uy qurilgan. Mana shu yilda ko’chiruvchilik idorasi amaldorlaridan biri bo’lgan Molchanov rahbarligi ostida topograf Ivanov tomonidan Nikolay I kanali atrofidan ko’chib keluvchilar uchun 150 ta yer maydoni ajratib berish ko’zda tutilgan1.
1909-yilda bu erda bo’lgan knyaz Masalskiy uch yil mobaynida yer va hovli oluvchilarga har bir desyatina yer uchun 4 rubl 40 kopeyka miqdorida to’lash sharti qo’yilgan maydonlarni ko’zdan kechirib, ko’chib kelganlar bilan suhbatlashgan2. 1909-yilda «Spasskiy» qishlog’ida yangi xo’jaliklar soni 140 taga etgan3.
Keyinchalik «Spasskiy» va «Duxovskiy» qishloqlari ma’muriy jihatdan birlashgan va shahar tipidagi qishloq paydo bo’lgan. 1911–1914 - yillarda yagona «Spasskiy» nomi bilan ma’muriy hujjatlarda tan olingan, bu vaqtda qishloq aholisi 302 ta oiladan iborat bo’lgan. Vaqt o’tgach, qishloq temir yo’l stantsiyasi nomi bilan Golodnaya step shahri deb atalgan. 1917-yilgi aholini ro’yxatga olish ma’lumotlariga ko’ra shaharda 6977 nafar kishi istiqomat qilgan. Mana shu tarzda bugungi Sirdaryo viloyatining markazi Guliston (1961) shahri shakllangan.
1905–1907 - yillarda Rossiyada bo’lib o’tgan siyosiy voqealar rus dehqonlarining vohaga ko’chib kelish jarayonini kuchaytirgan. Mirzacho’lda yangi rus qishloqlari paydo bo’la boshlagan, ko’chib keluvchi aholining bir qismi Davlat uy–joy bilan ta’minlash boshqarmasi tomonidan ko’rsatilgan yerlarga joylashtirilgan.
Rossiyadan kelgan rus dehqonlarining bir qismi ma’muriyat ruxsatini kutmasdan, bo’sh davlat erlarini o’zboshimchalik bilan egallab olib, yangi qishloqlarni tashkil etgan. 1908-yilda «Nijniy Volinskiy» qishlog’i yaqinidagi «Axmonko’l» ko’li atrofiga baliq ovlash va baliq sotish bilan shug’ullanish maqsadida 4 ta xo’jalik ruxsatsiz ko’chib kelgan1. 1909-yilning bahorida 104 oila ko’chib kelgach, Samarqand viloyati harbiy gubernatori general-leytenat A.S.Galkin ularga bu yerda vaqtinchalik yashash uchun yerto’lalar qurishga ruxsat bergan2. 1909-yilda Farg’onadan yana 4 ta oila ko’chib kelib, bu yerga o’rnashgan3. Ular ko’l atrofida 130 xo’jalikka mo’ljallangan, har biri 1 desyatinadan iborat yer maydonlarini o’zboshimchalik bilan ajratib olgan. 1909-yilning boshlarida bu yerda 120-150 xo’jalikdan iborat katta qishloq mavjud bo’lgan. O’zboshimcha holda kelgan bu xo’jaliklar 1909-yildan e’tiboran ma’muriyat ruxsatisiz davlatga tegishli yerlarda o’zlariga uylar qura boshlagan. Shu sababli bu qishloq nomi «Naxalovka» deb yuritila boshlangan. V.F.Karavaev bergan ma’lumotga ko’ra, «Naxalovka» qishlog’i temir yo’l stantsiyasi atrofida tashkil topgan «Sirdarinskiy» qishlog’idir. “Turkestanskie vedomosti”da yozilishicha esa, Sirdaryo stantsiyasi yaqinida va undan 15 verst uzoqlikda, «Axmonko’l» ko’li atrofida o’zboshimchalik bilan ikkita qishloq tashkil etilgan bo’lib, ulardan biri stantsiya qishlog’i – «Naxalovka», ikkinchisi esa ko’l yonida joylashgan bo’lib, «Axmankulovka» deb atalgan. Sirdaryo sohilidagi ayrim notekis yerlar va ko’l atroflari Davlat yer boshqarmasida sug’orishdan tashqari hisoblanganligi uchun mahalliy aholi bu yerlarda chorvachilik bilan band bo’lgan. Mahalliy aholi ko’l atrofidagi yerlarni ko’chib kelgan ruslar tomonidan egallab olinishidan noroziliklari haqida ko’chib keluvchilar bilan shug’ullanuvchi boshqarmaga ma’lum qilishgan. Bunga javoban boshqarma ko’chib kelgan aholini boshqa yerga ko’chib ketishini e’lon qilgan. Pul topish va daromad izlash maqsadida bir qancha oila temir yo’l stantsiyalari va boshqa qishloqlarga ko’chib ketgan. 1910-yil boshlariga kelib, ular 130 ta oilaga ko’paygan1. Ma’muriyat tomonidan ogohlantirilgan bo’lishiga qaramay, hukumat ularni yer bilan ta’minlashini kutib, «Axmonko’l» da 1910-yil oxirida 27 ta oila qolgan. Dehqonchilik qilish uchun yerga ruxsat berilmasa-da, bu erga yangi xo’jaliklar ko’chib kela boshlagan. 1911–1912 - yillarda Ahmonko’l atrofiga 240 ta oila kelib o’rnashgan. Mahalliy hukumat tomonidan yer bilan ta’minlanmaganligi sababli, 1913-yilda 112 ta oila qolgan2. Sirdaryo temir yo’li stantsiyasidan 7 verst (7,5 km) shimolda «Chorshanba» bozori mavjud bo’lib, mahalliy aholi tomonidan bu yerda har hafta mingga yaqin qoramol, qo’y va echkilar sotilgan. Ko’chiruvchilik boshqarmasi Sirdaryo sohili yaqinida savdo ishlab chiqarish markazini tashkil etish rejasini ishlab chiqqan. Rejada qishloq yirik savdo va ta’minot markaziga aylanishi uchun ko’plab aholini joy bilan ta’minlash zarurligi va aholi tarkibi savdogar, hunarmand va turli ishlab chiqarish sohasi xodimlaridan iborat bo’lishi lozimligi ko’rsatilgan. Bu reja ko’chib keluvchilarga ma’lum bo’lgach, qisqa vaqtda bu yerga ko’chib kelishni hohlagan 3500 nafar kishidan ariza tushgan. 1913-yilning kuzida Sirdaryo temir yo’li qishlog’ining qarama-qarshisida yirik savdo ishlab chiqarish markazi tashkil etilgan. Bu qishloq general-gubernator A.V.Samsonov nomi bilan «Samsonovka» deb yuritila boshlangan. 1914-yil 20-avgustda qishloq aholisi jang maydonida bevaqt vafot etgan A.V.Samsonovning bevaqt o’limi munosabati bilan yig’ilish o’tkazib, uning xotirasi uchun kelgusida bu erda uning nomi bilan ataluvchi shahar barpo etish haqida qaror qabul qilgan1. 1917-yilda bu erda 40 nafar qarovsiz qolgan bolalarga mo’ljallangan etimxona ochilgan2. Yuqorida eslatib o’tilgan «Naxalovka» qishlog’i va ushbu savdo-sanoat markazi negizida keyinchalik vujudga kelgan shahar bugungi kunda Sirdaryo shahri deb ataladi. Ko’chiruvchilik boshqarmasi tomonidan Sirdaryo sohili yaqinida savdo-sanoat markazini tashkil etish rejasi ishlab chiqilgan. «Sirdarinskiy» qishlog’i tashkil topishi 1907-1908 - yillarga to’g’ri keladi, bu vaqtda bu yerda temir yo’l stantsiyasi faoliyat yurita boshlagan. Rossiyaning Evropa qismidan kelgan 65 xo’jalik ularga Sirdaryo temir yo’l stantsiyasi atrofidan yer maydoni ajratishlarini so’rab o’lka ma’muriyatiga murojaat qilgan3. Qishloq aholisini nafaqat ko’chib kelgan rus dehqonlari, temir yo’l stantsiyasidan ish izlab kelganlar ham tashkil etgan. 1908-yilda bu qishloq 25 ta xo’jalikdan iborat bo’lgan bo’lsa, 1913-yilda 32 ta xo’jalikdan iborat bo’lgan. 1913-yil mart oyida Mirzacho’lning shimoli-sharqiy qismida kanal tarmoqlarini va sug’oriladigan maydonlarni kengaytirish maqsadida yangi yer maydonlari tashkil etilgan. Ana shunday hududlardan biri O’rta Osiyo temir yo’lining 121–raz’ezdi yonida tashkil etilgan «Veliko Alekssevskiy» qishlog’i bo’lgan. Qishloq Mirzacho’lning Romanov kanali orqali sug’oriladigan yer fondi hisobidan ajratilgan yerda, Sirdaryo temir yo’l stantsiyasidan Golodnaya step temir yo’l stantsiyasi tomon 12 verst uzoqlikdagi hududda tashkil etilib, 1913-yil 25-noyabrda unga Rossiya imperiyasi shahzodasi Aleksey nomi berilgan. Qishloq Romanov kanali qurilishi yakunlangan vaqtda (1913-yil, 5-oktyabr) tashkil topganligi sababli suv bilan o’sha vaqtdayoq ta’minlangan. Qishloq aholisiga xo’jaliklarini xutor (yakka tartibda xo’jalik yuritish) va otrub (quloq xo’jaliklarini ko’paytirish maqsadida Rossiya hukumati ma’murlari tomonidan jamoaga qarashli erlardan kesib, o’ziga to’q dehqonlarga xususiy mulk qilib berilgan er maydoni) shaklida tashkil etishlari uchun 8 dan 11 desyatinagacha yer maydoni ajratib berilgan. 1914-yil boshlarida qishloqda rasmiy ro’yxatga olingan 62 ta xo’jalik tashkil etilgan1. Boshqa manbada dastlab qishloqda 181 ta xo’jalik mavjud bo’lganligi haqida ma’lumot berilgan2. Mirzacho’lda joylashgan Laylakko’l atrofida 1914-yilda rus qishlog’i tashkil topgan bo’lib, bu qishloq 1912-yilda Turkiston o’lkasida bo’lgan rus ma’muri A.V.Krivoshein nomi berilib, bu qishloq «Krivosheino» deb atalgan. Dastlab qishloqda 138 nafar kishi istiqomat qilgan. Shu yilda Sirdaryo temir yo’l stantsiyasidan uncha uzoq bo’lmagan joyda «Slavyanskiy» qishlog’i tashkil topgan bo’lib, Spasskiy volosti tarkibida bo’lgan. Qishloq aslida 344 xo’jalikka mo’ljallangan bo’lsa-da, 1916-yilda qishloqda 124 xo’jalik istiqomat qilgan.
1916-yilda tashkil topgan «Saratovskiy» qishlog’i faqat birinchi jahon urushidan yarador bo’lib qaytganlar va Georgiy ordeni kavalerlari uchun tashkil etilgan. «Saratovskiy» qishlog’ida 1917-yilda ro’yxatga olingan 31 xo’jalikdan faqat 2 xo’jalik istiqomat qilgan. Qolganlar xo’jaliklarning boshliqlari va oila a’zolari boshqa ishlar bilan mashg’ul bo’lgan yoki bir necha yuz rubl evaziga o’zlariga qarashli yer maydonlarini boshqa dehqonlarga ijaraga bergan.
Rossiyada birinchi jahon urushining boshlanishi arafasida Kavkaz va Zakaspiy o’lkasiga ish izlab kela boshlagan turli millat vakillariga mansub bo’lgan aholining bir qismi Turkiston hududiga kelgan. Ularning tarkibida savdogarlar va sanoat bilan tanish xodimlar ham bor edi. Ko’chib kelgan aholi Mirzacho’ldagi temir yo’l stantsiyalarida ish topish uchun o’rnasha boshladi. Ular Mirzacho’l-1 stantsiyasi atrofiga, suv yetib kelmagan tashlandiq va bo’sh yerlarga o’rnashgan. Stantsiya atrofida hunarmandchilik markazi yuzaga kelgan. Dastlabki vaqtlarda bu yerga mahalliy aholi vakillari ham kelib o’rnashgan. Knyaz N.K.Romanov yerlarida ijarachilarning 60% ini mahalliy aholi va 40% ini rus va boshqa millat vakillari tashkil etgan. Bu qishloq asosan N.K.Romanovga qarashli yerda tashkil topganligi tufayli «Knyajeskiy» qishlog’i deb atalgan. 1914-yilda qishloq aholisi 342 ta jondan iborat bo’lgan. Qishloqdagi savdo rastalari 62 nafar mahalliy aholi vakillari, 19 nafar rus, 15 nafar arman, 7 nafar fors va boshqa millat vakillari savdogarlariga tegishli bo’lgan1.
«Chernyaevo» qishlog’i O’rta Osiyo temir yo’l tarmog’ida yuzaga kelgan yirik savdo va hunarmandchilik qishloqlaridan biri bo’lgan. Qishloq tashkil etilgan 1899-yilda xususiy shaxslarga 103 ta yer maydoni sotilgan, 55 ta yer maydoni esa iste’fodagi quyi lavozim amaldorlariga va Rossiyaning ichki guberniyalaridan kelgan dehqonlarga bepul berilgan2. 1913-yilda «Chernyaevo» qishlog’ida 100 dan ortiq xo’jalikdan iborat bo’lib, aholining 70% ini xizmatchilar, savdogar va hunarmandlar esa 30 % ini tashkil etgan3.
1917-yil boshida Mirzacho’lda 24 ta rus qishlog’i mavjud bo’lgan. Vohada tashkil topgan rus qishloqlarining ayrimlari turli sabablarga ko’ra qisqa vaqt davomida mavjud bo’lgan bo’lsa, boshqalarining keyingi yillardagi rivojlanishi natijasida vohada yangi shaharlar paydo bo’lgan.
Mirzacho’l hududida yangi yerlarni o’zlashtirish va irrigatsiya ishlarini amalga oshirish uchun harakatlar garchi sekinlik bilan bo’lsa-da, davom etdi. Mirzacho’l ham rus muhojirlariga osonlikcha bo’ysunishni istamadi. Metropoliyadan ko’chib kelganlar, ayniqsa, kazaklar va ruslarning aksariyati, o’zlarini bu yerda g’olib mamlakatning vakillaridek his qilishib mahalliy aholiga nisbatan ko’pincha qo’pol muomala qilishgan. Bunday ta’rif, birinchi navbatda, kazaklarga, boshqaruv, harbiy-politsiya tashkilotlaridagi mansabdorlarga, hamda hech qanday ruxsatsiz, o’zboshimchalik bilan ko’chib kelganlarga taalluqli bo’lgan.
Shunday qilib, Mirzacho’lda rus qishloqlari paydo bo’lishida uchta asosiy bosqichni ajratib ko’rsatish mumkin. Birinchi bosqich 1885-1896 - yillarni qamrab olib, bunda rus qishloqlarining tashkil topishi Mirzacho’lni o’zlashtirish ishlarini kengayishi bilan bog’liqdir. Ikkinchi bosqich 1896-1910 - yillarni o’z ichiga olib, Mirzacho’lni o’zlashtrish ishlari davom ettirilishi, o’rta hol rus dehqonlarini imtiyozli shartlar bilan vohaga ko’chib kelishlarini rag’batlantirish, temir yo’l tarmog’i qurilishining boshlanishi va hukumat ruxsatisiz ko’chib kelganlar tomonidan yangi rus qishloqlarining paydo bo’lishi bilan xarakterlanadi. 1910-1917 - yillarni qamrab olgan uchinchi bosqichda vohada o’ziga ham siyosiy, ham iqtisodiy tayanchini vujudga keltirish maqsadini ko’zlagan rus hukumati rejasi asosida yangi rus qishloqlari tashkil etilgan. Agar XIX asrning 70-80 yillarida Rossiya guberniyalaridan Mirzacho’lga ko’chib kelgan aholi kelib-ketib yashagan bo’lsa, XIX asrning 90-yillardan boshlab vohaga ko’chib kelgan aholi muqim yashay boshlagan, ularga hukumat tomonidan ssudalar ajratilgan, xonadonlar soni ko’paygan.
Mirzacho’lda rus qishloqlarining paydo bo’lishi ijobiy ahamiyatga ham ega bo’lib, vohaning iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko’rsatgan.
Xulosa
Tadqiqot natijalari asosida quyidagi xulosalarga kelindi:
- XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Mirzacho’lning barcha qismlari bir xil tabiiy ko’rinishga ega bo’lmay, hududning tog’larga, daryolarga va quduqlarga yaqin joylarida yashash uchun sharoit mavjud edi. Bu esa mazkur hududlarda mahalliy aholining dehqonchilik bilan shug’ullanishi uchun imkoniyat yaratgan. Shu bilan birgalikda, Mirzacho’lning suvsiz hududlari agrar soha uchun umuman yaroqsiz bo’lgan, degan fikr haqiqatga to’g’ri kelmaydi. Chunki, yilning ma’lum davrida ushbu hududlarda ham aholining chorvachilik bilan shug’ullanishi uchun shart-sharoitlar mavjud bo’lgan. Shu sababli Mirzacho’lning barcha hududlaridagi agrar munosabatlarni chuqurroq tahlil etish maqsadga muvofiqligi aniqlandi.
- XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Mirzacho’l turli nomlar bilan yuritilgan bo’lib, bu ta’riflar hududning turli xususiyatlaridan kelib chiqib aytilganligi ma’lum bo’ladi.
- O’rganilayotgan davrda hududda asosan Yuz, Parchayuz, Qirq, Qang’li, Saroy, Qarapchi, Xitay, Qipchoq, Muytyun, Kenagaz, Mang’it, Qo’ng’irot, Suzak va Qoraqalpoq kabi qabila hamda urug’lar yashagan. Ushbu qabila va urug’larning aksariyati Mirzacho’l va uning atrofidagi hududlarga XVI asrda kelib o’rnashgan. Mazkur aholining asosiy qismi dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan.
- XIX asr oxiri – XX asr boshlarida quduqlar, ariqlar hamda kanallar Mirzacho’lni suv bilan ta’minlab turgan. Mahalliy aholi suv inshootlarini qurish va ulardan foydalanish bo’yicha ma’lum bir bilimga ega bo’lgan. Buni quduqlar va mahalliy ariqlarning qurilish strukturasi hamda ulardan foydalanish tartiblarida ko’rish mumkin. Bundan tashqari, Rossiya imperiyasi loyihalarida birinchi navbatda mahalliy ariqlar izlari orqali kanal qazdirish va shu orqali suv chiqarishga harakat qilingan. Bu ularga suvni osonlik bilan chiqarishga imkon yaratgan. Buni 1912-yildagi Tuyatortardan suv chiqarishga intilish, Savot volostida joylashgan ariqlar orqali Nikolay I kanalini o’tkazish va quduqlarlardan suv chiqarishga harakat qilinganligida ko’rish mumkin.
- XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Mirzacho’l aholisining asosiy mashg’ulotlaridan biri chorvachilik bo’lgan. Ayniqsa aholi qo’ychilik bilan keng shug’ullangan. Mazkur hududda yaylovlar bo’lib, ushbu yaylovlardan foydalanishda mahalliy cho’ponlar o’z an’analariga ega bo’lgan. Biroq, mazkur yaylovlardan foydalanish tartiblari mustamlaka davriga kelib bir qancha to’siqlarga duchor bo’ladi. Ayniqsa hududda “o’rmon”larning tashkil etilishi ma’lum bir miqdorda pul to’lash orqali yaylovlardan foydalanishni talab qilar edi. Natijada ayrim chorvadorlar yangi tartibda o’rnatilgan yaylovlardan foydalanish qoidalariga rioya qilgan bo’lsa, ayrimlari chorvachilikni tashlab, o’zining yer maydonida dehqonchilik bilan shug’ullanishga o’ta boshladi. Yana shuni aytish kerakki, mazkur davrda Mirzacho’l yaylovlaridan faqatgina hudud chorvadorlarining o’zi foydalanmasdan, balki Buxoro amirligining chorvadorlari ham o’z podasini boqish uchun foydalanib kelgan. O’z navbatida, mahalliy chorvadorlar ham Nurota, Hisor va Toshkent yaylovlarida o’z chorvalarini boqqanligi manbalardan ma’lum bo’ldi.
- Mirzacho’lda o’zlashtirilishdan avval ham dehqonchilik yerlari mavjud bo’lgan. Bu faqatgina hududning tog’ oldi hududlarida joylashgan qismlariga taalluqli bo’lmay, balki cho’l qismlarning ma’lum joylarida va Sirdaryo bo’ylaridagi yerlarda shudgor maydonlarini uchratish mumkin bo’lgan. Ushbu yerlarga asosan bug’doy, arpa, jo’xori, tariq, no’xat, loviya, kartoshka, maxsar, kunjut, kungaboqar va yo’ng’ichqa kabi ekinlar ekilgan. Hatto ayrim ekin navlarining iqlimga moslashtirilgan turlari bo’lganki, bu ulardan yuqori hosil olish imkonini yaratgan. Sug’oriladigan yerlarning asosiy qismiga bug’doy, arpa va makkajo’xori kabi o’simliklar ekilgan bo’lsa, lalmikor yerlarning asosiy qismi bug’doy bilan qoplangan. Ta’kidlash joizki, shudgor yerlardan olingan hosil Rossiya imperiyasining boshqa hududlariga qaraganda ancha katta miqdorni tashkil etgan.
- XIX asrning ikkinchi yarmiga qadar Mirzacho’l qadimgi sug’orish tarmoqlari butunlay izdan chiqqan, o’zlashtirilmagan juda keng yer maydoniga ega bo’lgan hudud hisoblangan. Mirzacho’lda yangi sug’orish tarmoqlarining barpo etilishi katta miqdordagi qo’riq va bo’z yerlarni o’zlashtirish imkonini bergan. Buning natijasida yangi ekin maydonlari vujudga kelgan. Ayniqsa, Romanov magistral kanali qurilishining yakunlanishi XX asr boshlarida Mirzacho’l iqtisodiy resurslarini o’zgarishiga sezilarli ta’sir o’tkazgan. Mirzacho’lda asosan, sug’orma dehqonchilik, chorvachilik va savdo-sotiq bilan shug’ullanuvchi o’troq rus aholisi shakllangan. XIX asrning oxiri – XX asr boshlarida amalga oshirilgan o’zlashtirish ishlari vohaning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirgan, katta miqdordagi yangi ekin maydonlari paydo bo’lgan. Ammo shunga qaramay, bu siyosat natijasida yangi o’zlashtirilgan erlarda tuproq ustining sho’rlanishi kuchaygan. Sizot suvlarni oqizuvchi zovurlarning etishmasligi, sug’orma dehqonchilik bilan tanish bo’lmagan kelgindi aholining suvdan noto’g’ri foydalanishi natijasida erlar botqoqlarga aylangan va sho’r bosgan. Natijada yuqumli kasalliklar ko’paygan va ekologik vaziyat og’irlashgan.
- Rossiya imperiyasi Turkistonni bosib olgach, o’lkada mustahkam tayanch yaratish maqsadida ko’chiruvchilik siyosatini amalga oshirgan. Natijada o’lkada ko’chirib keltirilganlar tomonidan tashkil etilgan yangi aholi punktlari vujudga kelgan. Jumladan, XIX asrning oxiri - XX asr boshlarida Mirzacho’lda ham mana shunday aholi manzilgohlari paydo bo’lgan. 1885-1896 - yillarda rus qishloqlarining tashkil topishi Mirzacho’lni o’zlashtirish ishlarining keng ko’lamda boshlanishi bilan bog’liq bo’lgan bo’lsa, 1896-1910 - yillarda yangi qishloqlarning paydo bo’lishiga Mirzacho’lni o’zlashtirish ishlarining davom ettirilishi, rus dehqonlarini imtiyozli shartlar bilan vohaga ko’chib kelishlarini rag’batlantirish, temir yo’l tarmog’i qurilishi sabab bo’lgan. 1910-1917 - yillarda Mirzacho’lda tashkil etilgan rus qishloqlari rus hukumatining vohada o’ziga ham siyosiy, xam iqtisodiy tayanchini vujudga keltirish maqsadini ko’zlagan rejasi asosida tashkil etilgan. Mirzacho’lda rus qishloqlarining paydo bo’lishi ijobiy ahamiyatga ega bo’lib, vohaning iqtisodiy, siyosiy va madaniy jihatdan rivojlanishiga ta’sir ko’rsatgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |