Tadqiqot mavzusi bo’yicha adabiyotlar sharhi (tahlili). Tadqiq qilinishi mo’ljallanayotgan muammo bo’yicha yozilgan adabiyotlar tahlili shuni ko’rsatdiki, adabiyotlarda bu masala mustaqil ob’ekt sifatida to’laqonli ravishda yoritilmagan. Ammo mavzuning ayrim jihatlari tarixiy adabiyotlarida o’z aksini topgan bo’lib, ularni davriy jihatdan quyidagi uch asosiy guruhga bo’lish mumkin:
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida chop etilgan nashrlar.
Sovet davri adabiyotlari.
Mustaqillik davri tadqiqotlari.
Shuni alohida qayd etish lozimki, bu adabiyotlar ilmiy-uslubiy va kontseptual jihatdan ham farqlanadi.
Turkiston Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingach, o’lkaning siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlari, uning tarixini o’rganishga qiziqish ortgan. Rossiya imperiyasi hukumati tomonidan Turkistonga yuborilgan ma’muriyat vakillari va rus sharqshunoslari tomonidan XIX asr oxiri – XX asr boshlari Mirzacho’l vohasining ijtimoiy, iqtisodiy ahvoli va tarixiga oid ma’lumotlar to’plangan. Mirzacho’l vohasini XIX asrning ikkinchi yarmidagi ijtimoiy va etno-demografik holati, Rossiya imperiyasining ko’chiruvchilik siyosati va hududga rus aholisining kirib kelishi, bu yerda tashkil topgan rus qishloqlarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga oid ayrim ma’lumotlar Rossiya imperiyasi ma’muriyati vakillari bo’lgan A.I.Maksheev, L.Kostenko, N.Gavrilov, V.I.Masalskiy, A.A.Kushakevich, N.Vasilev, A.Kaufman, A.Kursish, M.M.Bushuev, A.V.Krivoshein, P.Skriplev, A.Kuplast, V.F.Karavaev, V.Voshinin va boshqalarning asarlarida o’z aksini topgan. Shuningdek, Mirzacho’l hududining o’zlashtirilishi, vohada istiqomat qiluvchi mahalliy xalqlar va bu yerda tashkil etilgan rus qishloqlari aholisining xo’jalik va madaniy hayotiga doir ma’lumotlar ayrim rus sharqshunoslari asarlarida umumiy holatda bayon etiladi1.
A.I.Maksheev, A.A.Kushakevich va L.Kostenkolar XIX asrning 60-70 yillarida Mirzacho’l hududida yashagan mahalliy aholining joylashuvi, etnik ahvoli va xo’jalik tarzi, sug’orish tarmoqlari haqida qimmatli statistik ma’lumotlarni ko’rsatib o’tganlar2. N.Gavrilov Turkistonning Sirdaryo, Samarqand va Farg’ona viloyatlaridagi ko’chirish harakatining ahvoliga baho berish bilan bir qatorda, Mirzacho’lni o’zlashtirish masalasi yuzasidan ham qimmatli ma’lumotlarni keltirib o’tgan1.
Mirzacho’lda tashkil topgan rus qishloqlari, ulardagi muammolar haqidagi ayrim ma’lumotlar knyaz V.I.Masalskiy asarida keltirib o’tilgan. Muallif dastlabki davrlarda ko’chib kelganlarning qiyin ahvolga tushib qolishlari sababini, ularning ho’jalik yuritishga no’noqliklarida deb ko’rsatadi. V.I.Masalskiy bu fikri bilan Rossiya imperiyasi ko’chirish siyosatining haqiqiy mohiyatini chetlab o’tishga urinib, umuman bu siyosatni oqlashga uringan2.
P.Skriplev ko’chiruvchilik siyosati natijasida Turkistonga kirib kelgan ruslarning paxtachilikka bo’lgan munosabatlarini Mirzacho’lda tashkil etilgan «Spasskiy» qishlog’i misolida tahlil qilib bergan va qishloqning tashkil topishi tarixi, aholisi, yerdan foydalanish va ijaraga berish tartiblari, xo’jalik yuritish shakllari, asosiy mashg’ulotlari haqida 1898-yildan 1913-yilgacha bo’lgan davrga tegishli ma’lumotlarni keltirib o’tgan3.
A.Kursish asosiy e’tiborni Mirzacho’lning shimoliy-sharqiy qismini o’zlashtirish bo’yicha amalga oshirilgan ishlar, bu jarayonda yo’l qo’yilgan sustkashliklarning sabablarini tahlil qilishga qaratib, 1913-yilda ochilgan Romanov kanalini yevropa usulida barpo etilgan Turkistondagi birinchi yirik sug’orish inshootidir, deb ta’rif bergan. N.K.Romanov tomonidan Nikolay I kanalini qurish ishlari nihoyasiga etkazilgach, Mirzacho’lda qishloq xo’jaligi sohasi jadal rivojlana boshlaganligini ta’kidlab o’tgan4.
Mirzacho’l vohasining geografik joylashuvi, sun’iy sug’orish ishlari, aloqa yo’llari, bozor, maktab, kasalxona va cherkovlari, shuningdek Mirzacho’l tajriba dalasi faoliyati, rus qishloqlari aholisining xo’jalik yuritish shakllari xaqida A.P.Kuplast umumlashtirilgan ma’lumotlarni bergan. Muallif rus dehqoni Kuzma Retunenkoning xo’jalik yuritish tartibi bilan tanishib, ko’chib kelgan dehqonlarga uning xo’jaligini namuna sifatida ko’rsatgan1.
V.F.Karavaev asarida 1914-yilga qadar Mirzacho’lda tashkil topgan 12 ta rus qishloqlari qayd etiladi hamda ularning tashkil etilishi tarixi, joylashgan o’rni, iqtisodiy ahvoli, ijtimoiy va diniy tarkibi haqida asosan statistik xarakterga ega ma’lumotlar berilgan. Davlat mulklari va dehqonchilik Boshqarmasi iqtisodiy ishlar bo’yicha mudiri lavozimida ishlagan V.F.Karavaev rus qishloqlaridagi ahvolni bo’rttirib, Rossiya imperiyasi hukumatining ayrim ma’murlari faoliyatini oqlashga harakat qilgan2.
Agronom V.Yuferov Turkiston general-gubernatorligi, jumladan Mirzacho’l aholisi, yerga egalik qilish shakllari, asosiy ekin turlari, sabzavotchilik, bog’dorchilik va uzumchilik, chorvachilikni ahvoliga umumlashtirilgan tarzda baho bergan. Shu bilan birga bu yerda tashkil topgan rus qishloqlari, ularning ijtimoiy tarkibi, mahalliy va ko’chib kelgan aholining xo’jalik yuritish tartiblari, to’lov va majburiyatlar turlari haqida qimmatli ma’lumotlarni keltirib o’tgan3.
V.V.Bartold Turkiston general-gubernatorligi Kaspiyorti, Farg’ona, Ettisuv va Sirdaryo viloyatlarida rus qishloqlarining tashkil topishi sabablari, ularning xo’jalik va turmush tarzi, aholining diniy tarkibi haqida umumlashtirilgan holatdagi ma’lumotlarni bergan, shuningdek Rossiya imperiyasi hukumati tomonidan Mirzacho’l vohasining o’zlashtirilishi, vohada tashkil topgan «Zaporojskiy», «Spasskiy», «Veliko Alekseevskiy» kabi rus qishloqlari to’g’risida ayrim ma’lumotlarni keltirib o’tgan4. Shuningdek, Turkistonning sug’orilishi va o’zlashtirilishi tarixiga oid tadqiqotlarida Mirzacho’l vohasining o’zlashtirilishi masalalariga doir ba’zi tahliliy fikrlarini bayon etgan.
Sovet davrida XIX asr oxiri – XX asr boshlari Mirzacho’l vohasi tarixiga oid bir qator monografiya va maqolalar chop etilgan. Ayniqsa, 1956-yilda sovet hukumati tomonidan Mirzacho’lni yalpi o’zlashtirish haqidagi qaror qabul qilingach, hududni o’zlashtirish tarixi bilan qiziqish kuchayadi, bu masalaga bag’ishlangan bir qator tadqiqotlar yaratiladi. Bu ishlarda tarixiy voqealarga sinfiy nuqtai nazardan baho berilgan. I.P.Markov, P.D.Vereshagin, A.E.Nerozin, N.N.Leonova, N.I.Leonov, A.Abdunabiev, Z.R.Nuriddinov, E.Islamov, H.Ziyaevlar tadqiqotlarida Mirzacho’lning tabiati, iqlimi va Rossiya imperiyasi tomonidan amalga oshirilgan ko’chiruvchilik siyosati, aholining etnik tarkibi va vohaning o’zlashtirilishi tarixiga qisqacha to’xtalib, asosiy e’tiborni sovet davrida Mirzacho’lni o’zlashtirilishi masalalariga qaratganlar, vohada tashkil topgan rus qishloqlarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga maxsus to’xtalmaganlar.
A.I.Ginzburg XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Rossiya imperiyasining ko’chiruvchilik siyosatidan ko’zlagan siyosiy va iqtisodiy maqsadlarini qanday amalga oshirilganligi, uning oqibatlariga sinfiy nuqtai nazardan baho berib, ko’chib kelgan aholining asosiy qismi Rossiyaning kambag’al aholisi bo’lganligini, ularni o’lkaga kirib kelishlariga ersizlik, ochlik, muhtojlik sabab bo’lgan degan xulosani beradi. Turkistondagi asosiy ko’chiruvchilik rayonlari sifatida Sirdaryo, Samarqand, qisman Farg’ona viloyatlarini sanab o’tib, Mirzacho’lga rus aholisining ko’chib kelishini ayrim jihatlariga e’tibor qaratgan, xolos1.
Dastlabki rus qishloqlari tarixiga oid ba’zi ma’lumotlarni R.S.Igamberdiev, A.A.Razzoqovlar Mirzacho’lning o’zlashtirilishi tarixi bilan bog’lagan holda berganlar2. Mualliflar asosiy e’tiborni sovetlar davrida vohaning o’zlashtirilishi bo’yicha amalga oshirilgan ishlar, ularning iqtisodiy ahamiyatiga qaratganlar.
R.S.Igamberdiev asarlari Mirzacho’l vohasining o’zlashtirilishi tarixiga bag’ishlangan bo’lib, unda mustamlaka davrida tashkil topgan rus qishloqlari haqida umumlashtirilgan tarzda ma’lumotlar berilgan1.
N.Kasimov Mirzacho’l va Dalvarzinda rus qishloqlarining tashkil topishi tarixiga o’sha davrda hukmron markscha-lenincha metodologiya asosida baho berib, rus aholisining O’rta Osiyoga kirib kelishining progressiv ahamiyat kasb etganligini alohida ta’kidlaydi.
B.Aminov «Mirzacho’l aholisining shakllanishi» nomli nomzodlik ishida mirzacho’l aholisining XIX asr oxiri va XX asrning 60- yillaridagi etnik tarkibiga e’tibor qaratib, bu davrda vohada istiqomat qilgan boshqa xalqlar qatorida rus aholisining etnik ahvoli va rus qishloqlarining tashkil topishi tarixiga qisman to’xtalib o’tgan. Shuningdek, tadqiqotda 1920-yilda o’tkazilgan aholini ro’yxatga olish2 natijalari tahlili asosida Mirzacho’lda istiqomat qilgan rus, ukrain, belorus, qozoq, tojik, arman, fors, tatar va nemis aholisining soni, ularni uyezdlar va volostlar bo’yicha taqsimlanishi haqida ma’lumotlar berilgan3.
E.X.Xodjiev tadqiqotlarida 1917-1919 - yillarda Mirzacho’l vohasidagi rus qishloqlari iqtisodiy ahvoli, bu yillarda vohani o’zlashtirilishi ishlari haqida statistik ma’lumotlar keltiriladi.
A.P.Fomchenko Turkistondagi Rossiya imperiyasining ko’chirish siyosatiga baho berib, bu siyosatning o’ziga xos jihatlariga e’tibor qaratib, Mirzacho’lda tashkil topgan ayrim rus qishloqlari haqida arxiv hujjatlarini tahlil etib, umumlashtirilgan holatda o’z xulosalarini keltirib o’tgan2.
O’zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so’ng XIX asrning oxiri – XX asrning 60-yillarida Mirzacho’l vohasining o’zlashtirilishi tarixi, vohada istiqomat qilgan mahalliy aholining ijtimoiy, iqtisodiy, etnik, demografik ahvoli, shuningdek, Rossiya imperiyasi tomonidan Turkistonda amalga oshirilgan ko’chiruvchilik siyosatining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari, vohaga rus aholisining kirib kelishi va ularning mahalliy aholi bilan munosabatlari, mahalliy muhitga moslashuv jarayonining ayrim masalalari yangi metodologik nuqtai nazardan H.Ziyaev, Sh.G’afforov, A.Qodirov, N.Musaev, O.Ata-Mirzaev, V.Genshtke, R.Murtazaeva, U.Alibekov, S.Z.Mamajonova va Z.K.Ashirboeva, N.J.Mirzaeva1, A.Bazarbaev2 larning tadqiqotlarida yoritildi.
H.Ziyaev o’z ishlarida Mirzacho’lning o’zlashtirilishi va sun’iy sug’orishni bir muncha jonlantirilishi natijasida bir necha rus qishloqlari tashkil topganligi to’g’risida fikr bildirgani holda, ushbu qishloqlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga
maxsus to’xtalmagan3. Shuningdek, o’lkada sun’iy sug’orish bo’yicha amaliy ishga nisbatan qidiruv va loyihalash ishlari salmoqli bo’lganligi, ammo Mirzacho’lda sun’iy sug’orishni rivojlantirish bo’yicha G.K.Rizenkampf, V.Chikov va boshqalarning hukumat vakillariga tavsiya etgan ish rejalarini to’la amalga oshirilmaganligi haqida o’z fikrlarini bildirgan.
Sh.G’afforov Rossiya imperiyasi hukumatining ko’chirish siyosatini turkistonda amalga oshirilishi masalasiga e’tibor qaratgani holda bu siyosatning Mirzacho’lda qanday namoyon bo’lganligiga batafsil to’xtalmagan4. O.Ata-Mirzaev, V.Genshtke, R.Murtazaeva va U.Alibekov5 lar Mirzacho’l vohasidagi demografik jarayonlarga Rossiya imperiyasi ko’chirish siyosatining ko’rsatgan ta’siri masalalariga qisman to’xtalib o’tilgan.
Rossiya imperiyasi hukmronligi davrida Mirzacho’lning o’zlashtirilishi oqibatlari va xorijiy tadbirkorlarning, xususan amerikaliklarning 1903-yilda o’rta osiyoga kelgan ekspeditsiyasining Mirzacho’lni o’zlashtirish istiqbolini aniqlash yuzasidan olib borgan ishlariga A.Qodirov, N.Musaev, S.J.Mamajonova tadqiqotlarida o’z aksini topgan1.
Z.K.Ashirboeva «XIX asr oxiri – XX asr o’rtalarida Mirzacho’lning o’zlashtirilishi» nomli nomzodlik ishida XIX asrning 80-yillarida boshlangan yirik irrigatsiya-melioratsiya ishlari natijasida mirzacho’lda paydo bo’lgan rus qishloqlari haqida umumiy ma’lumotlarni keltirib o’tgan. Tadqiqotda Z.K.Ashirboeva rus aholisining Mirzacho’lga kirib kelishi hududdagi demografik holatga qanday ta’sir etgani, rus qishloqlarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, ko’chib kelgan aholining mahalliy aholi bilan munosabatlari, aholining diniy, etnik tarkibi to’g’risida alohida to’xtalmagan2.
A.Bazarbaevning “XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Mirzacho’lda agrar munosabatlardagi o’zgarishlar” mavzusidagi dissertatsiyasida vohadagi tabiiy sharoit va qadimgi aholi joylashuvi, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Mirzacho’lda agrar munosabatlardagi o’zgarishlar haqida qimmatli ma’lumotlar berilgan. Ammo ushbu ma’lumotlar tahlilida asosiy e’tibor agrar munosabatlarga qaratilgan bo’lib, etnik nuqtai nazardan baho berilmagan.
U.Alibekovning “Buxoro va Qo’qon xonliklari tutash hududlarida siyosiy-etnik jarayonlar” nomli risolasida XVIII – XIX asrning birinchi yarmida Turkiston, Molguzar tog’ tizmalari va Mirzacho’ldagi etnik jarayonlar vohadagi siyosiy hayot bilan bog’lab tahlil qilingan qilingan va vohaning etnik xaritasi shakllantirilgan. Ikki xonlik chorrahasidagi siyosiy-ijtimoiy jarayonlar ekoomillar bilan bog’lab o’rganilgan.
Rossiyalik olima O.I.Brusina slavyanlarning O’rta Osiyoga kirib kelish bosqichlari, ularning etnik ahvoli haqida ma’lumot berib, rossiya imperiyasi va sovet davrida turkiston o’lkasida, jumladan mirzacho’lda tashkil etilgan rus qishloqlari aholisining ijtimoiy ahvoli to’g’risida A.Fomchenko, N.Kasimov, I.Ginzburg tadqiqotlari, shuningdek A.V.Stanishevskiy tomonidan jamlangan arxiv ma’lumotlariga tayangan holda va shaxsan o’zining kuzatuvlari asosida ma’lumotlar bergan. Muallif tadqiqotida mahalliy va ko’chib kelgan aholi o’rtasidagi o’zaro munosabatlarni Marg’ilon va Namangan uezdlaridagi «Russkoe selo» va «Ketmontepa» nomli rus qishloqlari misolida yoritgani holda, bunday munosabatlar Mirzacho’lda tashkil etilgan rus qishloqlarida qanday namoyon bo’lganligi aks etmagan. Muallif kanal qurilishi ishlariga jalb etilganlar va yer qazuvchilar posyolkalari sifatida vujudga kelgan dastlabki rus manzilgohlari aholisining dehqonchilik ishlari bilan shug’ullana boshlashi va qishloqlarning keyingi yillardagi taraqqiyoti natijasida posyolkalar slavyanchasiga «selo», ya’ni qishloqlar deb atala boshlanganligini tadqiqotida qayd etib o’tgan1.
Shuningdek, magistrlik tadqiqot ishining manbaviy asoslarini quyidagi 3 guruhga ajratish mumkin: аrxiv hujjatlari, davriy matbuot nashrlari ва rasmiy hisobot va statistik ma’lumotlar.
Birinchi guruhga kiritilgan manbalar O’zbekiston respublikasi Markaziy davlat arxivi (O’ZR MDA) ning Rossiya imperiyasi davriga oid I-1, 7, 16, 17, 18, 21, 33, 36, 40, 69, 87, 113-fondlari hujjatlaridir..
Ikkinchi guruhga oid manbalar qatoriga asosan 1870-yildan 1917-yilgacha nashr etilgan davriy matbuotdan olingan materiallar kiradi. Jumladan, Rossiya imperiyasi ma’muriyatining rasmiy nashrlari bo’lgan «Turkestanskie vedomosti», «Tashkentskiy kurer», «Sredneaziatskaya jizn», «Russkiy turkestan» gazetalari va «Turkestanskoe selskoe xozyaystvo» jurnalida1 chop etilgan voha tarixiga oid qiziqarli maqola va kichik xabarlar, shuningdek «turkestanskiy sbornik» to’plamidan o’rin olgan turli davriy nashrlar materiallari sinchiklab ko’rilib, ulardan Mirzacho’lda tashkil topgan rus qishloqlarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, ko’chib kelgan aholining mahalliy aholi bilan munosabatlari masalalariga tegishli ma’lumotlar olindi.
Xususan, «Turkestanskoe selskoe xozyaystvo» jurnalida nashr etilgan I.Kashkin, K.N.Vladimirov, A.Miroshnichenko, M.M.Bushuev maqolalarida Mirzacho’l vohasi tarixiga oid turli mazmundagi ma’lumotlar keltirilgan.
Uchinchi guruhga tegishli manbalarda tadqiq etilayotgan davrda Mirzacho’lda Rossiya imperiyasi hukumati tomonidan olib borilgan mustamlakachilik siyosatining ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlari aks ettirilgan jihatlari, Mirzacho’lda olib borilgan o’zlashtirish va ko’chirish siyosati, bu jarayonlarga munosabat masalalariga to’xtalib o’tilgan. Shuningdek bu manbalarda Mirzacho’lda rus qishloqlarining paydo bo’lishi tarixi, ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli, ko’chib kelgan aholining muhitga moslashuv jarayonida vujudga kelgan muammolar, shuningdek, rus qishloqlari aholisining milliy va diniy tarkibi bilan bog’liq jarayonlar yoritilgan1.
Mirzacho’l aholisining etnik tarixiga oid adabiyotlar tahlili shuni ko’rsatadiki, ularda asosan muammoga tegishli jihatlarga qisman e’tibor qaratilgan. Tadqiqotchilar tomonidan mavzuni o’rganishga turli nuqtai nazardan yondoshilganligi va uni bugungi kun talablari nuqtai nazaridan ko’rib chiqilmaganligi ushbu tadqiqot mavzusini atroflicha yoritish ehtiyojini tug’dirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |